2021 yilgi Pro liganing so‘nggi 24-turi doirasidagi «Dinamo» - «Neftchi» uchrashuvi bilan Samarqandda chempionat bahslariga yakun yasaldi. O‘yin oldidan bayramona konsert dasturi o‘tkazilib, san’atkorlar chiqish qilishdi.
Superliga yo‘llanmasini muddatdan avval hal etgan Samarqand va Farg‘ona klublari o‘rtasidagi bahsda turnir jadvaliga ta’sir etadigan intriga bo‘lmasa-da, jamoalar faqat g‘alabani ko‘zlab maydonga tushganliklarini ilk daqiqalardan ko‘rsatishdi.
31-daqiqada Temurbek Ismoilovning jarima maydoniga yorib kirishi va ajoyib uzatmasini Shokir Yo‘ldoshev golga aylantirgan bo‘lsa, mehmonlar ikkinchi bo‘limda Sardor Abdunabiyevning goli evaziga javob golini kiritishdi – 1:1.
O‘yin yakuniga qadar Hakim Fuzaylov shogirdlari g‘alabani ilib ketish uchun bir qator vaziyatlarga ega bo‘lishsa-da, omad kulib boqmadi. Shunga qaramay, durang natija Samarqanddagi bayramoni muhitga ta’sir qila olmadi.
O‘yindan keyin Samarqand viloyati hokimining turizm va sport masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Nurullayev so‘zga chiqib, «Dinamo»ning Superliga yo‘llanma olgani bilan barchani tabriklab, O‘zbekiston chempionati o‘yinlarini rasman yopiq deb e’lon qildi.
Davlat madhiyasi yangraganidan so‘ng, viloyat hokimi o‘rinbosari Botir O‘tkirovich, viloyat turizm va sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev, Samarqand viloyat futbol assosiasiyasi birinchi vise-prezidenti Server Osmanov va «Dinamo» jamoasi boshlig‘i Uchqun Qobilov Superliga yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgani munosabati bilan bir qator faol va jonkuyar muxlislar va faxriylarga esdalik sovg‘alarni ulashishdi.
«Dinamo» klubi matbuot xizmatining ko‘p yillik an’anasiga ko‘ra, jamoaning 2021 yildagi eng yaxshi futbolchisini aniqlash uchun o‘tkazilgan so‘rovnoma yakunlariga binoan, Shohrux Abdurahmonov «Dinamo»ning 2021 yildagi eng yaxshi futbolchisi deb e’lon qilindi. Yil laureatini Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Nurullayev taqdirladi va «Dinamo» 2022 yilgi Superliga bahslarida ham munosib ishtirok etishini butun Samarqand ahli kutib qolishini bildirdi.
Pro liga. 24-tur
21 noyabr, yakshanba
«Dinamo» - «Neftchi» 1:1
Gollar: Shokir Yo‘ldoshev (31) - Sardor Abdunabiyev (68)
«Dinamo»: Aslonbek Ahrorov, Obid Jo‘raboyev, Jasur Hasanov, Muhammadqodir Hamraliyev, G‘olibjon Sariboyev, Temurbek Islomov (Islom Sharipov, 55), Shokir Yo‘ldoshev, Shohrux Abdurahmonov, Humoyun Sherbo‘tayev, Siroj Meliyev (Temur Usmonov, 46), Ro‘zimboy Ahmedov.
«Neftchi»: Shuhratillo Rahmonov, Shodiyor Hojimatov, Sobit Sindorov (Doston Toshmatov, 65), Sherzod Karimov, Abdulloh Olimov, A’zamjon Aliyev, Umar Adhamzoda, Tohirjon Shamsiddinov, Darko Stanoyevich, Oybek Qilichev, Ulug‘bek Hoshimov (Sardor Abdunabiyev, 65).