Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Qiyin tanlov o‘rtaga tushganida...

Qiyin tanlov o‘rtaga tushganida...

Baho:
+ | -

«Borussiya» D. hujumchisi Erling Xoland aslida Norvegiya termasi emas, Angliya milliy jamoasida o‘ynash imkoniyatiga ega edi, Kilian Mbappe esa hozir Kamerun bayrog‘i ostida AMK-2022da maydonga tushardi agar Fransiya futboli foydasiga qaror chiqarmaganida. O‘qigan bo‘lsangiz, gazetamizning avvalgi seshanba sonida milliy jamoa tanlash bobida turli variantlarga ro‘baro‘ bo‘lgan ba’zi darvozabon va himoyachilar haqida hikoya qilgandik. Demak, shu mavzuni davom ettiramiz. Ya’ni navbat shunday qismatga uchragan eng sara yarim himoyachi va hujumchilarga keldi.

YARIM HIMOYACHILAR

Jorjinyo (Italiya)

Variant - Braziliya termasi

Jorjinyo - italyan «oriundo»si. «Chelsi» vakili Yevropa chempionatida g‘alaba nashidasini surgan asli braziliyalik 5 nafar futbolchi qatorida. Bular - Senna, Pepe, Jor­jinyo, Toloi va Emerson.

 

Sergey Milinkovich-Savich (Serbiya)

Variant - Ispaniya termasi

Serblar bosh jamoasi markazida katta rol bajarayotgan Sergey Ispaniyaning Lyeyda shahrida tug‘ilgan. Qolaversa, otasi shu shahar klubida o‘ynagan. Demakki, Milinkovich-Savichda «qizil furiya» tarkibiga kirish huquqi yo‘q emasdi.

 

Ivan Rakitich (Xorvatiya)

Variant - Shveysariya termasi

Xorvatiya milliy jamoasi safida allaqachon 100ta o‘yin marrasidan o‘tgan Ivan boshlang‘ich futbol ta’limini Shveysariya (tug‘ilgan joyi)da olgan. U keyinchalik mamlakat o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari libosida ham maydonga tushdi, biroq kattalar doirasida ota yurti - Xorvatiya uchun o‘ynashni ma’qul ko‘rdi.

 

Pyer-Emil Xeybyerg (Daniya)

Variant - Fransiya termasi

Bugungi Daniya terma jamoasi yetakchilaridan biri bemalol fransuzlar bilan jahon chempioni bo‘lishi mumkin edi. Har holda, uning onasi bir tomondan fransiyalik.

 

Deklan Rays (Angliya)

Variant - Irlandiya termasi

Yevropa jamoalarining deyarli har bir qora tanli vakili, hattoki, «ko‘hna qit’a»da tug‘ilgani ham ota-bobolari makoni - Afrika mamlakati termasida o‘ynash imkoniyatidan foydalanishi mumkin. Lekin biroz qiziqarliroq holatlar ham bor. Deylik, Angliya futbolining 100 «limon»li yulduzi Deklan Rays otasi tufayli Irlandiya termasini tanlashi hech gap emasdi. U «yashillar» safida o‘ynagan ham, faqat o‘rtoqlik maqomidagi uchrashuvda.

 

Jek Grilish (Angliya)

Variant - Irlandiya termasi

Angliya futbolining yana bir qimmatbaho yulduzi. Jek ham xuddi Deklan kabi irlandlar yurtiga «qiyo boqsa» bo‘lardi. Zero, uning otasi Irlandiyadan. Aytgancha, Grilish ham bu yurt jamoasining o‘rtoqlik bahsida o‘z salohiyatini  sinab ko‘rgan. Ammo rasmiy o‘yinlar vaqti kelganida, «uch sherlar» bayrog‘i ostida harakatlanishni afzal bildi.

 

HUJUMCHILAR

Lionel Messi (Argentina)

Variant - Ispaniya termasi

Hammaga ma’lum tarix - Leoning bobokalonlari Italiyada yashashgan, italyancha familiyasi shundan. Biroq bu sportda fuqarolik olish uchun yetarli emas. Ispaniya variantiga kelsak, «Oltin to‘p»ning ko‘p karra sohibi 13 yoshidan shu mamlakatda yashagan va bemalol «qizil furiya»ni tashlashi mumkin edi. Biroq argentinalik yulduzning oilasi bu boradagi takliflarni har safar qat’iy ohangda rad etgan.

 

Paulo Dibala (Argentina)

Variantlar - Polsha va Italiya termalari

Argentina futbolining yana bir yulduzi. Pauloning buvisi neapollik. U shu jihatdan «skuadra adzurra»ni tanlash huquqiga ega edi. Bobosi Boleslav Dibala esa ikkinchi jahon urushidan oldin Polshada yashagan.

 

Leroy Sane (Germaniya)

Variantlar - Fransiya va Senegal termalari

Hammasi oddiy - Leroyning otasi Fransiya­da, bobosi esa Senegalda tug‘ilgan. Qanot hujumchisi esa Germaniya termasini tanladi va bu qaroridan afsuslanma kerak. To‘g‘ri, Fransiya termasi varianti ham chakki emasdi.

 

Antuan Grizmann (Fransiya)

Variantlar - Germaniya va Portugaliya termalari

Antuan ota tomondan nemislarga borib taqaladi (buni familiyasidan ham osongina payqash mumkin), ona tomondan bobosi esa portugaliyalik mashhur sobiq futbolchi - Amaro Lopesh.

 

Kilian Mbappe (Fransiya)

Variant - Kamerun termasi

Kilian Mbappening otasi Kamerundan. Biroq afrikaliklar uchun bu yigitni o‘z jamoalarida ko‘rish shunchaki, orzu...

 

Erling Xoland (Norvegiya)

Variant - Angliya termasi

Erling Angliyaning Lids shahrida tug‘ilgan. Otasi o‘sha payt Angliyada o‘ynagan. Bu esa supergoleadorga «uch sherlar» safiga qo‘shilish imkoniyatini bergan. Lekin kichik Xoland bundan foydalanishni istamadi.

R.IBROHIMOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 08:20, 23.01.2022.
O'qildi: 2586 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.