Kirish Ro'yxatdan o'tish
14/11 05:00 Urugvay - Kolumbiya
14/11 05:00 Peru - Chili
14/11 14:10 Avstraliya 0-0 Saudiya Arabistoni
14/11 17:00 KXDR 2-3 Eron
14/11 19:00 Bahrayn 0-1 Xitoy
14/11 19:00 Kuvayt 1-3 Janubiy Koreya
14/11 21:00 Ummon 1-0 Falastin
14/11 21:15 Iroq 0-0 Iordaniya
14/11 21:15 Qatar 3-2 O‘zbekiston
14/11 21:15 BAA 3-0 Qirg‘iziston
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya - Yaponiya

Boksda O‘zbekiston - Qozog‘iston qarama-qarshiligi, germaniyalik jurnalistning iltimosi, Asadxo‘janing g‘alabasi va Belgraddan taassurotlar

Boksda O‘zbekiston - Qozog‘iston qarama-qarshiligi, germaniyalik jurnalistning iltimosi, Asadxo‘janing g‘alabasi va Belgraddan taassurotlar

Baho:
+ | -
Bo'lim: SPORT / Sport turlari / Boks
Rukn: Yangiliklar

Serbiyadagi jahon chempionati ham boshlandi. Ushbu material orqali muxlislar ko‘rmayotgan, ammo ular uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlar haqida bayon qilmoqchiman.

Kuni kecha bokschilarimizning mashg‘ulot jarayonini kuzatdik. Nafaqat biz, balki xorijiy OAV vakillari uchun ham yigitlarimizning qay tarzda shug‘ullanishi qiziqarli jarayonga aylanib ulgurgan. Ana shundaylardan biri germaniyalik hamkasbimiz Markos bo‘ldi. U Serbiyaga kelishdan oldin o‘zi bilan o‘zbekistonlik bokschilarning suratini olib kelgan va ushbu suratlarga bokschilarimizning shaxsan o‘zidan avtograf oldi. O‘zbekistondan ekanligimni bilib, mendan ham bu borada kichik yordam so‘radi va o‘z navbatida mamnuniyat bilan unga yordam berdim. Mirazizbek Mirzaxalilov, Nodirjon Mirzaxmedov, Hasanboy Do‘smatov va Shahram G‘iyosov kabi bokschilarimizdan u imzo qo‘yib berishni iltimos qildi.



Faqat u tezroq o‘z yurtiga ketishi lozimligini, Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov bilan uchrashishga ulgurmasligini aytgan holda uning suratlariga imzo qo‘ydirishni mendan iltimos qildi. Kecha Bahodir bilan uchrashuvimiz chog‘ida uning iltimosi bajarildi. Endi Serbiyadan Germaniyaga ushbu suratlarni pochta orqali jo‘natib yuborish qoldi xalos.

Aytgancha, Bahodir Jalolov AIBA tomonidan jahon chempionatiga mehmon sifatida taklif etilgan. Unga O‘zbekiston boks federasiyasi xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Shohid Tillaboyev hamroxlik qilmoqda. Yaqin orada Bahodirga oid yana bir yangilik e’lon qilinishi kutilmoqda.



Terma jamoa va OAV uchun ajratilgan mehmonxonalar orasidagi masofa biroz uzoqligi sabab terma jamoa atrofidagi muhitni yoritishda kichik muammolar yuzaga kelmoqda. Ammo shunday bo‘lsada, kamina va sports.uz saytidagi 4 nafar hamkasbim bilan birgalikda imkon darajasida "amallayapmiz".

Jahon chempionatini bevosita yoritish huquqini beruvchi akkreditasiyalarni olar ekanman, AIBAda faoliyat olib boruvchi hamkasblarimiz nima uchun Bahodir ushbu musobaqada qatnashmayotganligini, ular Jalolovni JCHda ko‘rishni istaganliklarini ta’kidlashdi. Ularga javoban esa Bahodir Olimpiadadan so‘ng dam olganligini, endigina mashg‘ulotlarga qaytganini, u katta ehtimol bilan e’tiborini professional boksga qaratmoqchi ekanligini aytdim. O‘z navbatida ular ham jahon va Olimpiada chempionligidan so‘ng prof boksga o‘tish to‘g‘ri qaror ekanligi haqida fikr bildirishdi.

Serbiya-2021 musobaqasining ochilish marosimida eng og‘ir vaznli Lazizbek Mullojonov terma jamoamiz bayroqdori sifatida ishtirok etgani haqida O‘zbekiston boks federasiyasining ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifalari orqali xabar berib o‘tgandik. Bosh murabbiy Marat Qurbonov boshchiligida o‘tkazilgan kichik yig‘ilishda aynan Lazizbekning bayroqdor bo‘lishi e’lon qilingandi. "Terma jamoa bayroqdori bo‘lish doimo sharaf hisoblanadi. O‘zimga bildirilgan ishonchni his qilib turibman va ushbu imkoniyatdan foydalanishga maksimal ravishda harakat qilaman. Men tayyorman", - deya fikrlarini bildirdi Lazizbek Mullojonov O‘zbekiston boks federasiyasi matbuot xizmatiga.



Janglar Belgraddagi "Stark Arena"da tashkil etildi. Ko‘pfunksiyali ushbu muhtasham arenada bu yilgi jahon chempionati g‘oliblari aniqlanadi. Arenada media xodimlari faoliyat olib borishi uchun maxsus zona tashkil etilgan. Vay-fay bilan bog‘liq kichik muammolar yuzaga kelganini hisobga olmasa, ishlash uchun yaxshi sharoitlar yaratib qo‘yilgan. Kechagi muammolardan hulosa chiqargan holda bugun "qurollangan" holda arenaga borishni maqsad qilib qo‘ydik.

Ish jarayonida qozog‘istonlik hamkasbimiz ham biz bilan birga faoliyat olib bormoqda. Qur’adan so‘ng bir qator mavzularda u bilan suhbatlashdik. Suhbatda albatta -51 kg vazn toifasida Hasanboy Do‘smatov va Saken Bibosinov qarama-qarshiligi haqida ham gap ketdi. Darvoqe, bu safargi jahon chempionatida yangi vazn toifalari ham qo‘shilgani sabab, qur’a jarayonida bokschilar reytingga ajratilmadi va aynan shu narsa bizga ilk bosqichdayoq Do‘smatov - Bibosinov va katta ehtimol bilan G‘iyosov - Shimbergenov qarama-qarshiligini kuzatish imkoniyatini taqdim etdi (bokschilarning uzoq vaqtdan buyon havaskor ringda jang o‘tkazmaganliklari alohida mavzu). Qozog‘istonlik do‘stimiz bilan suhbatda yana qozoq OAVlari saytlarda O‘zbekiston - Qozog‘iston qarama-qarshiligini bo‘rttirib yoritishlari haqida so‘radim. U esa bu juda qiziq mavzuligi va shu orqali o‘quvchilarni o‘zlariga jalb qilish uslubi ekanligini ta’kidladi.

Hullas, jahon chempionatini chiroyli g‘alaba bilan boshladik. Kecha Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev irlandiyalik raqibini mag‘lubiyatga uchratib, barchamizni xursand qildi. Unga terma jamoamizdagi "sirli tulpor" ta’rifini bergan bo‘lardik. Nafaqat xorijiy, balki o‘zbek muxlislari uchun ham nisbatan yangi nom. Shunchaki ushbu nomni eslab qolishni tavsiya qilaman.



Bugun uch nafar bokschimiz ringga ko‘tariladi. Yurtdoshlarimizning bugungi ishtirokini Odiljon Aslonov tanzaniyalik raqibga qarshi boshlab bersa, Hasanboy Do‘smatov qozog‘istonlik bokschi bilan o‘zaro hisob-kitob qiladi. Shuningdek Osiyo chempioni Saidjamshid Jafarov slovakiyalik bokschiga qarshi jang bilan jahon chempionatidagi yurishini boshlaydi. Janglarning boshlanish vaqti va juftliklar haqida avvalroq xabar berib o‘tgandik.

Eslatib o‘tamiz, janglar "Uzreport" telekanali orqali jonli efirda namoyish etilmoqda.

Aziz To‘xtamurodov, Belgrad shahridan

Manba: https://t.me/boxinguzbekistan
Kiritildi: 15:30, 26.10.2021.
O'qildi: 4802 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.