Millatlar ligasi turniri hali qiluvchi pallaga kirib bormoqda. Unda yarim final bahslari o‘tkazildi. Juftliklarning birida Ispaniya va Italiya bahs yuritdi. Ushbu uchrashuvda «Barselona» klubining yosh iste’dod egasi Gavi ham ishtirok etdi. Jamoa bosh murabbiyi Luis Enrike asosiy tarkib futbolchilarini tanlayotganda ro‘yxatga 17 yoshli Gavining ham qo‘shilishi barchaning hayratini oshirgan bo‘lsa, ajab emas. U Italiyaga qarshi o‘yinda ishtirok etdi va Ispaniya terma jamoasi tarixidagi eng yosh futbolchiga aylandi. Bu haqda g‘alabali o‘yindan keyingi intervyusida Luis Enrike shunday deydi:
«Bu o‘yin Gavi uchun Ispaniya bilan ilk bahsiga aylandi. Ammo biz u haqida o‘yingacha hammasini bilar edik. Uning o‘yini 17 yoshli o‘smir uchun normal holat emas. U o‘z yoshidan baland saviyadagi o‘yin namoyish etdi. U o‘z shaxsiyati va jismoniy imkoniyatlari bilan bizning o‘yin uslubimizga juda mos kelishini isbotlagan. U bu bahsda xuddi o‘z maktabi yoki uyidagi kabi o‘ynadi. Bu maydonda o‘zini erkin his eta olish edi. Bizda u kabi xarakterga va sifatga ega bo‘lgan futbolchining bo‘lishi insonga zavq bag‘ishlaydi. Biz baralla shuni ayta olamizki, Gavi nafaqat terma jamoamizning kelajagi, balki bugun hamdir».
YECHLda «Barselona» ustozi Kuman «Bavariya»ga qarshi o‘yinning 59 daqiqasida 17 yoshli Gavini maydonga tashlaydi. 15 daqiqadan keyin hujumkor futbolchi nemislar mudofaasini buzib kirishga harakat qiladi va Upamekano tomonidan to‘xtatib qolinadi. Jamoasi mag‘lubiyatiga qaramay, undagi potensial va to‘p bilan yurishdagi saviya sezilib turardi. Bu o‘yindan keyin u o‘z mamlakati uchun o‘ynashga loyiq edi. «Barsa» «Benfika» yoki «Bavariya»ga qarshi yirik mag‘lubiyatlar qayd etgan bo‘lishi mumkindir. Ammo bu o‘yinlarda ishtirok etgan Gavi uchun bu o‘yinlar katta dars bo‘ldi. La ligada ham qiyin paytlarni boshidan o‘tkazayotgan klub mana shunday yosh avlodlar bilan kelajakdagi muvaffaqiyatlarga umid qilishi mumkin.
Gavining La Masiyadagi sobiq murabbiyi Frank Artiganing fikricha, futbolchi kurashuvchanlik borasida juda ham ilg‘or. U buni «Bavariya»ga qarshi kechgan bahsda ham isbotlagandi. Uning kurashuvchan tabiati maydondagi muvaffaqiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi:
«U o‘ta kurashuvchan yigit. Xavi tomonidan yuqori baho berilgan Gavini «Barselona» va Ispaniya terma jamoasi kelajagi deya olaman. U men bilgan futbolchilar ichida eng intiluvchan sportchilardan biri. Unda barqaror o‘yin ko‘rsatish uchun hamma narsa yetarli. U o‘z hissiyotlarini nazorat qilishni o‘rganib, yaxshi o‘sishga erishdi. U maydonda g‘alaba ruhiyatini oxirgi daqiqalargacha saqlab tura oladigan futbolchilar qatorida bo‘lgan. U hali-hamon o‘sishga intilmoqda va bu jihati bilan tahsinga loyiq».
O‘tgan mavsumda Gavi «Barselona»ning B jamoasida ikki marta maydonga tushgandi. Shundan keyin bu mavsum oldidan o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinlarida asosiy jamoaga jalb etildi. U ilk marta «Shtutgart»ga qarshi 3-0 hisobidagi g‘alabali o‘yinda Xavining e’tiboriga tushgandi. Gavi La liganing yettita turida kataloniyaliklar safida maydonda harakat qildi. Hozir esa, barchada u «Nou Kamp»ning kelajagi bo‘lishi mumkinligiga ishonch mavjud. Bu haqda Artiga o‘z intervyusida shunday deydi: «U maydonda futbol instinkti bilan o‘ynaydi va vazifasini bajaradi. Ko‘proq tajriba to‘plash unga o‘yinlarni o‘qishga yordam beradi. Bu esa uning instinktga ortiqcha bog‘lanib qolishidan asraydi. Biz Gavi borasida biroz sabrli bo‘lishimiz kerak, biz unga aniq maqsadlari yo‘lida harakatda, ko‘maklashishimiz lozim. Agar mana shu narsalarni yaxshi anglab yetib, to‘g‘ri amal qilsak, unga yaxshi muhit yaratib bera olsak, biz Gavidan uzoq yillar foydalanishimiz mumkin bo‘ladi».
Darhaqiqat, «Barselona»ning bugungi chuqur inqirozi fonida, klub tarixida yangi davr boshlanmoqda. Bu davr post Messi zamoniga aylanadi. Messisiz yangi «Barsa» shakllanmoqda. Bunga albatta vaqt kerak. Biz esa buni o‘z ko‘zimiz bilan guvohi bo‘layotirmiz.
ingliz tilidan Jaloliddin ISMATOV tarjimasi