Qishki transfer oynasidagi eng shov-shuvli transferlardan biri bu hujumchi Dushan Vlaxovichning “Fiorentina”dan “Yuventus”ga o‘tishi bo‘ldi. Bu butun A seriya uchun muhim voqea edi, chunki “keksa sinyora” chempionatning eng yaxshi to‘purarlaridan birini qo‘lga kiritdi. Bu kelishuv Italiya futboli tarixidagi rekord transferlardan biri bo‘ldi deyish mumkin. Shu sabab, quyida A seriya tarixidagi eng qimmat 7 ta transfer haqida ma’lumot berishga qaror qildik.
Romelu Lukaku
Qayerdan: “Manchester Yunayted”
Qayerga: “Inter”
Qanchaga: 74 million yevro
Lukaku 2019 yilning yozida “Manchester Yunayted”dagi omadsiz o‘yinlaridan so‘ng “Inter”ga o‘tishga qaror qildi. Ko‘pchilik “neradzurrilar” nega APLda o‘zini ko‘rsata olmagan futbolchi uchun bunday summani to‘laganligi haqida gapirishdi. Ammo... Ammo, Romelu barcha tanqidlarga o‘z o‘yini orqali javob berdi.
Belgiyalik futbolchi “Inter”da ajoyib ikki mavsum o‘tkazdi va “neradzurrilar”, ham Antonio Konte bilan birga skudettoni qo‘lga kiritdi. Lukaku tom ma’noda Milanda qayta tug‘ildi va A seriyadagi ikki mavsum davomida 47 ta gol urdi. O‘tgan mavsum so‘nggida futbolchi “Chelsi”ga o‘tdi. Ammo, bu qaror ko‘pchilikni hayratlantirdi. So‘nggi intervyulariga qaraganda, hujumchining o‘zi ham bundan afsusda. Ammo qaror qabul qilindi. Belgiyalik yana kimgadir nimanidir isbotlashi kerak bo‘ladi, ammo endi Milanda emas, balki Londonda.
Viktor Osimxen
Qayerdan: “Lill”
Qayerga: Napoli
Qanchaga: 75 million yevro
Osimxen “Lill”da 1 yil o‘ynadi. Viktor Liga—1 chempionatidagi debyut mavsumida 13 ta gol urishga erishdi va bu “Napoli” skautlari e’tiborini tordi. “Itlar” hujumchi ortidan yaxshigina foyda ko‘rishdi, chunki uni Belgiyaning “Sharlerua” klubidan 22,5 million yevroga sotib olib, Neapol klubiga 75 millionga sotishdi. Balki, “adzurrilar” futbolchi uchun ortiqcha pul to‘lagandir, ammo u jamoaga yaxshigina foyda keltirmoqda.
Nigeriyalik o‘zining A seriyadagi birinchi mavsumida 10 ta gol va 3 ta golli uzatma amalga oshirdi. Joriy mavsumda hujumchi barcha musobaqalarda 9ta gol urgan. Biroq, uning jarohati bo‘lmaganida, bu gollar yanada ko‘proq mumkin edi. Osimxen hozirda 23 yoshda. Demak, uning faoliyatining yorqin davrlari hali oldinda.
Artur
Qayerdan: “Barselona”
Qayerga: “Yuventus”
Qanchaga: 76 million yevro
Artur “Barselona”dan “Yuventus”ga, Miralem Pyanich esa Turindan Kataloniya poytaxtiga ketdi. “Byankonerilar” braziliyalik uchun 76 million yevro to‘lagan. Bu yosh markaziy yarimhimoyachi uchun juda munosib summa. Ammo, Artur Turinda “Barsa”dagi kabi o‘yin ko‘rsata olmayapti. Umuman olganda, Meloning “Yuventus”dagi kelajagi so‘roq ostida.
Yanvar oyida futbolchi boshqa klubga o‘tishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqadi, biroq Massimiliano Allegri uni boshqa jamoaga qo‘yib yuborishni istamadi. Hozircha Arturning transferi “keksa sinyora” uchun muvaffaqiyatsiz bo‘ldi deyish mumkin. Biroq, barchasini vaqt ko‘rsatadi.
Dushan Vlaxovich
Qayerdan: “Fiorentina”
Qayerga: “Yuventus”
Qanchaga: 81,6 million yevro
Vlaxovich – “Yuventus”ning eng so‘nggi transferlaridan biri. “Byankonerilar” serbiyalik uchun salkami 82 million yevro sarflashdi, ammo bu pul yarim mavsumda 17 ta gol urgan yosh hujumchi uchun bu ajoyib narx.
Bu transfer haqida juda ko‘p gapirildi. Shuningdek, Dushan hali yangi jamoasi safida bitta ham o‘yin o‘tkazib ulgurmagan. Shuning uchun Vlaxovich haqida ko‘p gapirishga lozim topmadik.
Matteys de Ligt
Qayerdan: “Ayaks”
Qayerga: “Yuventus”
Qanchaga: 85,5 million yevro
De Ligt A seriyadagi eng qimmat uchta transferdan biri. Bundan tashqari, u dunyoning eng qimmat markaziy himoyachilari ichida ikkinchi o‘rinda turadi (Garri Maguayr,87 million yevro). So‘nggi paytlarda gollandiyalik futbolchi Turin klubini tark etishi mumkinligi haqida gap-so‘zlar ko‘paymoqda.
Umuman olganda, de Ligtning faoliyatijuda qiziq. 22 yoshida u “Ayaks” sardori bo‘lishga ham muvaffaq bo‘lgan. Matteysning Turin klubigi ishlarini yaxshi deb bo‘lmaydi. Sababi, u ba’zan zaxirada qolsa, ba’zida asosiy tarkibda tushib, to‘liq 90 daqiqa o‘ynaydi. Mish-mishlarga ko‘ra, “Chelsi” gollandiyalik futbolchini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Ko‘ramiz, “Yuve” o‘z tarixidagi eng qimmat markaziy himoyachisini sotarmikan?!
Gonsalo Iguain
Qayerdan: “Napoli”
Qayerga: “Yuventus”
Qanchaga: 90 million yevro
Iguain faoliyatining 3 yilini “Napoli”da o‘tkazdi va ushbu yillar davomida argentinalik17, 18 va 36 ta gol urdi. 2016 yilda hujumchi o‘sha vaqtda rekord summa hisoblangan 90 million yevro evaziga “Yuventus”ga o‘tdi. Gonsalo u yerda ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi, biroq futbolchi “Napoli”dagi kabi futbolini namoyish eta olmadi.
Keyinchalik, futbolchi “Milan” va “Chelsi”da ijara asosida faoliyatini olib bordi, shundan so‘ng 2020 yilda erkin agent sifatida “Inter Mayami”ga o‘tdi. Gonsalo “Yuventus”da zo‘r o‘yin ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, Italiya futboli tarixida o‘z nomini qoldirishga erishgan.
Krishtianu Ronaldu
Qayerdan: “Real Madrid”
Qayerga: “Yuventus”
Qanchaga: 117 million yevro
A seriyaning transfer bozorida deyarli barcha rekord shartnomalar “Yuventus” tomonidan amalga oshirilgan. Shu sabab, bu ro‘yxatda Turin klubi a’zosi birinchi o‘rinni egallashi ham ajablanarli emas. 2018 yilning yozida “keksa sinyora” Krishtianu Ronalduni “Real”dan 117 million yevroga sotib olgandi. Bu kelishuv ham “Yuventus” uchun, ham butun Italiya futboli uchun rekord transferhisoblanadi.
Krishtianu o‘ziga investisiya qilingan pulni “Yuventus”ga 101 ta gol urish orqali qaytardi. Futbolchi va Turin klubi o‘rtasidagi hikoya yaxshi yakun topmagan. Sababi, Italiya jamoasi Ronaldu bilan Chempionlar ligasida g‘alaba qozonish maqsadida taklif qilgan edi. Ammo, bu amalga oshmadi. Lekin nima bo‘lganda ham Ronalduning transferi “Yuventus”ga ham, butun Italiya futboliga ham katta foyda keltirgan.
Jamshidjon Mahmudov tarjimasi.