Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Yurari» yozuvi mohiyati nima?

«Yurari» yozuvi mohiyati nima?

Baho:
+ | -

Yevro-2020 guruh bosqichidan o‘rin olgan Rossiya va Daniya termalari o‘rtasidagi hal qiluvchi o‘yin arafasida daniyalik hujumchi Yusuf Poulsenning raqib xususida izzattalablik bilan fikr bildirgani qizg‘in bahs-munozaralarni keltirib chiqargandi. O‘sha o‘yindan keyin esa rossiyalik muxlislarning e’tirozlari noo‘rin ekanligi oydinlashdi: daniyaliklar ruslarni 4:0 hisobida dog‘da qoldirib, yurishni davom ettirishdi...

O‘z o‘rnida yaqqol bitta fakt: Rossiya termasiga qarshi kechgan o‘yinda Poulsen sharifli futbolchi maydonga tushmadi - Yusuf milliy jamoada «Yurari» nomi ostida harakatlanadi. Bu - qiziqqon hujumchining otasiga nisbatan hurmati belgisi. Uning to‘liq ism-sharifi - Yusuf Yurari Poulsen. Otasi Shixe Yurari tanzaniyalik, onasi esa daniyalik ayol. Shixe Yurari Daniya va Afrika o‘rtasida qatnaydigan konteyner tashuvchi kemada ishlagan va Yusuf 6 yoshga to‘lgan payt saraton xastaligi tufayli hayotdan ko‘z yumgandi. «Otamning qazosi oilamiz uchun og‘ir musibat edi. Axir asosiy suyanchimizdan ayrilib qolgandik, xullas, mushkul vaqtda usiz yashashga moslashishdan o‘zga choramiz qolmadi. Terma jamoa o‘yinlarida Yurari sharifi bilan maydonga tushishim otam bilan bog‘liq. Binobarin, futbolga kirib kelishimga aynan u sababchidir. Otam hamisha futbolga qiziqqan, o‘zi ham o‘ynagan, faqat havaskor maqomida», - deydi Yusuf.

Eng qizig‘i, hujumchi faoliyatini onasining sharifi bilan boshlagan, lekin terma jamoada «Yurari» yozuvi bor libosda o‘ynaydi. Buning yana bir sababi - daniyalik boshqa Poulsenlardan ajralib turish. Aslida Yusuf aynan Yurari sharifi bilan tanilish niyatida edi. Ammo shu darajaga ko‘tarilib ketishini o‘zi ham kutmagan ekan. Futbolchining baxtiga «RB Leypsig» klubi, xususan, Ralf Rangnik hammasini ijobiy tomonga burib yubordi. Poulsen «RB Leyp­sig» safida «Zenit»ga qarshi bahs (CHL)da maydonga tushganida, Rossiya matbuoti nemis futboli bilimdoni Pavel Zinovyevning daniyalik hujumchi hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan to‘laqonli maqolasini chop etgandi. Marhamat, uning eng muhim jihatlariga e’tibor qarating:

***    Bolalik payti hattoki, Yusufning o‘zi ham futbolga alohida iqtidori yo‘qligini yaxshi tushungan. Tabiiyki, atrofdagilar ham unda yetuk futbolchiga xos belgilarni payqashmagan. Masalan, Daniyaning kamtarin «Lyungbyu» klubida Yusuf bilan birga o‘ynagan futbolchilardan biri hammasini juda jo‘n tavsiflagandi: «Hattoki, oddiy uzatmalardan keyin ham Poulsen to‘pni kamida 3 metr uzoqlashtirib yuborardi».

***    Uchinchi Bundesligada start­ga chiqqan «RB Leypsig» hammasini tubdan o‘zgartirib yubordi: Yusuf taniqli menejer Ralf Rangnik e’tiboriga tushgandi. Yotoqxonada u bilan yonma-yon istiqomat qilgan Joshua Kimmix ham futbolchining yangi muhitga moslashuvida yaqindan ko‘maklashadi. Yakunda Poulsen «RB Leyp­sig»ning quyi diviziondan CHLgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tishiga hissa qo‘shgan ikki futbolchidan biri bo‘ldi. Sherigi - Dominik Kayzer Daniyaga sal keyinroq yo‘l oldi - «RB Leypsig»dan «Brondbyu» safiga qo‘shildi.

***    Yusuf jamoatchilikka aynan Yurari nomi bilan tanilishni rejalashtirgandi. Biroq mavjud shart-sharoitlar va qoidalar bunga imkon bermadi: «Klub bilan muzokara olib borganimda, otamning sharifi ostida o‘ynashim haqida barchani ogohlantirgandim. Lekin shartnomaga imzo chekish tadbiriga borganimda, men uchun tayyorlangan barcha liboslarga «Poulsen» yozuvi tushirilganini ko‘rdim». Tabiiyki, 19 yoshli yigitcha sharifini o‘zgartirishlarini talab qilishga botinolmaydi.

***    Poulsen Bundesliga-2da to‘p surgan davrdayoq Daniya milliy jamoasidan taklif olgan. O‘shanda u «RB Leypsig»ning eng yaxshi to‘purari maqomida edi. CHLdagi debyutini esa avvalroq nishonlashi mumkin edi - hujumchini «Borussiya» M. o‘z safiga chorlaydi, ammo Yusuf «qizil buqalar»ga sodiq ekanligini aytib, taklifni rad etadi. Daniya­lik futbolchining elitadagi faoliyati Ralf Xazenxyuttl davrida uncha yurishmadi, ammo Rangnik kelgach, u yana «ochilib» ketdi.

***    Yusuf otasining vatani - Tanzaniyaga har yili kamida 1 marta boradi. Biroq u milliy jamoa tanlash masalasida ortiqcha qiyinchilikka duch kelgan emas. Zero, afrikaliklardan taklif olmagan.

***        Yusuf JCH-2018 davrida ham Daniya termasi tarkibida edi. U turnirda oxirgi 80 yil badaliga jamoasiga ilk marta yirik turnir doirasidagi qatorasiga 2ta uchrashuvda penalti tepish imkoniyatini taqdim etdi. Qo‘shimchasiga Peru termasi darvozasiga g‘alaba golini urdi. «Dinamitlar» Rossiya mundialida nimchorak finalgacha ko‘tarilib, bo‘lajak vise-chempion - Xorvatiya termasiga imkoniyatni boy berishdi.

«YUYU» (Yusuf Yurari) Rossiya termasiga qarshi kechgan bahs arafasida Daniya termasi hisobidagi yagona gol muallifi bo‘lib turgandi. Keyin ruslar darvozasiga ham bitta gol urib, izzattalab e’tirofi bejiz emasligini isbotladi va yirik hisobli g‘alabaga katta hissa qo‘shdi. Umuman, Yusuf terma jamoa libosida urgan jami 6ta golidan 4tasini Kopengagendagi «Parken» stadionida nishonlagan.

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 14:20, 14.07.2021.
O'qildi: 3254 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.