Kecha "Manchester Siti" jamoasi Agliya kubogi 1/8 final doirasida safarda "Suonsi" jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etdi va barcha musobaqalar doirasidagi ketma-ket 15-g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
Bu g‘alaba bilan "shaharliklar" Angliyaning yuqori divizioni jamoalari o‘rtasidagi rekordni o‘rnatdi. Hozir biz Pep Gvardiola "Manchester Siti" boshqaruviga kelgandan so‘ng, APLtarixida o‘rnatgan rekordlari haqida to‘xtalmoqchimiz.
Ikkinchi o‘rin bilan oradagi farq
2017/18 yilgi mavsumda "shaharliklar"ning chempion bo‘lishi mavsum yakunlanmasdan aniq bo‘lib ulgurgandi. Mavsum davomida 100 ochko to‘plagan "Man. Siti" eng yaqin ta’qibchisi bo‘lgan "Manchester Yunayted" jamoasidan 19 ochko ko‘p jamg‘argan holda, oltin medallarga ega chiqqan. Bu ochkolar o‘rtasidagi farq APL doirasidagi rekord darajadagi ko‘rsatkich hisoblanadi. Bungacha hech qaysi jamoa bunday katta farq bilan chempion bo‘lmagan.
Mavsumda eng ko‘p ochko ishlash
2017/18 yilgi mavsum manchesterliklar uchun haqiqatdan omadli kelgan, chunki APLning ko‘plab rekordlarini yangilashning uddasidan chiqqan. "Manchester Siti" 38 uchrashuvning 32 martasida g‘alaba qozonib, 4 ta uchrashuvda durang qayd etishgan holda 100 ochkoni qo‘lga kiritishgan. Bu nafaqat APLda, balki qolgan ko‘plab kuchli chempionatlarda ham kamdan-kam uchratiladigan holat.
Eng ko‘p oy murabbiyi
Pep Gvardiola "shaharliklar" postiga kelgandan so‘ng, naq 9 marta oyning eng yaxshi murabbiyi sovrinini qo‘lga kiritgan. Bungacha hech qaysi murabbiy bunday yutuqqa erishmagan. Albatta, bunda jamoaning mehnati ham bor, ammo klub qanday o‘yin ko‘rsatishi murabbiyga ham bog‘liq, bizningcha.
Mavsumda eng ko‘p to‘p kiritish
Gvardiola "Man. Siti" murabbiyi etib tayinlanganidan ikkinchi yilida jamoasini APL tarixida bir mavsumdagi eng ko‘p to‘p kirititgan jamoaga aylantirdi. "Shaharliklar" naq 106 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol etgan. Shu paytgacha Angliya chempionati doirasidagi hech bir jamoa bir mavsumda buncha gol kiritishni uddasidan chiqmagan.
Bir mavsumda eng ko‘p g‘alabani qo‘lga kiritish
Gvardiola jamoasi 2017/18 yilgi mavsum davomida 32 marta raqiblarini "tanobini tortib qo‘ygan". Qiziq tomoni, 2019/20 yilgi mavsumda ham "Manchester Siti" yana shuncha g‘alabani qo‘lga kiritdi, ammo bu safar chempion bo‘lish nasib qilmadi.
O‘z uyida g‘alaba qozonish
“Shaharliklar" har yili chempion bo‘lmasa-da, har yili qandaydir rekordlarni takrorlaydi yoki yangilaydi. 2018/19 yilgi mavsumda jamoa o‘z uyida g‘alaba qozonish bo‘yicha, "Chelsi" va "Manchester Yunayted" rekordini takrorlashni uddaladi. O‘sha mavsumda "Manchester Siti" "Etihad stadium"da 18 marta g‘alaba qozonishga erishgan.
Safarda g‘alaba qozonish
"Manchester Siti" nafaqat o‘z uyida, balki safar uchrashuvlarida g‘alaba qozonish bo‘yicha ham APL rekordchisi hisoblanadi. 2017/18 yilgi mavsumda Pep shogirdlari 16 marta raqib stadionidan 3 ochko bilan qaytishni uddalashgan.
Eng ko‘p mag‘lubiyatsiz seriya
"Shaharliklar" bu ko‘rsatkich bo‘yicha ham APL yetakchisi hisoblanadi. Ularni 2017-yil 26-avgustdan, shu yilning 27-dekabrigacha hech qaysi jamoa mag‘lubiyatga uchratishni uddasidan chiqolmagan. Shu vaqt oralig‘ida ular 18 marta maydonga tushishgan.
Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.