Xorijiy OAV xabariga ko‘ra, Erling Xoland yangi klub borasida qaror qilgan. Ta’kidlanishicha, norvegiyalik futbolchi «Manchester Siti»ga o‘tishga qaror qilgan. Agar, Erling «shaharliklar» safiga o‘tadigan bo‘lsa, «Siti»ning hujum chizig‘i keyingi mavsumda qanday ko‘rinishga kelishi haqida biroz fikr yuritishga qaror qildik
O‘tgan yozda Serxio Aguero ketganidan so‘ng, Pep Gvardiola «Manchester Siti»ning o‘yinini nominal hujumchisiz qurishga harakat qildi. Gabriel Jezus esa jamoaviy o‘yinga qo‘shilib, ko‘proq vinger pozisiyasida o‘ynamoqda. Ya’ni, braziliyalik futbolchi markaziy hujum chizig‘idan orqaroqda o‘ynamoqda. Gvardiola oldingi chiziqda Rahim Sterling, Fil Foden, Riyod Mahrez va Jek Grilishdan foydalanadi. Biroq, ispan murabbiyining o‘zi bu mutlaqo to‘g‘ri qaror emasligini tan oldi va keyingi mavsumda «Manchester Siti» top-darajadagi nominal markaziy hujumchi sotib olish kerakligini ta’kidladi.
Erling Xoland so‘nggi uch mavsumda o‘z faoliyatida ajoyib natijalarga erishdi va katta ehtimol bilan yozda katta top-klubga o‘tadi. «Zalsburg» va «Borussiya Dortmund»dan keyin norvegiyalik futbolchi «Manchester Siti»da o‘ynashi, albatta kutilgan holat. Sababi, xorij nashrlari ingliz klubi futbolchi va uning agenti bilan og‘zaki kelishuvga erishganini xabar qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yozda Xolanddan tashqari «River Pleyt» futbolchisi Xulian Alvares ham «Manchester Siti»ga o‘tadi. Erlingdan farqli o‘laroq, argentinalik futbolchi bilan kelishuv rasman amalga oshirilgan va bu transfer yozda to‘liq shartnoma asosida amlaga oshadi. Ammo hech kim argentinalik futbolchini «shaharliklar»ning asosiy hujumchisi bo‘ladi deb taxmin qila olmaydi. Shu sabab «Siti» ham Xulian bilan cheklanib qolmoqchi emas va shu sabab Yevropa futbolidan xabari bor futbolchi bilan shartnoma imzolashni istamoqda.
Bu ikki transfer Gvardiola jamoasining o‘ziga xos ko‘rinishga keltirishi mumkin. Shu sabab o‘yin tarkibida ham, jamoa tarkibida ham nomlar o‘zgarishi tayin. Ispaniyalik mutaxassisga jamoa tarkibni optimal ko‘rinishga keltirish uchun qanot vingeri kerak ekanligini ham aytib o‘tdi. Agar, «shaharliklar» rahbariyati Pepning bu iltimosini ham qondirsa, Gabriel Jesusning «Etihad»dagi keyingi faoliyati so‘roq ostida qoladi. Braziliyalik futbolchi markaziy hujumchi sifatida o‘zini ko‘rsata olmadi, qolaversa u qanot hujumchisi sifatida ham unchalik yaxshi emas. Jezusning shartnomasi 2023 yilning yozida yakunlanishini hisobga olsak, yozda «Siti» uning transferi borasidagi takliflarni ko‘rib chiqishi mumkin.
Sterling, Mahrez va Grilish aynan «shaharliklar» yangi hujumchilarining ikki qanotida harakat qilib, markaziy hujumchiga yordam berishlari mumkin. Bernardu Silva ham qanotlarning birida o‘ynay oladi. Shu sabab, jamoaning yangi mavsumda qanday o‘ynashlari qiziq.
Alohida masala - Fil Fodenning kelajagi. U «Manchester Siti»ning eng umidli futbolchilaridan biri va Gvardiola undan deyarli hamma chiziqda foydalanadi. Foden qanot hujumida ham, o‘rta chiziqda ham harakat qila oladi. Biroq, ko‘pincha Gvardiola uni bu mavsumda markaziy hujumchi pozisiyasida o‘ynatmoqda. Foden ushbu chiziqda o‘zini juda erkin his qiladi va jamoasiga ko‘p yordami tegmoqda. Gvardiola angliyalik uchun hujum chizig‘ining qayerida o‘ynatishi juda qiziq. Shu sabab, agar «Manchester Siti» Xoland transferini amalga oshiradigan bo‘lsa, Foden aynan qaysi chiziqda o‘ynashi mumkinligini aniqlashtirib olishlari kerak bo‘ladi.
Umuman olganda, Gvardiola yana bir bor qiziqarli dilemmaga duch kelmoqda va yozda «Manchester Siti»ning tarkibini va jamoa o‘yinini yangilashga harakat qiladi. Biz shunchaki uning qanday ko‘rinishini kuzatishimiz kerak.
Jamshidjon Mahmudov tayyorladi