Kirish Ro'yxatdan o'tish
07/10 00:00 Real Sosyedad 1-1 Atletiko

«90min» nashri APLning eng yaxshi darvozabonlari nomini ma’lum qildi (yangilangan ro‘yxat)

«90min» nashri APLning eng yaxshi darvozabonlari nomini ma’lum qildi (yangilangan ro‘yxat)

Baho:
+ | -

Ayrimlar futbolda darvozabon bo‘lish uchun inson «ahmoq» bo‘lishi kerak deb hisoblaydi va ular qaysidir ma’noda haqiqatni aytadi. Siz bunda o‘z qo‘llaringizdan unumli foydalanishga, jamoani birlashtirish va o‘zingizni har narsaga tayyor tutishga o‘rganishingiz kerak bo‘ladi. Darvozabonlar o‘z jamoalari uchun katta ishni bajarishadi. Aynan ularning harakatlari sabab ham ko‘p hollarda g‘alaba (ayrim paytlarda esa mag‘lubiyat) qozoniladi. Quyida e’tiboringizga APLning 25 (29) turga qadar eng yaxshi deb topilgan darvozabonlari ro‘yxatini taqdim etamiz.

10. Ugo Lyoris («Tottenxem»)

Fransiya terma jamoasi a’zosi ushbu ro‘yxatda yaqin-yaqingacha nisbatan baland pog‘onada edi. Ammo so‘nggi paytlardagi kutilmagan xatolar Lyorisni sal qolsa, kuchli o‘nlikdan tushib qolishiga sababchi bo‘ldi. «Vulverxempton» bilan o‘yindagi ikkita gol ham aynan Lyoris «tashabbusi» bilan yuz beradi. «Manchester Siti»ga qarshi bahsda ham Ugo bitta golni raqiblarga sovg‘a qilgan.

9. Kasper Shmeyxel («Lester»)

«Tulkilar»ning joriy mavsumi rejadagidek ketmayapti. Ammo Shmeyxel ayrim pallalarda jamoasi joniga oro kirmoqda. Daniyalik posbon «Lids»ga qarshi g‘alabali bahsda o‘yinning eng yaxshi futbolchisiga aylangan edi. Umuman olganda, Kasperning darajasi «Lester»nikiga taqqoslaganda ancha yaxshiroqdir.

8. Lukash Fabyanski («Vest Xem»)

Ushbu asrda «Arsenal» safini tark etgan boshqa darvozabonlar kabi, Fabyanski ham faqat va faqat yaxshi tarafga o‘zgarib bordi. Ayni damda APLdagi 15 mavsumini o‘tkazayotgan futbolchi «Vest Xem» safidagi eng yorqin vakillardan biri bo‘lib turibdi.

7. Joze Sa («Vulvz»)

Saga «bo‘rilar» safida o‘ta qiyin vazifa yuklatilgan edi. Chunki u ajoyib formada bo‘lgan Ruy Patrisiuning o‘rnini egallashi kerak bo‘lgan. Ammo Sa ilk mavsumidayoq jamoaga tez va sifatli moslashib keta oldi. Ayni damda esa uning jamoasi APLdagi chaqilishi qiyin bo‘lgan «yong‘oqlar»dan biridir.

6. Emiliano Martines («Aston Villa»)

Ushbu darvozabon «Brayton» futbolchisi Nil Mopeyga rahmat aytishi kerak. Negaki, aynan uning Bernd Lenoga ishlatgan qo‘polligi sababli, 2020 yilning yozidan Martines imkoniyatga ega bo‘la boshlagan edi. Ayni paytda Argentina terma jamoasi a’zosi dunyoning eng yaxshi darvozabonlari safidan joy olgan.

5. Eron Ramzdeyl («Arsenal»)

Ramzdeylni kim ham «Arsenal»da porlaydi deb o‘ylabdi deysiz? Darvozabon yangi jamoasining eng barqaror futbolchisi bo‘lib turibdi. Yaqin kelajakda esa Ramzdeylni Angliya terma jamoasining yangi «birinchi raqami» kutmoqda.

4. David De Xea («MYU»)

De Xea o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, jamoada qolishi ehtimoli kam futbolchi sifatida ko‘rilayotgan edi. Uning o‘rniga Din Xenderson imkoniyatga ega bo‘la boshlaydi. Ammo haqiqiy tajriba va qobiliyat baribir o‘z so‘zini aytdi. Ayni damda «MYU» darvozaboni o‘z jamoasini qutqarishdan charchayotgani yo‘q.

3. Ederson («Manchester Siti»)

Pep Gvardiola o‘z faoliyati davomida qidirgan darvozabonini topgan edi. Ederson «shaharliklar» tarkibida eng yaxshilardan biri bo‘lib kelmoqda. To‘g‘ri, u eng zo‘r darvozabon bo‘lmasligi mumkindir, ammo eng yaxshi himoyachi-darvozabon! Braziliya terma jamoasi a’zosi Gvardiola tomonidan ko‘p marta, aynan himoyachi rolida foydalaniladi.

2. Eduar Mendi («Chelsi»)

Siz yana Petr Chex kabi mahoratga ega darvozabonni «Chelsi»ga kelishini kutgan bo‘lishingiz mumkin. Ammo, balki undan ham yaxshirog‘i keldi. Yaqindagina FIFAdan yil darvozaboni sovrinini qabul qilib olgan futbolchi, qisqa vaqt ichida o‘zini ko‘rsata oldi. Mendi jahonning va Afrikaning eng yaxshi posboniga aylandi. Shunga qaramay, «Byornli» bilan ko‘rsatgan nomutanosib o‘yini sabab, uni ikkinchi o‘ringa qo‘yishga majbur bo‘ldik.

1. Alisson («Liverpul»)

APLning eng yaxshi darvozaboni deysizmi? Ha, biz bu nomga Alissonni loyiq ko‘ramiz. Chunki uning maydondagi vazifasi keng qamrovlidir. Yetakchilik, yetkazib berish, himoyalanish va reaksiyada, ayni damda Bekerga yetadigani topilmaydi. Klopp esa o‘z jamoasidan javohirlarni kashf etishda davom etadi.

 


ISMATOV J.

Manba: 90min.com
Kiritildi: 16:00, 16.03.2022.
O'qildi: 2303 marta.
Fikrlar: 10 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.