Angliyada elit darajadagi klublarning hammasi o‘z maktabiga ega. Ular har doim harakatda va o‘z klubi va jahon futboli uchun kadrlash yetkazib berishadi. Ana shunday o‘z o‘rni va uslubiyatiga ega bo‘lgan klublardan biri, «Liverpul»ning akademiyasida doimo sifatli o‘yinchilar tarbiya topgan. Undagi umidli hamda yosh futbolchilardan biri, vinger Xarvi Elliotdir. U APL bahsida debyut qila turib, o‘zining nimalarga qodir ekanini isbotlash uchun atigi uch daqiqagina kifoya sarfladi. Futbolchi bu bilan nafaqat o‘z shaxsiyatini, balki «Liverpul»ning sabrli va izchil o‘ylangan yoshlar siyosatini ham nechog‘lik to‘g‘ri ekanini ko‘rsatib berdi. Elliot «Enfild»da «Byornli»ga qarshi uchrashuvda qulay g‘alaba qozonish uchun jon-dilidan mehnat qilgan futbolchilardan biri bo‘ldi. U jamoasi uchun jarima zarbasi ishlab, katta yordam qo‘lini cho‘zdi. Shu voqeadan olti daqiqa o‘tar-o‘tmas yana bir yaxshi imkon hozirladi. Bu safargi ishlangan fol nisbatan ancha xavfli pozisiyada ro‘y bergan edi. Ikkala imkoniyatdan ham garchand maqsadga erishilmagan bo‘lsa ham, Elliotni asosiy tarkibda maydonga tushishi va 90 daqiqa u yerda qolishi, Yurgen Klopp tomonidan amalga oshirilgan eng oqilona qarorlardan biri edi.
Elliotning Premyer Ligadagi starti shunchaki ro‘y bergani yo‘q. Aksincha, ushbu jarayon Klopp hamda uning ahil jamoasi tomonidan o‘tkazilgan to‘rt fasllik harakatlar, moslashtirishlar hamda ko‘maklar natijasi hisoblanadi. Hammasi 2020 yilning sentyabr oyida boshlandi. Angliya liga kubogi(Carabao Cup)da «mersisaydliklar» «Linkoln Siti»ga qarshi kurashda naq yettita yosh tarbiyalanuvchisini maydonga tashlaydi. Ular ichida Xarvi ham bor edi. Yosh vingerning o‘yini o‘sha kechada o‘yin uchun yig‘ilgan barcha muxlislar e’tiborini tortadi. Uning to‘pni nazorat qilish uslubi hamda texnikasi barchani hayratga solgan edi. Elliot uchun eng asosiy narsa jamoaviylikka ko‘nikish va tajriba yig‘ish hisoblanadi. Shu sabab u 2020-21 yilgi mavsumning avvalida Chempionship vakili «Blekbern Rovers» klubiga ijara asosida yuboriladi. Klub murabbiyi Toni Moubreyning hushyor kuzatuvi ostida futbolchi haftaning har bir o‘yinida maydonga tushirildi. Mavsumning 41 uchrashuvida ishtirok etdi va yettita golni rasmiylashtirdi. Elliot Moubreyni o‘z ma’suliyati hamda jonkuyarligi bilan qoyil qoldirgan edi.
Toni Moubrey keyinchalik « the Athletic» nashriga bergan intervyusida Xarvi Elliotni alohida e’tirof etadi. Murabbiy futbolchi haqida shunday deydi: «Siz uni mashg‘ulot maydonidan olib chiqishingiz juda qiyin kechadi. U maydonda to‘p surganida doimo o‘yinda me’yor va muvozanat bo‘ladi. Hatto qaysidir jamoadoshi yetib kelolmasa ham u yordamga tayyor turadi. Xarvini maydondan zahiraga iloji boricha olmaslikka harakat qilardim. Chunki u kamdan-kam o‘yin uchun yaroqsiz holga keladi. U bilan munosabatimiz juda ham ijobiy. U bizga baholiqudrat yordam beradi. Va umid qilamanki, biz ham Xarvining rivoj topishiga va uning jamoasi «Liverpul»da to‘p surishi uchun yordam bera oldik».
Shundan so‘ng Elliot 2021 yilgi yozgi mashg‘ulotlar uchun yana Klopp jamoasiga qaytdi. Klubning Avstriyadagi yig‘inida Xarvi deyarli barcha o‘rtoqlik bahslarida ishtirok etdi. Unda Klopp hoxlagan jamoaning aggresiv falsafasiga moslik mavjud. Elliotning «Mainz», «Gerta Berlin» hamda «Atletik» klublariga qarshi harakatlari o‘ta jozibador va to‘g‘ri yechimlarga ega edi. Bu o‘yinlar futbolchining darajasida bir qadar yetuklik borligini isbotlab berdi. Ushbu harakatlari hamda Chempionshipda orttirilgan tajriba bilan Klopp Xarvini APL uchun yetilganini sezdi. Elliotning to‘p bilan harakatlari va vaziyatni to‘g‘ri baholay olishi unga doimgidek asqotdi. Kechagi bahsda ham o‘z harakatlari bilan muntazam maydonga tushish uchun tayyorligini ko‘rsatdi. Endi futbolchini keyingi turlarda ochilishini kuzatishimiz mumkin bo‘ladi. Xulosa qilib aytganda Elliot ko‘rsatgan o‘yin «Liverpul»ning yana bir yangi futbolchi bilan qudratliroq bo‘lganini anglatadi. Endilikda, APL bahslari yana bir kelajak yulduzi uchun porloq maydonga aylanishi aniq.
Jaloliddin ISMATOV tayyorladi