Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Viktor Jalilov: “Jamoamizda muhit juda yaxshi”

Viktor Jalilov: “Jamoamizda muhit juda yaxshi”

Baho:
+ | -

O‘zbekiston Coca Cola kubogi guruh bosqichining 3-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Olimpik” (1:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida “Navbahor” jamoasi bosh murabbiyi Viktor Jalilov qatnashib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.

— Ko‘rib turganingizdek, o‘yinlar oson kechmayapti. Bugungi bahsda guruh yetakchilari uchrashishdi. Haqli ravishda qiyin g‘alabaga erishdik. Hozir oson raqibning o‘zi yo‘q. “Olimpik” ancha uyushqoq, o‘yini shakllangan jamoa. Raqib tarkibidagi futbolchilar Superligada ham o‘zlarini ko‘rsatishga qodirlar. Ularning mahorat, tezkorlik, to‘p bilan to‘g‘ri harakatlanishlarini alohida e’tirof etishim mumkin. Jamoamizning o‘yini borasida to‘xtaladigan bo‘lsam, turli sabablarga ko‘ra, barqarorlikka ega bo‘lolmayapmiz. Ba’zilar jarohat olishgan, ayrimlarning o‘yini qovushmayapti.

— Uchrashuv davomida siz ayrim shogirdlaringiz, shuningdek, hakamlarga ham  e’tiroz bildirdingiz, futbolchilarning ayrimlari zaxira o‘rindig‘iga olish qaroringizdan xafadek ko‘rinishdi. Umuman olganda, jamoadagi muhit qanday?
— Jamoamizda muhit juda yaxshi. To‘g‘ri, ayrim futbolchilar qarorimizni to‘g‘ri tushunishadi, ba’zilari esa yo‘q. Kimdir uni faqat maqtashlariga o‘rganib qolgan, bu ham psixologiya masalasi. Avval faoliyat yuritgan jamoalarimda terma jamoa darajasidagi juda ko‘plab futbolchilar, jumladan, Farhod Magometov, Odil Ahmedov, shuningdek, Boyan Miladinovich singari futbolchilar to‘p tepishgan va  ular tanqidni to‘g‘ri qabul qilishardi. Hozir ham Igor Golban yoki Azimjon Ahmedovga nimanidir baland ovozda tushuntirsam, to‘g‘ri tushunishadi. Bu bolalar futboli emas, bu professional futbol, bu yerda ochkolar uchun kurash boradi. Shu bois, futbolchilarimizga kerakli talablarni qo‘yamiz. Nimadir o‘xshamasa, o‘yindan keyin tahlil qilib, yigitlarga xatolarini ko‘rsatamiz.

Men uchrashuv hakamiga e’tiroz bildirmadim. Aksincha, hakamlarga raqib jamoa murabbiyi e’tiroz bildirdi. Zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib, hadeb hakamga bosim qilaverish yaxshi emas, axir.

— Siz o‘z vaqtida “Navbahor”ni chempion qilgansiz. O‘sha chempion bo‘lgan “Navbahor” bilan bugungi jamoa o‘rtasida qanday farq bor? Ayni paytdagi “Navbahor” nima uchun chempionlik uchun kurasha olmayapti?

— Chempion bo‘lgan “Navbahor” bilan bugungi tarkibning o‘rtasidagi farq haqida aytsam, o‘sha paytdagi jamoada O‘zbekiston terma jamoasiga nomzodlar juda ko‘p edi. Bunga misol tariqasida, Farhod Magometov, Ilhom Sharipov, Abduqahhor Ma’rufaliyev, Oleg Shaskix va Zafar Musaboyev kabi futbolchilarni keltirish mumkin. Ular nomzod emas, milliy terma jamoaning asosiy futbolchilariga aylanib ulgurishgandi. O‘sha paytdagi terma jamoaning saviyasi ancha baland va uning tarkibidan sobiq ittifoq futboli maktabidan chiqqan ko‘plab kuchli o‘yinchilar, Sergey Lebedev, Andrey Fyodorov, Igor Shkvirin, Azamat Abduraimov, Mirjalol Qosimov kabi futbolchilar o‘rin olishgan, bir so‘z bilan aytganda, milliy termada raqobat juda kuchli edi. Hozir esa bosh jamoamizga nomzod bo‘lgan Azimjon Ahmedov, Igor Golban, Tojikiston termasiga nomzod Ehsoni Panshanbe bor, xolos.

Bundan ko‘rinadiki, futbolchilar termaga torta olishmayapti. Futbolchilarimizni kuchsiz demayman, shunchaki, 1996 yilgi “Navbahor” darajasiga yetish uchun yanada ko‘proq ishlashga to‘g‘ri keladi.

— “Navbahor”ning qaysi chizig‘i sizni qoniqtirmayapti?
— Jamoa tarkibidagi futbolchilar bejizga “Navbahor” safidan joy olishmagan. Ular “Navbahor”da o‘ynashyaptimi, demak, Superliga darajasidagi o‘yinchilar sanalishadi. Mening futbolga o‘z qarashim bor. Futbolchilarimiz bir-birlarini tushunishlari, men ularni tushunishim uchun vaqt kerak. Bugungi tarkibdan o‘rin olganlar “Navbahor”ga tasodifan kelib qolishmagan. Ular mahoratli ekanliklari  uchun jamoada to‘p tepishmoqda.

— So‘nggi o‘yinlarda serbiyalik futbolchilar uchrashuv qaydnomasidan joy olishmayapti. Buning sababi nimada?
— Nikola Tasich va Slavisha Stoyanovich jarohatlanishgan. Stoyanovich  “Oq-tepa”ga qarshi kechgan bahsda, Tasich esa mashg‘ulot paytida jarohat olishdi.

Marko Putinchanin esa Cuperliga doirasidagi barcha bahslarda maydonga tushganligi bois, unda yuklama ko‘payib ketgandi. Shu bois, chov sohasida biroz og‘riq yuzaga kelganligi bois, unga “Oq-tepa” bilan bo‘lgan o‘yinda dam berishga qaror qildik. “Zomin”ga qarshi kechgan bahsda esa  oilaviy sharoitga ko‘ra, qatnasha olmadi. Bugungi o‘yinda esa mana maydonga tushdi.

—  Oldinroq Samvel Babayanning “Navbahor”ni boshqarishi borasida mish-mishlar chiqqandi. Jamoaning “Oq-tepa”ga qarshi kechgan bahsini esa u bevosita stadionda kuzatdi. Babayan tashqaridan sizga o‘z maslahatlarini berib turadimi?
— Mish-mishlarga izoh bermayman. Samvel bilan yaxshi munosabatdamiz. U bilan tez-tez gaplashib, maslahatlashib turamiz. U ham mendan tavsiya olib turadi. Munosabatlarimiz yaxshi. Boshqa gap-so‘zlar haqida hech narsa bilmayman.

— “Olimpik”ning yaxshi shakllangan jamoa ekanligini ta’kidladingiz. Kelasi mavsumda mazkur jamoa futbolchilarini ustozi Timur Kapadze bilan birgalikda “Navbahor”ga taklif etish borasida nima deya olasiz? Shunda Timur siz bilan birgalikda faoliyat yuritardi...
— Haqiqatdanam “Olimpik”da mahoratli futbolchilar jamlanishgan. Shuningdek, Kapadzening futbolga o‘z qarashi bor. Bu fikrlarni  “Olimpik”ning oldingi o‘yinlarini ham kuzatgan holda, aytyapman. Murabbiylar shtabidagi o‘zgarishlar haqida gap borganda, bu masala har ikki jamoa rahbariyatining fikrlariga qarab hal qilinadi.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 04:19, 01.05.2021.
O'qildi: 1725 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.