Morata «Real», «Yuventus», «Chelsi» va «Atletiko»da o‘ynashga muvaffaq bo‘lgan, ammo bu klublarning hech birida o‘zining super o‘yin bilan ajralib turmagan. Xo‘sh, nega unda top-jamoalar har doim Alvaroni o‘z safiga qo‘shib oladi? Darhaqiqat, bu qishda «Barselona» ham ispaniyalik hujumchiga qiziqish bildirgandi, ammo «Yuventus» o‘z futbolchisini Kataloniya klubiga qo‘yib yubormadi. Nima deb o‘ylaysiz, Morataga talab nega bunchalik yuqori? Buning uchun futbolchining statistikasini ko‘rib chiqish zarur.
Morataning umumiy transfer narxi 156,8 million funt sterlingni tashkil qiladi. Agar Alvaro «Barselona»ga o‘tganda, kataloniyaliklar uning karyerasidagi beshinchi top klub bo‘lardi. Bundan tashqari, Morata «Barselona», «Real Madrid» va «Atletiko»da o‘ynagan Bernd Shuster va Migel Solerdan keyin tarixdagi uchinchi futbolchiga aylanishi mumkin edi, ammo bu amalga oshmadi.
Ko‘pchilik muxlislar bir klubda ketma-ket ikki mavsumdan ortiq o‘ynamagan va ichki musobaqalarda 15 tadan ortiq gol ura olmagan 29 yoshli Morata qanday qilib bunday natijalarga erishganiga hayron qolishadi!
Karyera
Morataning futbolchilik faoliyati «Atletiko Madrid»ning bolalar jamoasida boshlangan, shundan so‘ng u «Xetafe» yoshlari safida bir yil o‘ynagan, 16 yoshligida esa «Real»ga o‘tgan. «Qaymoqranglilar»ning 18 yoshgacha bo‘lgan jamoasi safida birinchi mavsumda 34 gol urishga erishgan. Yosh hujumchi tezda Joze Mourinyoning e’tiborini qozondi. Keyin portugaliyalik mutaxassis Moratani jamoaning mavsumoldi yig‘iniga taklif qildi. Alvaro «qirollik klubi» safidagi debyutini 18 yoshida «Saragosa»ga qarshi o‘yinda o‘tkazdi (2010 yil 12 dekabr). Futbolchi 2013 yilda «Real Madrid» safida «Barselona»ga qarshi «el-klasiko»da Benzemaga assistentlik qildi va jamoasining 2:1 hisobida g‘alaba qozonishiga yordam berdi. 2014 yilning mart oyida Morata Chempionlar ligasidagi ilk golini - 1/8 final doirasidagi «Shalke»ga qarshi o‘yinda (3:1) kiritdi.
Ammo «Real» yosh hujumchiga ishonch bildirmadi, shuning uchun 2014 yilda Morata «Yuventus»ga o‘tdi. Alvaro Turin klubida ikki ajoyib mavsumni o‘tkazdi. 2014/15 yilgi Chempionlar Ligasi yarim finalining ikkala o‘yinida ham «Real Madrid» darvozasiga gol urib, «keksa sinyora»ni finalga olib chiqdi. Keyinchalik final bahsida «Barselona» darvozasiga ham yo‘l topa olgandi, ammo uning jamoasi 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Shuning so‘ng «Real» shartnomadagi qaytarib olish opsiyasidan foydalanib, Alvaroni ortga qaytardi. Morata keyin ham «qirollik klubi»da yaxshi mavsum o‘tkazdi, biroq jamoaning asosiy tarkibidan joy olish uchun La Liganing atigi 14 o‘yinida 15 gol urish ham yordam bermadi.
Hujumchi yana yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmay qoldi, shuning uchun «Real Madrid» bir mavsumdan so‘ng uni «Chelsi»ga sotib yubordi. Alvaro London klubida ajoyib start oldi. U dastlabki o‘yinlarda 10 dan ortiq gol urishga erishdi, biroq keyinchalik uning karyerasida pasayish bo‘ldi va urgan gollaridan ura olmagan imkoniyatlari ko‘payib ketdi. Keyinchalik «Atletiko»ga, undan so‘ng esa yana «Yuventus»ga qaytdi.
Uning barcha klublardagi natijalarini ko‘rib chiqamiz:
«Real Madrid» - 95 o‘yin, 31 gol;
«Yuventus» (joriy mavsumgacha) - 137 o‘yin, 47 gol;
«Chelsi» - 72 o‘yin, 24 gol;
«Atletiko» - 61 o‘yin, 22 gol.
Muhim jihati shundaki, chempionat doirasida, avval aytib o‘tganimizdek, Morata hech qachon bir mavsumda 15 tadan ortiq gol urmagan. Shu bilan birga, Alvaro atigi bir marta - 2016/17 yilgi mavsumda «Real» safida 15 ta gol urishni uddalagan. 2012/13 yilgi mavsumdan boshlab Morataning milliy chempionatlardagi o‘yini har bir mavsumda o‘rtacha 10,3 golni tashkil qiladi.
Morataning siri
Yevro-2020 vaqtida Alvaro muxlislar tomonidan qattiq tanqid qilindi. Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis Enrike o‘z futbolchisini himoya qildi:
«Menimcha, dunyoda Alvaro Moratadek o‘yinchini qadrlamaydigan va maqtamaydigan murabbiy yo‘q. U o‘yinlarda to‘pni o‘zida saqlab tura oladi, ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynaydi, markaziy himoyachidek himoyalanadi. U Ispaniya terma jamoasida o‘ynagani — omadimiz».
Bu ko‘chadagi oddiy muxlis tomonidan emas, balki futbolda ko‘plab natijalarga erisha olgan mutaxassis, top-murabbiyning fikri. Yana bir muhim omil shundaki, Morata zamonaviy ispan futbolida an’anaviy tarzda top-futbolchilarga beriladigan to‘qqizinchi raqamda o‘ynaydi va shundan ham unga qaratilgan e’tiborni bilish mumkin. O‘z vaqtida bu raqamda Fernando Torres, David Vilya kabi futbolchilar o‘ynagan. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, eng qimmat ispaniyalik futbolchilarg reytingida Morata top-50 talikdagi yagona markaziy hujumchi hisoblanadi. Alvaro jahon darajasidagi futbolchi bo‘lmasligi mumkin, ammo u Ispaniyadagi eng yaxshi hujumchi hisoblanadi.
«Barselona»da Obameyang kelishidan oldin faqat Lyuk de Yong yoki Martin Breytveyt markaziy hujumchilar edi. Agar Morata Kataloniya klubiga o‘tganida, jamoani yanada kuchaytira olardi. Qolaversa, Xavi hujum chizig‘ida jismonan kuchli bo‘lgan, to‘pni o‘zida ushlab tura oladigan va qanotdagio‘yinchilarga uzatma beradigan, shuningdek, jarima maydonchasidagi imkoniyatlardan unumli foydalana oladigan markaziy hujumchi chotib olmoqchi edi - bularning barchasi Moratada bor.
Yana bir omil – Alvaro o‘tkazadigan bosim. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Morata har bir o‘yinda pressing qilish bo‘yicha ajoyib natija qayd etadi, hozirda top-klublarning aksariyati yuqori pressing bilan o‘ynashni afzal ko‘rishadi, bu esa nega Alvaroning top-jamoalar orasida mashhurligini anglatadi. Morataning bu mavsumdagi zarbalarining atigi 12,1% (A seriyada 5 ta gol) golga aylangan, lekin uning foydali jihati boshqa futbolchilarning gol urishiga ham imkon yaratib berishidadir. Luis Enrike ta’kidlaganidek, Morata xohlagan jamoani kuchaytira oladi. «Barselona» bu qishda Alvaroni qo‘lga kirita olmadi, shu sabab transfer oynasining so‘nggi kunida Obameyang bilan shartnoma imzolaga majbur bo‘ldi. Pyer-Emerik Morata bilan bir xil tipdagi hujumchi, lekin gabonlikda gol urishga bo‘lgan «ishtaha» yuqoriroq.
Alvaroning kelajagi
Morata «Barselona»ga o‘ta olmagan bo‘lsa ham, u «Yuventus»ning asosiy o‘yinchilaridan biri hisoblanadi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Turin klubi ispaniyalik futbolchining shartnomasini «Atletiko Madrid»dan to‘liq sotib olmoqchi, bu esa «Yuve»ning Alvaro borasidagi niyatlari jiddiyligini ta’kidlaydi. «Byankonerilar»ning bu qarorini tushunish mumkin, chunki Morata Dushan Vlaxovich bilan o‘ziga xos tandem hosil qilishi kerak. Serb futbolchisi — haqiqiy gol mashinasi va Morataning ajoyib uzatmalari orqali, bu juftlik o‘ziga xos futbol ko‘rsatishi taxmin qilinmoqda.
Alvaro asli madridlik, «Atletiko» muxlisi sifatida ulg‘aygan, keyin «Real»ga o‘tgan, lekin u o‘zining o‘yinini «Yuventus»da topa olgan. Balki Morataning Vlaxovich bilan tashkil qilgan juftligi haqiqatdan ham raqiblar uchun dahshatli tushga aylanar?! Lekin Alvaro yozda boshqa top-klubga o‘tish ehtimoli ham yo‘q emas. Chunki «Manchester Yunayted», «PSJ» kabi klublar markaziy hujumchi qidirmoqda va ushbu jamoalarning ispaniyalikka bo‘lgan qiziqishi OAV orqali ko‘p bora xabar qilingan. Buning ajablanarli joyi yo‘q, chunki Morata doimo yetakchi jamoalarni o‘ziga qaratib kelgan.
Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.