Xabar berganimizdek, bugun «Bunyodkor» tanishtiruv va taqdimot marosimini o‘tkazdi. Marosimda klub direktori Ulug‘bek Mirzayev, bosh murabbiy Shuhrat Maqsudov, murabbiylar, futbolchilar, muxlislar va OAV xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda jamoaning yangi o‘yinchilariga liboslar topshirildi, shuningdek, klubning boshqa tashkiliy ishlari bo‘yicha ham ma’lumot berildi.
Ulug‘bek Mirzayev: — Assalomu alaykum! Xabaringiz bor, kuni kecha klubimizda rahbar almashdi. Bundan tashqari, bosh murabbiy ham o‘zgardi. Mavsumga tayyorgarligimiz yaxshi o‘tdi. Biz ishlashda davom etib, terma jamoamizga yaxshi futbolchilar tayyorlab berishga tayyormiz!
Klub marketing orqali bosh homiy beradigan pullardan tashqari, o‘zi mablag‘ ishlab topishni ham maqsad qilib qo‘ygan. Bu borada ishlar olib borildi. To‘g‘ri, pandemiyada korxonalar mablag‘larida, reklama uchun ajratilgan pullarda qisqarishlar bo‘ldi. Shunday bo‘lsada, bu bo‘yicha ishlar olib bordik. Taxminan 6-7 kompaniya bilan muzokaralar olib borilmoqda. Biz chiroyli o‘yinlar bilan barchani xushnud qilsak, hamkorlarimiz ham bu orqali o‘z kompaniyalari imidjini oshirib olishadi. Qo‘shimcha mablag‘lar evaziga biz futbolchilar oldidagi majburiyatlarimizni bajaramiz, akademiyadagi ishlarni davom ettiramiz, maydonni ta’mirdan chiqaramiz. Hali ishlar ko‘p. O‘ylaymanki, bu borada namuna ko‘rsata olamiz.
Yangi mavsumda barcha futbolchilarga omad tilayman. Jamoa uchun tunu kun ishlayapmiz. Klub uchun jonimizni beramiz. O‘ylaymanki, eng yuqori vazifalarni bajarishga tayyormiz va buni amalga oshirish qo‘limizdan keladi.
Shuhrat Maqsudov: — Bildirilgan ishonch uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Jamoada bosh murabbiydan tashqari boshqa xodimlar ham bir musht bo‘lib ishlashi lozim. Agar ahillik bo‘lmasa, qanday murabbiy jamoani boshqarishidan qat’i nazar natija bo‘lmaydi. Tarkibga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 99 foiz ishonamanki qo‘l ostimizdagi futbolchilar bilan «Bunyodkor»ning avvalgi mavqeini qaytara olamiz. Lekin yana bir marta takrorlayman — qars ikki qo‘ldan chiqadi. Jamoamiz «Farg‘ona hokimi kubogi» orqali yilni yaxshi boshladi. Umid qilamanki, bundan keyin ham barchasi yaxshi bo‘ladi. Har qanday holatda ham «Bunyodkor»ni qo‘llab-quvvatlab tursangiz, oldimizga qo‘ygan vazifani bajaramiz.
— Avval ham murabbiy sifatida ishlagansiz. Ammo endi siz bosh murabbiysiz. Bunday rolda ishlashga qay darajada tayyorsiz?
Shuhrat Maqsudov: — Bor e’tiborimni «Bunyodkor» bilan chempion bo‘lishga qarataman. Ammo, futbol —jamoaviy o‘yin. Men bir o‘zim xech narsa qila olmayman. Biz birgalikda barcha maqsadni amalga oshiramiz. Anig‘i shuki, faqat hujumkor, muxlislarga yoqadigan o‘yin ko‘rsatamiz.
Taqdimot marosimi davomida klub mutaxassislari Akbar Dadashev, Botir Parpiyev, Shoaziz Shog‘iyosov, Aziz Taslimov bir qator masalalar bo‘yicha ma’lumot berdi. Akbar Dadashevga ko‘ra, «Bunyodkor» - «Mash’al» uchrashuvi chiptalari ertadan sotuvga chiqadi va narxi 15 ming so‘m. SIP toifadagi chiptalarning narxi esa, 40 ming so‘m etib belgilangan. Shuningdek, martabali mehmonlar uchun VIP taklifnomalar ham chiqarilgan.
Botir Parpiyevning ma’lumotiga ko‘ra, PFLga topshirilayotgan «zayavka» elektron ko‘rinishda bo‘lyapti, QR kodli tizimdan foydalanilmoqda. Unda barcha ma’lumotlar jamlangan.
«Bunyodkor» bu yil Germaniyaning «Jako» brendi ostida liboslarda harakat qiladi. Jamoa ma’muri Shoaziz Shog‘iyosovning so‘zlariga ko‘ra, «Bunyodkor» aynan «Jako» brendi ostida so‘nggi chempionlikni qo‘lga kiritgan. Umid qilamizki, bu an’anani ushbu mavsum ham davom ettiramiz.
Superligada bu yil «Adidas» firmasining to‘plaridan foydalaniladi. Azizjon Taslimovga ko‘ra, bu to‘plardan Ispaniya kubogi musobaqasida ham foydalanishmoqda.
«Adidas» to‘plari haqida jamoamiz sardori Lutfulla To‘rayev va darvozabonimiz Sarvar Karimov ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Lutfullo To‘rayev: - «Adidas» to‘plaridan ikki kundan buyon mashg‘ulotlarda foydalanyapmiz. Aslida bizga to‘pning farqi yo‘q. Futbolchilardan faqat futbol o‘ynash talab qilinadi. Oldimizga qo‘yilgan maqsadni, jamoa bilan birlashgan holda amalga oshirishga harakat qilamiz. Oldimizga chempionlik maqsadini qo‘yamiz!
Sarvar Karimov: - To‘p jamoamiz a’zolariga yoqdi. Bu to‘plarda ko‘proq gol urib, kamroq gol o‘tkazishga harakat qilamiz.
Shavkat Imomov («Bunyodkor» muxlislar klubi raisi): - «Bunyodkor»ga kelgan barcha futbolchilarga «Xush kelibsiz» deb qolamiz. Biz muxlislar klubimizni hech qachon yolg‘izlatib qo‘ymaymiz. Buning uchun maydonda chiroyli o‘yin ko‘rsatib bersangiz kifoya. O‘yin vaqtida qo‘llash uchun chiroyli sovg‘alar tayyorlab qo‘yganmiz.
Tadbirning ikkinchi qismida jamoaning yangi a’zolariga liboslari topshirildi. Unga ko‘ra, quyidagi futbolchilar o‘z liboslariga ega bo‘lishdi: Ravshan Yagudin, Dian Talxatov, Avazbek O‘lmasaliyev, Sunnatilla Abdullajonov, Sanjar Rashidov, Odiljon Abdurahmonov (Qirg‘iziston), Bek Abdullayev, Ibrohim Tomiva (Nigeriya), Zafar Safoyev.
Yosh xonanda Ohunjon Sa’diyev «Bunyodkor» nomli qo‘shig‘i bilan tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.