To‘g‘ri, pandemiya davrida Millatlar Ligasi turniri ko‘pchilikka malol kelmoqda. Ba’zi futbolchilar uzoq davom etgan mavsumdan tiklanib olishga ulgurmasdan javob olishmoqda, ba’zilar yangi klublari bilan shartnoma imzolagani ketishgan, ba’zilarda virus...
Lekin shunday bo‘lsa hamki, Yevropa chempionati o‘tkazilmagan mavsumda terma jamoalar ishtirokidagi qandaydir o‘yinni ko‘rish ishtiyoqi bor odamda. Shaxsan menga bugun Florensiyadagi “Artemio Franki” o‘yingohida saflanadigan Italiya va Bosniya termasining holati qiziq. Bolqonliklar tarkibida jiddiy yo‘qotishlar borligi uchun – Djeko o‘tkazib yuborishi mumkin, Pyanich javob so‘ragan – ko‘proq skuadro adzurraning yangi avlodi bilan jiddiy tanishib chiqish niyatim bor.
“Inter” vakili Bastoni, “Sassuolo”dan ikki debyutant – Lokatelli va Kaputo A seriyaning shu yilgi kashfiyotlari emasmi? Ko‘rish zavqli emasmi mavsum taqdim etgan yangi nomlarni?!
33 yoshida terma jamoadan taklif olgan Franchesko Kaputo yig‘lab intervyu berdi: “Skuadro adzurra doimgi orzum bo‘lgan, lekin chaqirishlariga ishonmaganman. Hozirgi ahvolimni tushuntirib bera olmayman. Qisqacha aytsam, dunyoning eng baxtiyor odami menman!”
Jorjo Kyellinini ham uzoq tanaffusdan so‘ng ko‘rishimiz mumkin bugun. Afsus, “Milan”ga o‘tayotgan Tonali va “Yuventus” vakili Bernardeski jarohat olgani bois, o‘yinda qatnasha olmaydi.
Bosniya va Gersogovina termasi ustozi Bayevich bu jamoada ilk o‘yinini o‘tkazadi. Oldingi murabbiylarga qaraganda ancha qattiqqo‘llik ko‘rsatgan mutaxassisni vatanidagi ko‘pgina agent va menejerlar termaga olinmagan mijozlari uchun suymasliklarini, iloji bo‘lsa, Florensiyada mag‘lubiyatga uchrashini kutishayotganini o‘qigandim. Bosniya matbuoti esa, uning debyuti omadli chiqishini istamoqda. Shoyadki, “qora ishlar”ga barham berilsa, degan ma’noda.
Ko‘ryapsizmi, hozirda “og‘irligi tushayotgan” turnirdan ham yaxshigina intriga va motivasiya topsak bo‘ladi. Soat 23:45 da boshlanadigan Italiya – Bosniya o‘yinini Futbol TVda birgalikda tomosha qilishga taklif etaman.