Florentino Peres «Real Madrid» moliyaviy jihatdan raqobatbardosh bo‘lishini ta’minlash uchun bor imkoniyatini ishga soladi va yangi «Bernabeu» klub prezidenti merosining javohiriga aylanadi. Funksioner stadionni ta’mirlash orqali «Qirollik klubi»ning uzoq muddatli moliyaviy barqarorligini ta’minlashda yordamlashadi. El Confidencial xabariga ko‘ra, Peres stadiondagi «sportga xos bo‘lmagan faoliyat»ni - konsert, ko‘rgazmalar, modalar namoyish va shu kabi boshqa tadbirlar uchun 400 million yevroga sotishni rejalashtirmoqda.
Kelishuv Amerikaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalar fondi bilan tuzildi. Operasiyani Florentino bilan uzoq yillik hamkorlik tarixiga ega Ispaniya investision firmasi - Key Capital kompaniyasi boshqarib, tavsiya qildi. Key Capital Yevropa Superligasi moliyalashtirilishini ta’minlashda qatnashdi va yangi «Santyago Bernabeu»ning rekonstruksiyasida sheriklik qildi. The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa Superligasi bosh kotibi bo‘lishga tayyorligini bildirgan fransiyalik biznesmen Anas Lagrari ham Key Capital hamkori sanaladi. Lagrari - 1980-yillardagi biznes, aniqrog‘i, ACS (Florentinoning qurilish kompaniyasi) loyihasi bo‘yicha birga ishlagan Peresning sobiq hamkasbining o‘g‘li.
400 million yevro miqdoridagi investisiya Amerika kompaniyasi tomonidan avans tarzida beriladimi yoki bir necha yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lanadimi, hozircha noma’lum. Lekin har qanday holatda ham, bu bevosita klubga pul oqimini yaxshilaydi. «Real» ushbu kapital natijasida futbolchilar sotib olish, xodimlar xarajati, boshqa yangi faoliyat va ma’muriy sarflarni qoplash bo‘yicha holatini ancha yaxshilab oladi.
Klub Amerikaning Legends International kompaniyasi bilan shartnoma imzolashga ham ulgurdi, ushbu hamkor chakana va raqamli strategiyani nazorat qiladi, «Santyago Bernabeu» rekonstruksiyasi doirasida klubning yangi do‘konini ochadi. Legends bungacha «Nyu-York Yankiz» va «Dallas Kovboys» jamoalari bilan ishlagan va oldinroq AirBnB investorlaridan biriga aylangan Sixth Street investision kompaniyasiga tegishli. «Real Madrid» ham, Legends ham ushbu hamkorlik orqali muxlislar uchun innovasion, daromadli va maqsadli mahsulot yaratishni o‘ylashmoqda. Klubning yangi stadion bo‘yicha asosiy maqsadlaridan biri - iste’molchilarni jalb etadigan va odatiy o‘yinlardan tashqari daromad keltirishi mumkin bo‘lgan mahsulot tashkil etish.
Legends International bilan hamkorlikka qo‘shimcha tarzda klub homiylik huquqlarining ma’lum qismini Amerikaning Providence aksiyadorlik kompaniyasiga sotdi, evaziga keyingi to‘rt mavsum uchun 200 million yevro oladi. Agar ushbu kelishuvlar J.P. Morgan va «Real Madrid» o‘rtasidagi stadion rekonstruksiyasini moliyalashtirish shartlari bilan birlashtirilsa, klubning sheriklik munosabatlarini yaxshilash, barqaror pul oqimini ta’minlaydigan shartnomalar imzolanishi bo‘yicha strategik ittifoqchilar bilan ulkan ishlarni amalga oshirgani oydinlashadi. Kamsonli klublar, ayniqsa, davlat strukturalariga tegishli bo‘lmaganlargina COVID-19 pandemiyasidan «Real Madrid» kabi kuch to‘plagan holda chiqishlari mumkin.
J.BOBOXONOV tayyorladi