Mamlakatimizda umumxalq bayrami – Navro‘zi olam keng nishonlanayotgan kunlarda Bekobod shahri yana bir qulaylikka ega bo‘ldi. Mehr muhabbat, sahovat ayyomida “Metallurg” futbol klubi shahar aholisi uchun “Mehrjon” sport sog‘lomlashtirish markazini taqdim etdi. “Metallurg” markaziy stadionida ochilgan bu mo‘’jaz maskan shahar aholisini, imkoniyati cheklangan bolakaylarni xursand qildi.
Barcha zarur jihoz, anjomlar bilan ta’minlangan holda kapital ta’mirdan chiqarib, foydalanishga topshirilgan sport zali imkoniyati cheklangan bolalar uchun ko‘ngil ochish maskaniga aylanishi shubha yo‘q. Malakali mutaxassis – murabbiylar yordamida ular bu maskanda o‘z salomatliklarini tiklash barobarida yangi do‘stlar bilan tanishishadi. O‘zlarini qiziqtirgan mavzularda muloqotda bo‘lishadi. Tabiiyki, ularda sevimli jamoasi – “Metallurg”ning o‘n ikkinchi o‘yinchisiga aylanish imkoniyati ham mavjud.
“Mehrjon” sport sog‘lomlashtirish markazining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston metallurgiya kombinati AJ boshqaruvi rahbariyati, klub mutassaddilari, “Metallurg” murabbiylar shtabi va taniqli futbolchilari ishtirok etishdi. So‘zga chiqqan “Metallurg” PFK bosh murabbiyi Luisma Ernandes, “Gennadiy Krasnitskiy klubi a’zosi” Zohid Abdullayev, jamoa vise-sardori Fozil Musayevlar sport sog‘lomlashtirish maskani xodim va a’zolarining faoliyatlarida omad yor bo‘lishini tilashdi.
Shu kuni Bekobod shahar madaniyat uyi san’atkorlarining chiqishlari tadbirga qo‘shimcha fayz bag‘ishladi. Tadbir so‘ngida tantanali ochilish marosimiga tashrif buyurgan bolakaylar uchun esdalik sovg‘alari tarqatildi. Imkoniyati cheklangan bolalar uchun bayram dasturxoni tuzatildi, shirinliklar ulashildi.