Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Milandagi turk Xoqoni

Milandagi turk Xoqoni

Baho:
+ | -

Azaldan ma’lumki, turk millati shijoatli, kurashuvchan, jasur va dovyurakligi bilan nom qozongan. Mana shu jihatlarini hozir ham yo‘qotmay kelayotgan ushbu xalq vakillari sport olamida ham alohida o‘ringa ega. To‘g‘ri, ular ko‘p jabhada ustun bo‘lmasliklari mumkin, ammo shunchaki taslim bo‘lish ham ularga mos kelmaydi.

Turk futboli deganda ko‘z oldingizda paydo bo‘ladigan ilk futbolchi qaysi? 5-6 yil oldin shu savol berilganda, hech ikkilanmasdan hammamiz Arda Turanni ko‘rsatgan bo‘lardik. Biroq hozir unday emas. Hozir Turkiyada yangi futbolchilar va muhimi, yangi yetakchi bor. O‘sha yetakchining ismi – Xoqon Chalxanog‘lu.

Hozir shu futbolchi haqida so‘z yuritishga jazm etdik. Uning kelib chiqishi, sport olamidagi faoliyati, o‘yin uslubi va hokazolar haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Germaniyalik turk

Qahramonimiz 1994 yil 8 fevralda Germaniyaning Manxeym shahrida tavallud topgan. Ism-familiyasidan uning kelib chiqishi turk ekanligini anglash qiyin emas. Ancha yillar oldin Xoqonning ota-onasi Turkiyadan Germaniyaga ko‘chib kelishgan. Ma’lumki, Turkiyadan Germaniyaga ko‘chib o‘tish turklar uchun xuddi bizning Rossiyaga ko‘chganimiz bilan teng.

Futbolchilik sir-asrorlarini ham u nemis diyorida o‘rgana boshlagan. O‘sha payti Germaniya ikkinchi divizioni a’zosi bo‘lmish “Karlsrue“ klubi Chalxanog‘luning ilk jamoasi hisoblanadi. 2010 yilda turkiyalik futbolchi “Karlsrue“da debyut qilganidan 2 yil o‘tib, “Gamburg“ga ko‘chib o‘tadi. Klub bilan 4yillik shartnoma imzolanadi, ammo u dastlabki yilda yana qadrdon “Karlsrue“sida ijara asosida harakatlanishda davom etadi. “Gamburg“dagi debyut uchrashuv 2013 yil 11 avgustga to‘g‘ri keladi. Ushbu bahsda 74 daqiqa o‘ynagan Xoqon jamoasining 3:3 hisobidagi jangovor durangga erishishida katta hissa qo‘shadi. Bu yerdagi birinchi golini esa debyutidan 20 kun o‘tib, “Ayntraxt Braunshveyg“ jamoasiga qarshi o‘yinda kiritadi.

Iste’dodli futbolchi Gamburgda ham ko‘p ushlanib qolmadi. Oradan 1 yil o‘tar-o‘tmas 14.5 million yevro evaziga Leverkuzenning “Bayer“iga kelib qo‘shildi. Kutilganidek, bu klubda ham muvaffaqiyatli harakat qilgan qahramonimiz leverkuzenliklar bilan 3 yil birga bo‘ldi. Bu muddat davomida 115 rasmiy o‘yinda 28 gol urishga muvaffaq bo‘lgan germaniyalik turk 2017 yil Italiyaning nomdor “Milan“ klubi a’zosiga aylandi. Xoqonning Italiyadagi faoliyati haqida quyiroqda batafsil gaplashamiz. Hozir esa biroz chekinish qilmoqchimiz.

O‘zgacha uslub egasi

Xoqon Chalxanog‘luning aytishicha, u ko‘proq turkiyalik nemis Mesut Ozil kabi futbol o‘ynashni xohlaydi. Turkiya terma jamoasida ham Ozil Germaniyada qanday o‘ringa ega bo‘lsa, shunday darajada bo‘lishni istaydi. Rostan ham uning o‘yinlarini kuzata turib, tomoshabinda Mesutni qayta kashf etgandek tasavvur paydo bo‘ladi. Noodatiy va aqlli uzatmalar, maydonni ko‘ra bilish qobiliyati, jarima zarbalaridan ustamonlik bilan foydalanish kabi xislatlari uning uslubi kimga o‘xshashi ekanligidan dalolat berib turadi.

Shuningdek, Chalxanog‘lu standart vaziyatlardan tez-tez ajoyib gollar kiritib turadi. Bu ham uni juda iqtidorli deyishimiz uchun asos bo‘ladi. Ayniqsa, yaqinda “Inter“ safida burchak zarbasidan urgan goli ijtimoiy tarmoqlarda shunchaki “bomba“ bo‘ldi.

Italiya tomonlarda...

2017 yil “Milan“ga kelib qo‘shilgan turkiyalik iste’dod sohibi “rossonerilar“ning faxrli 10-raqam egasiga aylandi. O‘z vaqtida bu raqam egasi sifatida bu jamoada afsonaviy Ruud Gullit, Klarens Zeedorf va Zvonimir Bobanlar to‘p surganini ham eslatib o‘tish lozim. Kutilganidek, Xoqon sharafli libos safida yetakchilarga xos tarzda harakat qildi. “Milan“ safida 135 uchrashuv o‘tkazgan futbolchi 22 gol muallifiga aylandi, 32 golga assistentlik qildi.

Shunday ajoyib mavsumlarning birida Chalxanog‘lu klub rahbariyati bilan shartnomani uzaytirish masalasida kelisha olmadi. Xabar qilinishicha, o‘sha payti yarim himoyachiga 3.5 million yevro maosh taklif qilishgan. Futbolchi esa ikki baravar ko‘prog‘ini so‘ragan va rad javobini olgan.

Shu tariqa, u yangi jamoa izlay boshladi va bu ko‘p vaqt, hatto, ko‘p masofa ham talab qilmadi. Xoqon Milanning narigi jamoasi “Inter“ga o‘tib qo‘ya qoldi.

Hozir u “ko‘k-qoralar“ safida ajoyib sermahsullik qayd etmoqda. 17 o‘yinda 6 gol va 7 assist. Assistentlik bo‘yicha A Seriyada jamoadoshi Nikolo Barella bilan birgalikda eng yaxshi ko‘rsatkich egasi bo‘lib turibdi. “Inter“ esa ayni paytda, musobaqa peshqadami. Shubhasiz, futbolchi va klub uchun joriy mavsum ajoyib o‘tmoqda.

 ******

Hali mavsum yakunlanmadi. Shunday ekan Chalxanog‘luda natijalarini yanada yaxshilab olish uchun yetarli vaqt bor. Biz esa turk birodarimiz faoliyatiga omad va zafarlar tilab qolamiz. A Seriyada turkiy xalq vakillarining eng yaxshi bo‘lishiga umid qilamiz.

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 14:13, 03.01.2022.
O'qildi: 3155 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.