Polsha futbolida yangi kumir bosh ko‘tarmoqda. Savol - u chindan ham, «Yangi Levandovski» maqomiga munosibmi? Polsha milliy termasining Yevro-2020 paytidagi mashg‘ulotidan keyin jamoa yetakchisi Robert Levandovski va sobiq bosh murabbiy Paulu Souza «Brayton»ning yangi xaridi - Kasper Kozlovskini so‘roqqa tutishadi. Jumladan, portugaliyalik mutaxassis yigitchadan unga taqdim etilgan videotahlil bilan tanishib chiqqan-chiqmaganini so‘raydi. Kasper bunga javoban kompyuteri yo‘qligi tufayli topshiriqni bajarolmaganini aytadi... Footballhd.ru sayti ma’lumotlari asosida tayyorlangan quyidagi maqola aynan «Yangi Levagol» haqida.
Polsha milliy jamoasi bosh insayderi Mixal Zaxodni keyinchalik voqea qanday rivojlanganini oshkor qildi: «Souza shundan so‘ng darhol Robertga yuzlanib, Kasperga kompyuter olib berishini tayinladi. «Aytilgan gap - otilgan o‘q!» - futbolda turli avlodlar vakillari o‘rtasidagi bunday munosabat tahsinga sazovor. Xullas, Robert murabbiy iltimosini yerda qoldirmadi. Umuman, Kozlovskiga nisbatan katta e’tibor borligi tabiiy hol. Zero, unga Polsha futbolining yangi umidi sifatida qarashmoqda». Yoqimli e’tirof, lekin amalda Levagoldek afsonaga tenglashish haqida o‘ylashning o‘zi ham qiyin. Aslida-ku, navqiron yarim himoyachi hozirning o‘zida ayrim jihatlar bo‘yicha «Bavariya» to‘purarini ortda qoldirishga ulgurdi. «Kasperdan hayratomuz mo‘’jizalar kutishmoqda. Chunki u terma jamoa tarkibiga juda barvaqt qo‘shilib, Yevropa chempionati final bosqichida o‘ynashga ham muvaffaq bo‘ldi. Qisqasi, Levandovski bir necha yillik mashaqqatli mehnat evaziga erishgan maqomga o‘ta qisqa vaqt ichida ega bo‘ldi», - deydi Zaxodni.
«Brayton» Kasper uchun talab etilgan 8 mln. funt (11 mln. yevro)ni «Pogon Shesin»ga qurtdek sanab berib, mavsumning qoq o‘rtasida o‘z tarkibini salohiyatli ijrochi bilan boyitdi. Vaholanki, Kozlovskiga «Liverpul», «Borussiya» D., «Barselona» va «Ayaks» kabi katta klublar ham befarq qaramayotgandi. Fakt shuki, kamtarin «Brayton» polshalik yarim himoyachi bilan birdaniga 4,5 yillik shartnomani rasmiylashtirdi. Qiziq, Kasper nega shu jamoani tanladi? Birinchidan, Angliya klubi yosh iqtidorlar salohiyatini yuzaga chiqarish borasida ulkan tajribaga ega. Xususan, ijodiy ishlarga «Brayton» texnik direktori Den Eshvortning shaxsan o‘zi bosh-qosh. «Nyukasl» anchadan buyon uni o‘z tizimiga jalb etish harakatida va bu bejiz emas. Qolaversa, «Brayton» - polshaliklarga yaxshi tanish klub. Deylik, 2020 yilning oktyabrida «Lex»dan o‘tgan Yakub Moder ayni payt Grem Potter jamoasining asosiy o‘yinchilaridan biriga aylangan. Shuningdek, Mixal Karbovnik ham yaqin-yaqingacha Moder bilan yonma-yon to‘p surdi va hozir «Olimpiakos»da ijara muddatini o‘tamoqda. «Agar shu uch futbolchini taqqoslasak, Kasper yaqqol ustunlikka ega. U ham «8-raqam», ham «10-raqam» pozisiyasida samarali to‘p surishga qodir. Asosiysi, Kozlovski hujumga qo‘shilish, to‘p bilan muomalada bo‘lish, raqiblarni aldab o‘tish, reydlar uyushtirishni o‘rniga qo‘yadi. To‘g‘ri, yigitcha faqat ichki his-tuyg‘usiga tayanib to‘p suradi, taktikaga tobi yo‘q. Ya’ni maydonda cheklovlarga rioya qilmaydigan o‘yinchilar toifasiga kiradi. Umuman, cheklovlarni xayoliga keltirmasligi ham o‘ta jasur futbolchi ekanligidan dalolat. Deylik, Kasper maydonda qaltis qarorlar qabul qilishdan cho‘chimaydi» - bu jurnalist va tahlilchi Mixal Zaxodnining e’tirofi.
Kozlovski Yevro-2020dan o‘rin olgan Ispaniya termasiga qarshi o‘yinda maydonga tushish bilan nufuzli turnir tarixidagi eng yosh futbolchi maqomini angliyalik Jud Bellingemdan tortib oldi. Zaxodni mazkur uchrashuvdan keyin rekordchi-debyutantdan o‘yinning yuksak shiddati nechog‘li ta’sir qilgani xususida so‘raganida, futbolchi xotirjam holda javob qaytardi: «Yo‘q, qandaydir toliqish yoki bosimni sezmadim. Ha, biz asosan uzun uzatmalarga tayandik. Agar to‘p bilan tez-tez ta’minlab turishganida, aqlni shoshiradigan qandaydir hiyla o‘ylab topardim, albatta». Qarang, yosh futbolchiga xos bo‘lmagan dadillik. Aytishlaricha, Kasper «Pogon»dagi dastlabki mashg‘ulotlardanoq jamoadoshlariga ko‘rsatma bera boshlagan, ulardan ko‘proq uzatma bilan ta’minlashni so‘ragan. O‘sha payt yigitchani bor e’tiborini o‘yinga qaratishga o‘rgatishgan, endi saboqlar yuksak saviyaga ko‘tarilishiga yordam bermoqda.
Zaxodni polshalik «javohir» o‘z salohiyatini yaqqol namoyish etgan uchrashuvga alohida to‘xtalib o‘tdi. Voqea 2019 yili Angliya yoshlar terma jamoasiga qarshi kechgan Syrenka Cyp turniri o‘yinida yuz bergandi: «O, o‘sha bahsni ko‘rganingizda edi! Kasper o‘z goli bilan avvalroq 2ta to‘p o‘tkazib yuborgan Polsha termasini jarlikdan olib chiqdi. To‘g‘ri, inglizlar yakunda g‘olib chiqishdi, baribir. Lekin penaltilar seriyasida. O‘shanda Kasperning ideal o‘yiniga ilk bor guvoh bo‘lgandik. Murabbiylar ham uning tug‘ma iqtidor ekanligini tasdiqladilar. Jamoa qaysi uslubda to‘p surishidan qat’iy nazar, Kozlovski hamisha sheriklariga bir xil ohangda dangal murojaat qilardi: «To‘pni menga uzating, u yog‘ini o‘zim eplayman».
Yigitcha Polshaning shimoli-g‘arbida faoliyat yurituvchi «Pogon» klubi asosiy tarkibidan o‘tgan mavsum joy olgandi. Klubda akademiya va yosh iqtidorlarga katta e’tibor qaratiladi. «Pogon» bosh murabbiyi lavozimiga germaniyalik Kosta Runyaich tayinlangach, tezda ijobiy o‘zgarishlar sezildi. To‘g‘ri, hattoki, Kozlovski ham o‘tgan yilning iyul oyida Yevropa Konferensiya Ligasida «Osiyek» (Xorvatiya) to‘sig‘ini yengishni ta’minlay olmadi. Aytish o‘rinli, joriy mavsum «Yangi Levandovski» o‘yinlaridan bahra olish imkoni yo‘q - «Brayton» uni mavsum oxiriga qadar ijara kelishuvi asosida Belgiyaning «Yunion» klubiga jo‘natdi. E’tiborli tomoni, bu jamoa ayni payt Belgiya chempionati turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. «Yuni-on» qisman «Bray-ton» sohibi Toni Blumga tegishli. Shunday ekan, Kozlovskini ne-ga aynan Belgiyaga yuborishganida ajablanadigan tomoni yo‘q - yigitcha navbatdagi noyob iqtidor sifatida avvalo, «Yunion»da toblanishi kerak. Aytgancha, Yaponiya terma jamoasi vakili Kaoru Mitoma ham hozirda shu jamoada ijara muddatini o‘tamoqda. Avvalroq Janubiy afrikalik hujumchi Persi Tau va yosh himoyachi Aleks Kokreyn ham «Yunion»da tajriba oshirishgandi. Ekspertlarning xulosalariga ko‘ra, Kasper Kozlovski ularga nisbatan muvaffaqiyatliroq to‘p surish imkoniyatiga ega. Demak, kutamiz...
ma’lumot uchun
Kasper KOZLOVSKI
Tug‘ilgan sanasi va manzili: 2003 yil 16 oktyabr (18 yosh), Koshalin (Polsha)
Bo‘yi:182 sm.
Pozisiya bo‘yicha: yarim himoyachi
Klublari: «Pogon Shesin» (Polsha) - 2016—2019; «Brayton» (Angliya) - 2022-...; «Yunion» (Belgiya) - 2022—..., ijara
Polsha milliy jamoasining 6ta o‘yinida maydonga tushgan
R.IBROHIMOV tayyorladi