Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Agueroning «o‘rgimchak» muxlisi

Agueroning «o‘rgimchak» muxlisi

Baho:
+ | -

Serxio Aguero ketganidan keyin «Manchester Siti» yarim yil uning o‘rnini to‘ldirmagan holda maydonga tushdi. Yozda OAV Krishtianu Ronaldu va Lionel Messini Serxioning o‘rindoshlari sifatida e’tirof etishgandi. Biroq «shaharliklar» gibrid sxemasini ma’qul ko‘rishdi.

Oldingi chiziqda Bernardu Silva, Fil Foden, Ferran Torres va Jek Grilishlar navbatma-navbat to‘p surishdi va jamoa top-hujumchi yordamisiz turnir jadvali jilovini o‘z qo‘liga oldi. Lekin yanvarda mutasaddilar «River Pleyt» hujumchisi Xulian Alvaresni xarid qildilar. Turli manbalar xabariga ko‘ra, kelishuv qiymati 17, 18,5 mln. yevro atrofida. 5,5 yillik shartnomaga imzo chekkan hujumchi joriy mavsumni «River»da ijara asosida nihoyasiga yetkazadi. Jamoa mukammal o‘yin ko‘rsatayotgan pallada shayxlarni hamyon kavlashga majbur etgan futbolchi kim?


Alvares - navqiron yulduz. Kichikligida  «Real»ga o‘tishiga sal qolgan

Faoliyatini Libertadores kubogini qo‘lga kiritish bilan boshlagan Xulian 22ga chiqqunga qadar o‘z vatanida barcha sovrinlarga sazovor bo‘ldi. U Argentina chempioni va kubogi sohibi, o‘tgan mavsumning eng yaxshi to‘purari.

Argentinani tark etish imkoniyatiga Alvares ancha avvalroq, 11 yoshli paytida ega bo‘lgandi. Iqtidorli bolakay bilan «Real» astoydil qiziqib qolgandi. Biroq mavjud qonunlar transferni amalga oshirishga to‘sqinlik qilgach, bolakay «Atletiko Kalchin» akademiyasidagi tahsilni davom ettirdi va o‘smirlar o‘rtasidagi turnirlardagi muvaffaqiyatlar evaziga 16 yoshida «River Pleyt» safidan joy oldi.

Nomdor jamoa 2014 yildan beri Argentinaning taniqli murabbiylaridan biri bo‘lgan Marselo Galyardo rahbarligida faoliyat yuritmoqda. Bu davr ichida «River» ikki marta Libertadores kubogini qo‘lga kiritdi, 3tadan Argentina kubogi va Superkuboklariga sazovor bo‘ldi va nihoyat, o‘tgan yili ichki chempionatda g‘olib chiqdi. Galyardo o‘z jamoasi bilan yangi cho‘qqilarni zabt etish jarayonida ko‘plab iqtidorlarni kashf etmoqda: «Jamoani qaytadan shakllantirish men uchun qiziqarli mashg‘ulot. Turli muammolarga yechim topish zavq, g‘ayrat bag‘ishlaydi. Doimo g‘alaba qozonishimizga kafolat yo‘q, lekin sinovlardan o‘zimni tiya olmayman».

Nafaqat Argentina, balki Janubiy Amerikaning mashhur jamoalaridan biri tarkibida Xulian 20 yoshda maydonga tusha boshladi. «Albiseleste» yoshlari safiga yo‘llanmani ham u «River»da qo‘lga kiritdi va Kolumbiya terma jamoasi darvozasini ishg‘ol etishi orqali o‘z jamoasiga Janubiy Amerika chempionligini hadya etdi. Asosiy terma jamoadagi debyutini esa yosh hujumchi o‘tgan yilning yozidagi JCH saralashida Anxel Di Mariyaning o‘rniga maydonga tushish bilan nishonladi.


Alvares - chaqqonlik va dribling qiroli!

Argentina chempionatidagi chempionlikni qahramonimiz «O‘rgimchak odam» niqobi ostida nishonlagan va o‘zining asosiy «ko‘ziri» bo‘lgan o‘yin uslubi tufayli «O‘rgimchak» laqabiga loyiq topilgandi. Darhaqiqat, to‘pni undan o‘yin qoidasini buzmagan holda tortib olishning umuman iloji yo‘q. U to‘pni shu qadar ehtiyotkorlik bilan qo‘riqlaydiki, go‘yo 2ta emas, 8ta oyoq bilan qurshab olgandek. Bu borada muxlislar zukkoligiga qoyil qolish kerak.

Ammo shu bilan birgalikda hujumchining tezkorligi alohida e’tiborga molik. Faoliyati davomida Xulian hujum chizig‘ining markazi va qanotlarida to‘p surdi. Lekin uni ko‘proq o‘ng qanot vingeri va yakunlovchi rollarida ko‘rish mumkin. Xulian kutilmaganda qanotdan jarima maydonchasiga yo‘l oladi va son jihatdan ustunlikni ta’minlaydi. Bundan tashqari, unda xudbinlik illati yo‘q: o‘zi eng yaxshi to‘purar maqomida bo‘lishiga qaramasdan, 6ta assistni ham amalga oshirgan. Vaziyatlardan unumli foydalanish foizi ham o‘ta yuqori: o‘rtacha hujumchiga nisbatan ikki baravarga ko‘proq gol uradi. Ana shu chaqqonligi tarkibida faxriy o‘yinchilar bo‘lgan jamoa uchun ayni muddao bo‘ldi. Tayanch yarim himoyachisi Enso Peres 35 yoshda, hujumchi Matias Suares va himoyachi Milton Kaskolar undan ham kattaroqlar. 3 nafar darvozabon orasida 35dan oshmaganlar yo‘q, zaxira o‘yinchilari esa 38, 39da.

«Manchester Siti» sport direktori Chiki Begiristaynning e’tirofi: «Xulian - uzoq vaqt diqqat-e’tiborimizni band etgan o‘yinchi. U turli hujumkorlik rollarini a’lo darajada uddalaydi, Janubiy Amerikadagi eng yaxshi hujumkor o‘yinchi ekanligiga shubha qilmaymiz. Uni «Siti»ga qo‘shib olganimizdan behad mamnunman».

Begiristaynning fikrlari «Siti» va «River» o‘xshash uslubda o‘ynashini tasdiqlaydi. Galyardo «River»da, Gvardiola esa «Siti»da o‘ta tig‘iz pressingni shakllantira olishdi. Endi «shaharliklar» tarkibida bosimni oshirishga ixtisoslashgan universal futbolchilar soni yana bir nafarga ko‘paydi.


Faoliyatidagi eng zo‘r o‘yin - darvozani yarim himoyachi qo‘riqlagan uchrashuv

Alvares «Santyago Bernabeu»da Kopa Libertadoresni qo‘lga kiritgan bo‘lsada, darvozabon o‘rnida tayanch yarim himoyachisi o‘ynashga majbur bo‘lgan bellashuvni o‘zining asosiy uchrashuvi, deb hisoblaydi. Argentina - koronavirus pandemiyasi domiga tortilgan so‘nggi mamlakatlardan biri. Ammo ommaviy balodan o‘ta jiddiy jabr tortdi. Xususan, 2021|2022 yillar mavsumidagi Kopa Libertadores turnirining guruh bosqichi uchrashuvi arafasida «River Pleyt»ning asosiy va o‘rinbosarlar jamoalarida deyarli barcha o‘yinchilar safdan chiqishgandi. Oxir-oqibat, jamoa darvozasini tayanch yarim himoyachisi Enso Peres qo‘riqlashiga to‘g‘ri keldi. Boisi, uning zaxira o‘rindig‘ida birorta futbolchi qolmagan, maydondagi o‘yinchilarning ko‘pchiligi «qariyalar» yoki katta futbolga endi kirib kelayotgan o‘smirlar edi. Biroq bu muammolar Argentina chempioni dastlabki 6 daqiqa ichida Kolumbiyaning «Santa-Fe» klubi darvozasiga 2ta gol urishiga xalal bera olmadi. Keyin kolumbiyaliklar hisobni qisqartirishdi, ammo Xulianning goli va samarali uzatmasi nufuzli kubok taqdirini «River» foydasiga hal qildi.

Shundan keyin Argentina OAV Xulian Alvares yetuklik imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tganligini e’tirof etdi. Ana shu yuksak bahodan keyin navqiron hujumchiga bo‘lgan qiziqish sezilarli kuchaydi: «Manchester Siti» ortidan «MYU» ham Alvaresni xarid qilish istagini bildirdi. Tortishuv qaysi xaridor foydasiga hal bo‘lganiga hujumchining e’tirofi izoh bo‘la oladi: «Menga Kun Aguero juda yoqadi. Uning maydondagi harakatlarini takrorlashga intilyapman».

Agueroning «Manchester Siti»dagi mavqei shunchaki oddiy yulduznikidan ancha yuqori. U «Etixad»ni jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar maqomida tark etdi. Endi unga stadion yonida haykal o‘rnatishadi. Serxio o‘rnini to‘ldirish o‘ta murakkab yumush bo‘lgani sababli, «shaharliklar» hech kimni xarid qilmadilar, hatto Messi, Ronaldu nomzodlari ham ularni qoniqtirmadi. Nihoyat, yarim yillik izlanish va muhokamalardan so‘ng, shayxlar yagona transferni amalga oshirishga jazm etishdi. Endi Kun Agueroning ashaddiy fanati bo‘lmish «o‘rgimchak» ularning ishonchini oqlashga urinib ko‘radi.

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:38, 21.02.2022.
O'qildi: 2039 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.