Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Italiyaga kelishi, uylanishining ta’siri va ko‘zdagi yosh haqida. Eldor Shomurodov bilan katta intervyu

Italiyaga kelishi, uylanishining ta’siri va ko‘zdagi yosh haqida. Eldor Shomurodov bilan katta intervyu

Baho:
+ | -

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va «Jenoa» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov Rossiyaning Sport24 nashri uchun katta intervyu berdi. Ushbu intervyuni saytimiz o‘quvchilariga ilindik.


— "Jenoa" bilan shartnoma tuzgach terma jamoa ixtiyoriga uchib ketdingiz. Hozir qayerdasiz?

— Istanbul aeroportida. "Jenoa"dan O‘FAga murojaat qilishdi va meni vaqtliroq qo‘yib yuborishlarini so‘rashdi. Terma jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov va butun shtabga rahmat aytaman. Ular meni qo‘yib yuborishdi. Albatta, agar rasmiy o‘yinlar bo‘lganida terma jamoadan bunchalik vaqtli ketmasdim.

— "Jenoa"ga o‘tish qanday yuz berdi?

— Barchasi juda tez bo‘ldi. Qahhor qo‘ng‘iroq qildi (Qahhor Mo‘minov — ProSport Management vakili) va shunday variant borligini aytdi. Darrov rozi bo‘ldim. Yoshligimdan Yevropada o‘ynashni orzu qilaman. Boshidan shunga intilardim. Qaysi davlat yoki qaysi klubda farqi yo‘q, shunchaki o‘zimni o‘sha yerda sinab ko‘rmoqchi edim.

 — Rossiyada o‘ynayotgan ko‘pchilik oxirigacha MYU yoki "Barsa"dan taklifni kutishadi. Top-klub bo‘lmasa yaxshisi Rossiyada qolgan ma’qulmi?

— Senga top-klub taklif yuborishini kutishdan ma’no yo‘q. Vaqt yo‘qotilgani qoladi xolos! Men ham "Rostov"da qolishim mumkin edi, bu yerda barchasi menga yoqardi, o‘zimni qulay his qilardim. Ammo miyamda Yevropa orzusi aylanaverardi. Shu bois imkoniyat bo‘lishi bilan ishga kirishdim.

— So‘nggi pallada sizga "Verona" va "Fiorentina" ham qiziqayotgani haqida xabarlar chiqdi. Bu variantlarni ham ko‘rib chiqdingizmi?

— To‘g‘risi yo‘q, ammo xabarim bor. Buni internet orqali o‘qidim. O‘sha paytda "Jenoa" bilan so‘nggi detallarni hal qilayotgandik. Boshqa variantlar haqida o‘ylamadim.

— Yozda yana qaysi davlatlardan takliflar bo‘ldi?

— Ispaniyadan bo‘ldi. Belgiyadan "Genk" qiziqqandi. Shu yil boshida esa "Shtutgart"dan taklif bo‘lgandi.

— "Jenoa" varianti paydo bo‘lgach Karpin qanday reaksiya bildirdi?

— Unga darhol o‘zimni sinab ko‘rmoqchiligimni aytdim. U shunday javob berdi: "Futbolchi sifatida seni tushunaman, ammo murabbiy sifatida ketishingni xohlamayman — menga "Rostov"da keraksan". Biroq rahbariyat rozi bo‘lsa bu transferga qarshi bo‘lmasligini aytdi. Undan va klubdan orzum ushalishi uchun yordam berishgani uchun minnadorman.

— Xayrlashuv videosida Karpin sizga "yig‘lama" dedi. Rostan ko‘zingizga yosh keldimi?

— Tan olaman, ko‘zlarimga yosh keldi. Bir tomondan nimaga intilgan va nimani orzu qilgan bo‘lsam o‘shalar ushalayotganini his qilardim, boshqa tomondan esa ketish og‘ir edi.

— Karpin sizga instagramda: "Arzimaydi, qiyshiqoyoq" deb yozganiga qanday reaksiya bo‘ldi?

— Barchasi joyida (kuladi). Bu hazil ekanini tushundim. Mashg‘ulotlar vaqtida ko‘pincha shunday so‘zlarni eshitardim. Karpin bilan doim munosabatlarimiz a’lo darajada bo‘lgan. Misol uchun, ketishimdan oldin Valeriy Georgich kulib: "Sen qiyshiqoyoqni qaysi klub bunchalik ko‘p pulga sotib oladi?!" degan edi.

— "Spartak"da Karpinning hazillariga ko‘pchilik xafa bo‘lardi.

— Men hazilni tushunaman. Ammo Georgich bilan ko‘pincha jiddiy, hatto keskin suhbatlar bo‘lardi. Uni doim rost gapirgani uchun hurmat qilaman. Unga hatto nima deb javob berishni ham bilmasdim: Karpin o‘zi ham futbol o‘ynagan, shu bois aytganlari to‘g‘ri chiqadi.

— "Jenoa"da 61-raqamni oldingiz. Bu Rostov viloyatining regional raqami?!

— Bu taklifni do‘stim aytdi. "Agar raqamni tanlab ulgurmagan bo‘lsang 61-raqamni oldi — bu Rostov viloyati kodi, muxlislar xursand bo‘lishadi" degandi. "Jenoa"da 14-raqam band edi, shu bois "Rostov" muxlislari va klubga minnatdorchilik ramzi sifatida 61-raqamni oldim.

— Sizdan Ronaldudan ko‘proq gol urasizmi deb so‘rashgandi. Keling, biroz darajani pasaytiramiz: Miranchukdan ko‘proq gol ura olasizmi?

— Gol urish uchun raqobatda g‘olib bo‘lish kerak. Mening birinchi maqsadim — asosiy tarkibda muqim joy egallash. Gollar sonini keyin sanayveramiz.

— Aytaylik, "Zenit" "Jenoa" bergan puldan ko‘proq berganida, baribir Italiyaga ketarmidingiz yoki Rossiyada qolarmidingiz?

— Baribir ketardim, sababi agentimga doim bir gapni aytardim: Birinchi navbatda Yevropa, keyin boshqalar. Bungacha menda Qatar, Saudiya Arabistoni va Xitoydan takliflar bor edi, ammo ularni hatto ko‘rib chiqmaganman. Pullar — eng asosiysi emas.

— "Jenoa"dagi maoshingiz "Rostov"dagidan ko‘proqmi?

— Ha.

— Ko‘pchilik xayron qoldi: "Italiya klubi 8 oy ichida 3ta gol urgan hujumchini nima qiladi" deyishdi. Sermahsullik nima uchun bunchalik pasayib ketganiga qandaydir sabab bormi?

— Bu juda qiyin savol. tushintirish qiyin… Menimcha karantin ko‘p narsaga ta’sir qildi. Bizni alohida xonalarga qamab qo‘yishdi — faqat u yerda velosiped aylantirish va press qilish mumkin edi xolos. Bu barchaga turlicha ta’sir qildi: kimdir tezda jismoniy holatini yaxshiladi, ammo menda bu jarayon uzoq davom etdi.

— Karpin Shomurodov uylangani sababli kam gol urmoqda degandi.

— Xamma futbolchilar uylanadiku! Demak barchada pasayish bo‘lishi kerak! (kuladi). O‘ylashimcha, bu narsa ta’sir qilmagan.

— Omina bilan qachon tanishib qolgansiz?

— To‘yimdan ikki oycha oldin. Uylanishim kerak deb hisobladim. Turmush o‘rtoq izladim va topdim.

— Yevropani orzu qilardim dedingiz. Yoshlikda Italiyada o‘ynashingizni tasavvur qilarmidingiz?

— Orzu qilardim, ammo tasavvur qilolmasdim. Rossiya chempionati yulduzlarini ham yaqin-yaqingacha faqat TV orqali tomosha qilardim! "Rostov"ga kelganimda "Zenit"ga qarshi maydonga tushganim yodimda. O‘shanda Branislav Ivanovich piterliklar safida o‘ynardi. Men esa yoshligimdan "Chelsi" muxlisiman — unga qarab nimalar sodir bo‘layotganini anglay olmasdim. O‘zbekistonda akademiyada o‘qib yurganimda unga muxlislik qilardim.

— Bungacha A Seriya o‘yinlarini tomosha qilarmidingiz?

— Rostini aytsam, futbolni kamdan-kam ko‘raman. Faqat YECHL bo‘lsa ko‘raman. Yoki "Chelsi" o‘yinlarini tomosha qilaman.

 — Futbolga qanday kirib kelgansiz?

— Men futbol oilasida tug‘ilganman. Dadam, ikki amakim va akam — barchasi futbolchi bo‘lgan. Bobom esa murabbiy edi. Dadam ham hujumchi bo‘lgan. Eslay olmaymanu, aytishlaricha Birinchi ligada yaxshi hujumchi bo‘lgan ekanlar. Bu Rossiyada FNL bilan bir xil daraja. Jarohatlar tufayli faoliyatini erta yakunlagan. Ilhom amakim "Nasaf" bilan OFK Kubogini qo‘lga kiritgan, "Bunyodkor" bilan O‘zbekiston kubogini yutgan. Olti yoshdan futbolga borishni juda istardim, ammo faqat birinchi sinfdan olishardi. 7 yoshga to‘lgach futbolga borganman. 12 yoshimda esa "Mash’al" akademiyasiga olib borishgan. Bu O‘zbekistondagi birinchi raqamli akademiya.

— "Chelsi"ga qanday mehr qo‘ygansiz?

— Bilmayman. Menimcha yoshligimda "Chelsi" futbolkasi bo‘lardi — shundan boshlangan bo‘lsa kerak. Fernando Torres va Drogbaning o‘yinlarini maza qilib ko‘rardim.

— O‘zbekistonda Rivaldoni maydonga olib tushgan ekansiz.

— "Mash’al" akademiyasida o‘ynab yurganimda, asosiy jamoada Ilhom amakim o‘ynardi. Doim u bilan birga maydonga tushardim. Ammo bir kun "Bunyodkor" futbolchilari bilan tushishimiz kerakligini aytishdi. O‘sha paytda "Quruvchi" deb nomlanardi. O‘zimga raqib futbolchilaridan birini tanlash kerak bo‘lsa faqat Rivaldo dedim. U bilan maydonga chiqib kelganimda juda ham qattiq hayajonlanganman!

— O‘zbekistondan Italiyaga uchib ketdingiz. Yurtingizga keyingi safar borganda "Jenoa"ning nechta futbolkasini olib borasiz?

— Tasavvur ham qilolmayman. Menimcha katta sumka bo‘lsa kerak. Ammo ko‘p narsa qanday o‘ynashimga bog‘liq. Agar yaxshi o‘ynasam — katta chemodan ham yetmaydi. Yomon bo‘lsa hech kim mening futbolkamni olmaydi.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 10:49, 12.10.2020.
O'qildi: 7572 marta.
Fikrlar: 15 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.