Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Dushan, YECHL shiddatiga tayyormisan?

Dushan, YECHL shiddatiga tayyormisan?

Baho:
+ | -

Beqiyos futbol olamida raqobat shu qadar kuchliki, duch kelgan o‘yinchiga Yevropaning eng ajib va nufuzli turniri - CHLda to‘p surish nasib etmaydi. Hattoki, ayrim noyob iqtidor sohiblariga ham bu betakror musobaqa nafasidan tuyish armon bo‘lib qoladi. Mana, FootBall-Style ijodkorlari oxirgi yillarda klub futbolida yorqin o‘yin namoyish etayotgan, lekin hamon bosh turnirda ishtirok etmagan top ijrochilarga e’tibor qaratdilar. Shu joyda aytish kerak, quyida keltirilgan futbolchilardan Dushan Vlaxovich tez orada CHLdagi debyutini nishonlash imkoniyatiga ega. Chunonchi, serbiyalik to‘purar endi «Fiorentina» emas, «Yuventus» a’zosi. Turinliklarni esa oldinda, aniqrog‘i, 23 fevral kuni «Vilyarreal» maydonida bo‘ladigan 1|8 final bosqichining birinchi o‘yini kutib turibdi.

Dushan Vlaxovich («Yuventus»). Serbiya­lik hujumchi katta futbolga 2016 yili Belgradning «Partizan» klubida qadam tashladi. Salohiyatli yigit o‘z vatanida atigi 2 mavsum to‘p surgach, Italiyaga yo‘l olib, «Fiorentina» libosini kiydi. Diqqat qiling, atigi 2 mln. yevroga xarid qilingan goleadorning transfer bahosi qisqa vaqtda 80 «limon»dan oshib ketdi. Bu - florensiyacha biznes! Dushan baquvvat oyoqlaridan maksimal darajada samarali foydalanadi, yana bar­qaror gol urishi bilan maqtanishga haqli. Deylik, o‘tgan mavsum «A» seriyada 21ta gol urgan serb hozirda bosh to‘purarga atalgan sovringa yaqqol da’vogar bo‘lib turibdi. Ayni payt Serbiya terma jamoasini ham Vlaxovichsiz tasavvur qilish qiyin. Shunday iqtidor hozirga qadar UYEFA bayrog‘i ostidagi bosh turnirda qatnashish baxtidan bebahra edi. Mana, vaziyat o‘zgardi - Dushan «Yuventus» safiga qo‘shilib, yangi klubda gollari hisobini ochishga ham ulgurdi. Endi navbat - YECHLga!

Deklan Rays («Vest Xem»). Yil sayin yetuk va ishonchli o‘yin ko‘rsatayotgan yana bir iqtidorli yigit. Deklan 22 yoshida «bolg‘achilar» yetakchisiga aylandi. Hozirda jamoaning APLdagi ishlari joyida - CHLga yo‘l ochish harakati qattiq. Londonliklar shu ketishda nufuzli turnir yo‘llanmasini qo‘lga kiritishlari hech gap emas. Ayni payt Rays­ning transferi 70 mln. yevroga baholanmoqda. Biroq klub uni sotmoqchi emas, chunki puldan ko‘ra, CHL chiptasi muhimroq. To‘g‘ri, «Vest Xem» joriy mavsum yakunida maqsadga erisholmasa, unda Deklanning o‘zi «Chelsi» yoki Manchester grandlaridan birini tanlashi ham mumkin.

Jovanni Simeone («Verona»). Kichik Simeone Argentina terma jamoasida debyutini nishonlashga ham ulgurdi. Ammo hali CHL marrasiga yetgani yo‘q. Muhimi, 26 yoshli hujumchi joriy mavsum kamtarin «Verona» safida deyarli barcha top klublar darvozasini zabt etdi. Diyego Simeone shu mahsuldorlikni yo‘qotmasa, unda keyingi mavsum qaysidir kuchli klub safini to‘ldirish imkoniyati oshadi. Ana shundagina CHLda o‘ynash orzusi ro‘yobga chiqishi mumkin.

Bukayo Saka («Arsenal»). Angliyalik yosh iqtidor 2018 yildan buyon «to‘pchilar» safida to‘p surmoqda, terma jamoa bilan esa Yevro-2020 finalini ko‘rdi. Mikel Arteta joriy mavsum uni naq 6ta pozisiya­da o‘ynatdi. Ha, ham «Arsenal», ham Saka o‘yinida mukammallikdan uzoq jihatlar yo‘q emas. Lekin navqiron ustoz va shogird izlanishda davom etishsa, CHL chegarasiga yetishlari ham mumkin.

Risharlison («Everton»). Braziliya milliy jamoasi hujumchisi «Uotford»dagi mavsumdan so‘ng «Everton»ga o‘tib, ancha samarali o‘yin ko‘rsatayotgandi. Lekin joriy mavsum jarohat tufayli talab darajasida to‘p surolmayapti. Aslida ekspertlarning xulosalariga ko‘ra, Risharlison «Everton» saviyasidan o‘zib ketgan va CHLda o‘ynashga shay.

Mikel Oyarsabal («Real Sosyedad»). Ispaniyalik 24 yoshli hujumchi - «Sosyedad» sardori va yetakchisi. U anchadan buyon risoladagidek to‘p surmoqda. Jamoa ham chakki emas, faqat o‘tgan mavsum ozgina omad yetishmadi. Ya’ni 5-o‘rinni band etgan «Sosyedad» YEL yo‘llanmasi bilan cheklandi. Joriy mavsum esa ma’lum muddat peshqadamlik qilgan San-Sebastyan klubi orada tezlikni pasaytirib, mavqeini boy berdi. Lekin vaziyatni o‘nglash imkoniyati yo‘q emas.

Andrea Belotti («Torino»). Anchadan buyon Italiya grandlari mo‘ljalida turgan hujumchi. Muammo shundaki, «Torino» qandaydir yo‘llar bilan uni olib qo‘ymoqda. Oqibatda 28 yoshga to‘lgan salohiyatli hujumchi hamon CHLdan tashqarida qolmoqda. Uning amaldagi shartnomasi yozda o‘z kuchini yo‘qotadi. Demak, yangi mavsumni «Inter», «Milan» yoki «Yuven­tus»da boshlashini taxmin qilish mumkin.

Aleksander Isak («Real Sosyedad»). Shvesiyalik hujumchi - so‘nggi yillarning asosiy kashfiyotlaridan biri. Isak Ispaniyada qisqa vaqt ichida yangi klubining yetakchilari qatoriga qo‘shildi. U oldingi chiziqning barcha pozisiyalarida samarali o‘ynaydi. Shunday ekan, yangi mavsumni qaysidir grand klubda boshlasa, ajablanmaslik kerak.

Filip Kostich («Aynt­raxt»). 2015 yildan buyon Serbiya milliy jamoasida barqaror o‘ynayotgan futbolchi. U aynan «Ayntraxt»da tanildi, Bundesliganing yetakchi o‘yinchilari safidan joy oldi. Filip hozirga qadar 2 marta CHLda debyut qilishga yaqin keldi. Biroq «Inter» (2019 yil) va «Lasio» (2021 yil)ga transferi so‘nggi pallada amalga oshmay qoldi.

Uilfrid Zaxa («Kris­tal Pelas»). Akademiyada tahsil olgan vaqtdan kelajagi porloq hujumchi sifatida ta’riflangan Zaxa 2013 yili 12 mln. yevro evaziga «MYU» safiga o‘tdi. Biroq hujumchi «qizil iblislar» libosida atigi 4 marta maydonga tushdi va 2015 yili ortga qaytdi. Gol urishni yaxshi ko‘radigan Kot-d~ivu­arlik futbolchi shu-shu negadir grandlar e’tiboridan chetda qolmoqda. Uni CHLga olib chiqish uchun «Pelas»da imkoniyat, xari-dorlarda esa 45 mln. yevro yo‘q.

Yago Aspas («Selta»). 34 yoshli faxriy - Ispaniya termasining doimiy, klubining muhim o‘yinchisi. Ammo Yago CHLda hamon tomoshabin, xolos. Vaholanki, u «Sevilya» (2013 yil) va «Liverpul» (2014 yil) klublarida o‘ynab ko‘rdi. Biroq bu klublar aynan o‘sha yillarda nufuzli turnirga chiqolmagandi. Aspas hozir «Selta»da chinakam afsona va qadrdon jamoasidan ketmoqchi emas. Demakki, butsalarini CHLni ko‘rmay turib mixga ilishiga to‘g‘ri kelishi ehtimoli katta.

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 13:20, 18.02.2022.
O'qildi: 2816 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.