Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Butun oilani yig‘latgan gol yoxud Yaxshiboyevning jamoadoshi Till nima deydi?

Butun oilani yig‘latgan gol yoxud Yaxshiboyevning jamoadoshi Till nima deydi?

Baho:
+ | -

YECHL guruh raundi startidan oldin hamma Moldova chempioni - «Sherif»ga nafaqat «D» kvarteti, balki butun turnirning bosh autsayderi sifatida qaragani - ayni haqiqat. Amalda esa hammasi boshqacha tus olyapti. Har holda, tiraspolliklar birin-ketin «Shaxtyor» va «Real»ni yengib, shunchaki, ochko ulashuvchi yoki «kaltaklanuvchi bola» rolida emasliklarini to‘liq isbotlashdi. Ayniqsa, Madriddagi g‘alaba zavqli bo‘ldi: «Santyago Bernabeu»da Jasur Yaxshiboyevning goli «Real»ni nokdaunga uchratgan bo‘lsa, «Tambov» klubining sobiq yarim himoyachisi Sebastyan Till tomonidan so‘nggi lahzada yo‘llangan ajib zarba nokaut effektini berdi. Lyuksemburglik futbolchi championat.com sayti muxbirlari bilan suhbatda tarixiy g‘alabadan keyin jamoa kiyinish xonasida nimalar ro‘y bergani va omalshumul muvaffaqiyat siri haqida gapirib berdi. U shuningdek, niderlandiyalik Dirk Kuytning «Sherif»ga CHLda non yo‘q» qabilida aytgan xulosasiga ham munosabat bildirdi. «Tabiiyki, jamoa g‘alabadan sarmast bo‘ldi. Final hushtagi yangragach, maydon bo‘ylab qanday yugurganimizni hamma ko‘rgandir. Bu - sarxushlik alomati, ajib lahzalardan chinakamiga zavqlandik. O‘yindan ke­yin telefonim yonib ketish darajasiga keldi - do‘stlarim, yaqinlarim tinimsiz qo‘ng‘iroq qilib, g‘alaba bilan qutlashdi», - deya suhbatni boshladi Till.

- Qiziq, o‘yin tugagach, «Real» tomonidan ham kimdir tabrikladimi?

- Yo‘q, madridliklar mag‘lubiyatdan darg‘azab edilar. To‘g‘ri, o‘yin davomida Modrich bilan oz-moz gaplashdim, lekin faqat futbol haqida.

- Kiyinish xonasida bosh murabbiy nimalar dedi?

- Yuriy Vernidub maydonga tushishdan oldin yigitlarni o‘zgacha ruhlantirishga urindi: «Shunday ulkan stadionda «Real» bilan o‘ynash imkoniyati har doim tug‘ilavermaydi. Marhamat, maydonga tushib, o‘yindan shunchaki, zavq olinglar». Murabbiyning shu so‘zlari o‘laroq, bosimdan qutuldik va bemalol eng yaxshi fazilatlarimizni namoyish etdik, menimcha. O‘yindan keyin esa, Vernidub ham g‘oyat mag‘rur va baxtiyor edi.

- Bilishimizcha, chinakam futbolchilar oilasida ulg‘aygansiz. Yaqinlaringiz hal qiluvchi golingizdan keyin qanday holatga tushibdilar?

- Tushunarliki, akam, onam va otam faxr tuyg‘usini tuyishgan. Umuman, aytishlaricha, goldan keyin butun oilamiz yig‘lab yuboribdi. Albatta, quvonch ko‘z yoshlari...

- O‘tgan mavsum «Tambov»da o‘ynagandingiz. O‘sha vaqt «Santyago Bernabeu»da gol urib, g‘alabadan sarmast bo‘lishni tasavvuringizga sig‘dira olarmidingiz?

- Yo‘q, albatta. «Sherif» safiga sovrinlar yutish ilinjida qo‘shildim, yana CHLda o‘ynash uchun ham. Lekin «Real» darvozasini so‘nggi lahzada ishg‘ol qilishni sira o‘ylagan emasdim.

- «Shaxtyor» va «Real» sinovi ortda qoldi, keyingi «o‘lja» «Inter»mi?

- O‘yindan o‘yinga kuchayib bor­yapmiz, o‘z kuchimizga ishonch hissi ortyapti. Lekin milliy chempionat doirasidagi o‘yinlarni ham unutmaslik kerak. Demoqchimanki, bor e’tibor har bir keyingi o‘yinga qaratilgan. Albatta, «Inter»ga qarshi o‘yinni ham vaqti bilan tahlil qilamiz va g‘alabali odimni davom ettirishni istaymiz.

- Bosh murabbiy Madriddagi g‘alabadan so‘ng «Inter» haqida biror gap aytdimi?

- Klub rahbariyati futbolchilarga hech qachon bosim o‘tkazmaydi. Murabbiy ham «Har bir uchrashuvda g‘alaba qozonishimiz shart» qabilida gapirmaydi. Albatta, hamisha g‘alabani ko‘zlaymiz, ammo mavsumning har bir o‘yinida ustun kelish mumkin emas - bu haqiqatga mos kelmaydi. Shunchaki, maydonga tushgach, 100 foiz kuch bilan harakatlanamiz, bor imkoniyatni ishga solamiz, bundan nima chiqishini esa o‘yin ko‘rsatadi.

- Yuriy Vernidub vaqtida «Zenit» sardori sifatida maydonga tushgan. U bilan Rossiya haqida ham gaplashganmisiz?

- Yo‘q, asosan «Sherif» o‘yinlarini muhokama qilamiz. Ba’zan Ukraina futboli haqida gaplashamiz, chunki u yerda ukam o‘ynamoqda. «Tambov»da yo‘llarimiz kesishgan Aleksandr Karapetyan bilan esa Rossiyani eslab turamiz. Umuman, «Tambov»ning ko‘plab sobiq futbolchilaridan qutlov keldi. Bizda hattoki, alohida chat guruhi bor, tez-tez muloqotga kirishamiz. «Tambov» muxlislari, jamoa rahbarlari va xodimlaridan bag‘oyat minnatdorman. Shunday jamoaning yopilgani yaxshi bo‘lmadi. Muhimi, klubda qanchadan-qancha do‘stlar orttirdim, biz ahil oila misoli edik.

- «Sherif»ning tarkibi «Real»nikidan naq 64 baravar arzon ekan. Muvaffaqiyat siri nima?

- Murabbiy bir gapni tez-tez takrorlaydi: «Maydonda pul o‘ynamaydi». «Sherif»dagi ichki muhit ajoyib, barcha yigitlar turli mamlakatlardan - katta baynalminal oila. Yuriy Vernidub hamisha maydonda borimizni berib o‘ynashni so‘raydi. Tabiiyki, har doim maksimal darajada shug‘ullanamiz. Futbolda orzularni ro‘yobga chiqarish yo‘li, muvaffaqiyat kaliti - aynan mash­g‘ulotlar. Ha, o‘yinlar turlicha kechadi, ehtimol, Madridda bizga omad ham kulib boqqandir. Deylik, darvozabon qoyilmaqom o‘ynadi. O‘zi «Real» kabi jamoalarga qarshi o‘yinlarda omadsiz ish bitmaydi. Tan olaman, mezbonlar vaziyatlardan foydalanishganida, boshqacha hisob qayd etilardi.

- Dirk Kuyt «Sherif»ga CHLda joy yo‘qligi haqida baralla gapirganini eshitgandirsiz. Bu jamoaga nisbatan haqorat emasmi?

- Ha, uning gaplarini eshitdim. Jamoamiz bosh murabbiyi o‘z intervyusida bunga yaxshi javob berdi - yo‘llanmani qo‘lga kiritdingizmi, CHLda o‘ynashga munosibsiz. Mana, startdagi 2ta o‘yinda g‘alaba qozondik. Umuman, Dirkning so‘zlariga haqorat sifatida qaramaslik kerak, aksincha, uning fikri bizga qo‘shimcha motivasiya bo‘ldi.

- Tanangizda CHL kubogi tasviri bor. «Shalpangquloq»ni yutish hozir haqiqatdek tuyulyaptimi?

- Barcha futbolchilar bolalikda CHLda o‘ynash va zafar quchishni orzu qilishadi. Jumladan, men ham shunday orzu-umidlar bilan ulg‘ayganman. Shuningdek, tanamda Lyuksemburg bayrog‘i tasviriga ham joy ajratilgan, chunki hamisha o‘z mamlakatim uchun o‘ynashni xohlayman.

- Rossiya haqidagi taassurotlaringiz qanday?

- «Tambov»da o‘ynaganimda, Saransk shahrida yashadim - havo juda sovuq edi. Umuman, Rossiyadagi barcha stadionlar katta va yangi. Muxlislar ajoyib! Barchasi manzur bo‘lgandi.

- Rossiya klublarining yevrokuboklarda g‘alaba qozonishi qiyin masala. To‘g‘ri, «Spartak» va «Zenit» klublari oxirgi turda o‘z holatini biroz yaxshilab oldi, lekin... Muammo nimada?

- RPL - katta liga, ammo Rossiya klublari ayni payt negadir CHL va YELda muammolarga duch kelmoqda. Bilishimcha, oxirgi yillarda mamlakatning biror klubi yaxshiroq natija qayd etgani yo‘q. Muxlislar g‘azabini ham to‘g‘ri tushunish kerak, axir jamoalar boy, ammo Yevropa musobaqalarida munosib o‘yin ko‘rsatolmayapti.

- Agar Rossiyadan yaxshi taklif tushsa, ortga qaytarmidingiz?

- Hozir «Sherif» bilan shartnomaga egaman. Bor e’tiborim shu klubga  qaratilgan. Ammo futbolda voqealar qanday rivojlanishini hech qachon bilib bo‘lmaydi. Bilganim - hozir «Sherif»da mutlaqo baxtliman.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 23:30, 07.10.2021.
O'qildi: 3602 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.