Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/04 00:00 Sevilya 2-1 Malyorka
23/04 20:30 O‘zbekiston 3-0 Vyetnam
23/04 20:30 Kuvayt 2-1 Malayziya
24/04 00:00 Arsenal 5-0 Chelsi
24/04 12:00 Tojikiston - Afg‘oniston
24/04 14:00 Eron - Qirg‘iziston
24/04 16:00 Tailand - Iroq
24/04 19:00 O‘zbekiston - Vyetnam
24/04 22:00 Loryan - PSJ
24/04 23:45 Vulverhempton - Bornmut
25/04 00:00 Kristal Pelas - Nyukasl
25/04 00:00 Man. Yunayted - Sheffild Yunayted
25/04 00:00 Everton - Liverpul
25/04 00:00 Monako - Lill
25/04 00:00 Marsel - Nissa
25/04 19:00 Qatar - Yaponiya
25/04 22:30 Janubiy Koreya - Indoneziya
26/04 00:00 Brayton - Manchester Siti

Radoslav Aleksich: «Andijonlik muxlislarni aslo unutmayman»

Radoslav Aleksich: «Andijonlik muxlislarni aslo unutmayman»

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

O‘zbek futbolida o‘z mavqei va sodiq muxlislarga ega «Andijon» jamoasi joriy yilgi chempionat startida chakki ko‘rinmagan bo‘lsada, dastlabki 3ta turda g‘alaba nimaligini bilmadi. Vodiyliklar 1-turda «Lokomotiv» maydonida mardonavor kurashgan holda, ortga kichik hisobli mag‘lubiyat bilan qaytishdi.

Keyin Qarshida yana shu ssenariy takrorlandi. 3-turdan o‘rin olgan «Vodiy derbisi» («Navbahor»ga qarshi)da esa kuchlar teng keldi. Xullas, joriy mavsum yaxshi natijalarga da’vo qilishi aytilgan «Andijon» majburiy tanaffusga g‘alabasiz chiqqan 4ta jamoadan biri bo‘ldi. Aslida avvalgi mavsum boshida ham shunday muvaffaqiyatsizlik kuzatilgan va jamoa keyinchalik o‘yin bobida o‘sib borgandi. Ayniqsa, boshqaruvga Aleksandr Xomyakov taklif etilgach, futbolchilar yanada jipslashishdi. Yangi murabbiy jumladan, legionerlar xizmatidan joyida unumli foydalanish yo‘lini topdi. Deylik, mavsumning birinchi qismida maydonda nimasi bilandir yaqqol ajralib turmagan Radosav Aleksich ikkinchi davrada ajoyib o‘yin namoyish qilib, muxlislar qalbidan joy oldi. Qisqasi, serbiyalik futbolchi yomon taassurot qoldirmadi, aksariyat uchrashuvlarda jamoa joniga oro bo‘ldi, ishonchni oqladi. U «Andijon» bilan 1 yillik shartnoma tuzgandi va mavsum yakunida jamoa bilan xayrlashdi. Yaqinda ijtimoiy tarmoq orqali Radosav bilan bog‘lanib, ba’zi savollarga javob oldik. Aytish joiz, Aleksich ham ko‘plab legionerlar kabi andijonlik muxlislarga alohida minnatdorchilik bildirdi.

 

- Salom Radosav, ishlaringiz yaxshimi? O‘tgan mavsum «Andijon» safida chakki to‘p surganingiz yo‘q. Biroq mavsum yakunlangach, jamoa bilan xayrlashdingiz. Nima, qolishingizni xohlashmadimi?

- Avvalo, aytishim kerak, faoliya­timda ilk marta legioner sifatida o‘ynadim. To‘g‘risi, uydan yiroqda yashashda biroz qiynaldim, yana til masalasida mushkulotlarga duch keldim. Chunonchi, klub safidagi yagona serbiyalik edim. Avvaliga menga uncha ishonch bildirishmadi, ko‘plab uchrashuvlarni zaxirada kuzatishga majbur bo‘ldim. Xayriyatki, yangi bosh murabbiy kelgach, u bilan tezda til topishdik. O‘yinimning yaxshilanishida aynan Xomyakov katta o‘rin tutdi - u menga yetarlicha imkoniyat berib, doimiy ravishda asosiy tarkibdan joy ajratdi.

- Mavsum boshida «Andijon» oldiga 6-7-o‘rinlarni egallash vazifasi qo‘yilgandi. Keyinchalik vaziyat butunlay o‘zgardi va Superligada qolish uchun kurash olib borishinglarga to‘g‘ri keldi.

- Ha, jamoaning ikkinchi davradagi holatidan kelib chiqsak, asosiy maqsad kuchlilar safida qolishga aylandi. Muhimi, Superligadan tushib ketmaslik missiyasini bajara oldik. Menimcha, avvalgi mavsum «Andijon» uchun xayrli yakunlandi.

- Chetdan kelgan kishiga mamlakat futboli saviyasi qandayligi yaqqolroq bilinadi. Xo‘sh, o‘zbek futboli haqida nima deya olasiz?

- O‘zbekistonda futbol birinchi raqamli sport turi sanalashini bilardim, shunga yarasha e’tibor ham kuchli ekan. Saviyaga kelsak, yurtingizda sharoitlar joyida - stadionlar, kiyi­nish xonalari, mashg‘ulotlar maydonlari talab darajasida. Shaxsan men Superligani Serbiya Premyer-Ligasiga taqqosladim. To‘g‘ri, O‘zbekistonda «Paxtakor» boshqa jamoalardan yaqqol ustun. Qolgan ishtirokchilar darajasi deyarli teng. Muxlislar tashrifi masalasida Superliga biroz oldinda. Deylik, «Andijon»ning o‘z maydonidagi har bir o‘yinini kamida 10 ming muxlis kuzatdi. 

- Eshitishimizcha, davralar oralig‘ida boshqa jamoalardan takliflar olgan ekansiz...

- Ha, bir necha klub vakillari xizmatimga qiziqish bildirishdi. Lekin o‘sha payt «Andijon» bilan shartnomam bor edi. Yaxshi takliflar tushsa, balki yana O‘zbekistonga qaytarman...

- Andijonlik muxlislar yurtimizda alohida ajralib turishadi, ular jamoa quyi ligaga tushib ketgan vaqt ham futbolchilarni yolg‘izlatib qo‘yishmagandi...

- Jamoa muxlislari haqida faqat va faqat ijobiiy fikr bildirishim mumkin. Ular men uchun O‘zbekistondagi eng yaxshi fanatlar hisoblanishadi. Xullas, andijonlik muxlislarni aslo unutmayman. Hozir salbiy jihatlar yoki o‘xshamagan narsalar, kamchiliklarni gapirmayman. Nima uchun? Chunki xotiramga faqat yaxshi kunlar, ijobiy voqealar muhrlandi.

- Klub futbolchilar oldida maosh hisobidan qarzdor bo‘lib qolgandi...

- To‘g‘ri, orada moliyaviy muammolar yuzaga chiqdi. Lekin bu endi tarix va o‘sha holatni eslashni ham istamayman.

- Aleksandr Xomyakovning mavsum startidayoq iste’foga chiqarilganiga munosabatingiz...

- Xomyakovni bo‘shatishgani chakki bo‘libdi, bu haqda eshitib, afsuslandim. Shuni aytishim mumkinki, uning malakali mutaxassis ekanligiga shubha yo‘q. Xomyakov bilan o‘rtamizda samimiy munosabat shakllangandi. Menimcha, u jamoani yomon boshqarmadi. Deylik, ikkinchi davrada natijalarimiz ijobiy tomonga o‘zgardi. Har holda, o‘yin bobida hech qaysi raqibga yutqazmadik, ayrim o‘yinlarda yaqqol ustunlik ham qildik. Xullas, Xomyakovga imkoniyat berishganida, u vaziyatni yana o‘nglardi, albatta.

A.ISKANDAROV suhbatlashdi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 09:36, 23.05.2020.
O'qildi: 3791 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.