Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Vunderkindlar: Fransiyadagi iqtidorni kuzatamiz!

Vunderkindlar: Fransiyadagi iqtidorni kuzatamiz!

Baho:
+ | -

Sir emaski, Fransiya chempionati har doim ko‘plab iqtidorlarni yetishtirib bergan, Liga 1ga bir necha yildan buyon «Talantlar ligasi» degan ta’rif berilayotgani bejiz emas. Quyidagi maqolada ushbu mamlakatda to‘p surayotgan, e’tibor qaratishga arzigulik vunderkindlar haqida so‘z yuritiladi.

       
SHEYK DUKURE

(22 yosh, «Lans»)

Fransiya «Atalanta»si deb atalayotgan «Lans» yarim himoyasida 21 yoshli Sheyk Dukure o‘ynaydi. Malilik futbolchi 2018 yili faranglar yurtiga ko‘chib o‘tgan. Uning faoliyati markaziy himoyadan boshlangan, lekin dastlabki murabbiylari Sheykda aynan tayanch yarim himoyachisini ko‘rishgan. «Lans» tarkibidagi ilk mavsumida Liga 2da 31ta o‘yin o‘tkazgan. Mavsum-2021da esa Liga 1da 33 marta maydonga tushib, 2 gol va bir assist muallifiga aylandi. Dukure yoshiga xos bo‘lmagan xotirjamlikka ega, bosim ostida binoyidek o‘ynaydi. Uzoq masofaga aniq uzatmalar yo‘llaydi, maydonni yaxshi ko‘ra oladi, jamoadoshlarini o‘z vaqtida topadi. Hujumga ko‘p qo‘shilmaydi, asosan sheriklarini sug‘urtalashni o‘ylaydi. Joriy mavsum to‘p nazorati yaxshilangan bo‘lsada, himoyaviy ko‘nikmalar yetishmayapti.


BUBAKAR KAMARA

(22 yosh, «Marsel»)

Shartli Samir Nasri yoki aka-uka Ayyulardan keyin «Marsel» akademiyasidan chiqqan birinchi ko‘zga ko‘ringan tarbiyalanuvchi klub tizimiga 2005 yili, 5 yoshida kelgan, ilk harakatlaridayoq tengdoshlaridan ajralib turgan. Bubakar «Marsel»dagi debyutini 2016 yili nishonlagan, Liga 1dagi dastlabki o‘yinini esa 2017 yilning oktyabrigacha kutishiga to‘g‘ri kelgan. Dastavval markaziy himoyachi pozisiyasida o‘ynagan, serqirra o‘yinchi sifatida tanilgan. Andre Villash-Boash bosh murabbiylikni qo‘lga olgach, Kamaraning roli o‘zgardi - tayanch chizig‘iga o‘tdi va bunga ham ko‘nikdi. Payet va Toven singari tajribali futbolchilar ham inqirozga yuz tutgan davrlarda qahramonimiz barqarorlikka erisha oldi, jamoaga ko‘p nafi tegdi. Xorxe Sampaoli kelganidan keyin ham Bubakarning ko‘nikmalari yo‘qolmadi, u hamon ajoyib va ishonchli o‘yin namoyish etmoqda. Kamara barcha taktik sxemalarga moslasha oladi. Uning «Marsel»dagi shartnomasi yakunlanmoqda va kelishuvni uzaytirishi amrimahol, zero futbolchi maoshi uch marta oshishini xohlamoqda. Klub ham noyob javohirini qo‘yib yubormoqchi emas, agar YECHL yo‘llanmasi qo‘lga kiritilsa, uni saqlab qolish nisbatan osonlashadi.


JONATAN DEVID

(21 yosh, «Lill»)

Ushbu ro‘yxatdagi, ehtimol, eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan futbolchi. 21 yoshli hujumchiga APL grandlari da’vogarlik qilmoqda. U Nyu-Yorkda tavallud topgan, ota-onasining kelib chiqishi Gaitidan bo‘lganligi sabab bolalik davri ushbu davlatda o‘tgan. Uning Yevropadan shartnoma olish bo‘yicha dastlabki urinishlari chippakka chiqdi. «Zalsburg» va «Shtutgart»dan rad javobi oldi, «Gent» esa unga «ha» dedi. Belgiyadagi ikki mavsum davomida 30ta gol va 11ta assist qayd etdi. Bunday sermahsullik «Lill» sport direktori Luish Kampushning e’tiborini tortdi va u Devidni Fransiya chempionatiga ko‘chib o‘tishga ko‘ndirdi. Avvaliga moslashish jarayonida qiynalgan bo‘lsada, mavsum-2020|2021 finishiga 13ta gol bilan yetib bordi. Joriy kampaniyada Jonatan 19 o‘yinda 12ta gol urganini inobatga olsak, avvalgi ko‘rsatkichlarini yaxshilashiga ishonish mumkin. Jarima maydonchasi ichida to‘g‘ri joy tanlaydigan, pressing va o‘yinni o‘qishda faol bo‘lgan bu futbolchi hozir Fransiya chempionati to‘purarlari poygasida peshqadamlar safida. «Lill»ga uni tarkibda saqlab qolish qiyin bo‘ladi, birinchidan, klubga pul kerak, ikkinchidan, Devid o‘sishga erishishi lozim.


YUGO EKITIKE

(19 yosh, «Reyms»)

Ro‘yxatimizdagi eng kam tanish bo‘lgan va eng yosh futbolchi. 19 yoshida Liga 1dagi ilk mavsumini o‘tkazgan Yugo o‘zini ko‘rsatishga ulgurdi. Ekitike - «Reyms» akademiyasi tarbiyalanuvchisi. U tezkor, duellarda faol, ajoyib driblingga ega. Asosan markaziy hujumchi pozisiyasida o‘ynaydi, lekin murabbiylar unga erkin to‘p surish imkonini berishadi. Bo‘yi 190 sm. bo‘lishiga qaramay, hali biror marta boshi bilan gol urmadi. Yugo Kilian Mbappening o‘yinidan ilhom oladi, fransuz mutaxassislari ushbu futbolchilar o‘rtasida o‘xshashlik bor, deb hisoblashmoqda. Qahramonimizning yana bir yoqimli futbolchisi - Karim Benzema. Mavsum boshida Ekitikedan nima kutishni hech kim bilmasdi, qishda esa «Reyms» «Nyukasl»dan forvardning transferi masalasida 35 mln. yevrolik taklif oldi. Yugoning intizom masalasida muammolari bor, shu tufayli joriy mavsum ikki marta «qizil» oldi.


SVEN BOTMAN

(21 yosh, «Lill»)

«Ayaks»da tarbiya topgan bu futbolchi «Xerenven»ga ijaraga berilgan, «Lill» uni aynan o‘sha yerdan topgandi. Botman yangi jamoasiga moslashishda qiyinchilikka duch kelmadi. Markaziy himoyada to‘p suradigan Sven baland bo‘yi (1,93 sm.) evaziga havodagi kurashlarda ancha faol, paslari aniq chiqadi, raqiblarni aldab o‘tishdan cho‘chimaydi. U qo‘pol himoyachi hisoblanmaydi, Fransiya chempionatidagi 1,5 mavsumi davomida atigi uch bor ogohlantirilgan. O‘tgan yilning qishida «Liverpul» unga og‘iz solgandi, ammo «Lill» futbolchisini qo‘yib yubormadi. Hozir unga «Nyukasl» xaridor, «doglar» esa fikrini o‘zgartirmoqchi emas - Sven ketmaydi.


MAKSANS KAKERE

(21 yosh, «Lion»)

11 yoshida «Lion» tizimida paydo bo‘lgan Maksans hozirgacha qanday iqtidor sohibi ekanligini isbotlay oldi. Asosiy jamoadagi debyutini 2019 yili Fransiya kubogida o‘yinda amalga oshirgan. Keyinchalik bosqichma-bosqich o‘sishga erishgan markaziy yarim himoyachi jamoada muhim figuralardan biriga aylandi. Kakere uzatmalar aniqligi bo‘yicha «Lion»da eng yaxshilardan hisoblanadi. Mavsum-2019|2020dan keyin Maksans yanada ishonchliroq o‘yin namoyish qila boshladi, o‘sishda davom etmoqda. U hozir to‘g‘ri yo‘ldan boryapti, klubini almashtirgan taqdirda ham rivojlanishdan to‘xtab qolmasligi aniq. «PSJ»ga qarshi kechgan bahs 21 yoshli futbolchining professional faoliyatidagi 75-o‘yin bo‘ldi.


AMIN GUIRI

(21 yosh, «Nissa»)

Guiri - «Lion» tarbiyalanuvchisi, 10 mln. yevro evaziga «Nissa»ga o‘tganida, bundan ko‘pchilik hayron bo‘lgandi. Avvalgi jamoasida unga «yangi Karim Benzema» taxallusini berishgan, akademiyada esa javohir sanalgan. Lekin yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagani sabab, qadrdon jamoasini tark etishiga to‘g‘ri keldi. «Nissa»ga jamoa murakkab davrni boshdan kechirayotgan pallada o‘tgan Amin mavsum-2020|2021ni 12 gol va 4 assist bilan yakunladi. Bu mavsum Guiri «gol}pas» tizimida 9}4 ochko ishlab ulgurdi, demak, Liga 1dagi rekordini yangilashiga umid bor. Amin universal futbolchi, uzoq masofalarga aniq uzatmalar yo‘llaydi, tezkor, driblinglari yaxshi chiqadi. O‘zi darvozaga zarba yo‘llashi yoki sherigiga aniq pas berishi evaziga raqiblarni qiyin ahvolga soladi. Faqat... havodagi kurashlar borasida biroz ishlashiga to‘g‘ri keladi.

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 07:48, 03.02.2022.
O'qildi: 2590 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.