«Real» yozda jamoani ancha yangilashni niyat qilmoqda. Jamoa, avvalo, bir qator futbolchilar bilan xayrlashadi. Bu esa "qaymoqranglilar"ga maoshlar bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirishga imkon beradi.
Masalan, hujumchi Garet Beyl, himoyachi Marselo va yarim himoyachi Isko yozda «Real»ni aniq tark etishadi. Jamoa ular bilan shartnomani uzaytirmaydi. Natijada xarajatlar 60 million yevroga qisqaradi. Soliqlar bilan qo‘shib hisoblaganda ushbu futbolchilarning maoshlari mos ravishda 30+16+14 = 60 million yevroni tashkil qiladi.
Bundan tashqari, «Madrid» yarim himoyachi Eden Azar va forvardlar — Luka Yovich va Mariano Dias bilan xayrlashishni rejalashtirmoqda. Belgiyalik futbolchi bilan bog‘liq vaziyat murakkabroq. Boisi, Azarning maoshi katta bo‘lib, hozirda bu maoshni to‘lashga tayyor jamoani topish qiyin. Shuning uchun "Qirollik klubi" mavsum-2020/2021da Beylni ijaraga berganidek yo‘ldan borishi mumkin: klub uni tekinga ijaraga berib, maoshining bir qismini to‘lashni o‘z zimmasiga oladi. Shu bilan birgalikda Azar yangi jamoasida o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatib, 2023 yilda "Santyago Bernabeu"ni to‘la-to‘kis tark etishiga Peres umid qiladi. Chunki, Eden yaxshi o‘ynamasa, Belgiya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines JCH-2022ga olib ketmasligi mumkin.
"Real" Yovichning transferidan hech bo‘lmaganda 20 mln yevro ishlab olishni ko‘zlamoqda, ammo bunday transfer summasini tuzish oson bo‘lmaydi. Mariano esa ketma-ket 3 yildan beri (2019, 2020 va 2021) Madridni tark etishdan bosh tortib kelyapti. U hozir olayotgan 4,5 million yevro miqdoridagi yillik maosh futbolchini to‘la qoniqish hosil qilmoqda. Shuning uchun u 2023 yilning yoziga qadar — shartnoma oxirigacha klubni tark etmasa kerak.
Agar mazkur 3 futbolchini "Real Madrid"ni tark etsa, maoshlar bilan bog‘liq xarajat yana 50 million yevroga kamayadi.
«Madrid» yarim himoyachi Dani Sebalyos va himoyachi Xesus Valyexo bilan xayrlashishi u qadar qiyin bo‘lmaydi. Ularning maoshlar kam bo‘lib, ularga yangi jamoa topsa bo‘ladi. Boz ustiga, ularning o‘zlari ham "Real"da qolishni istamasalar kerak.
Yozda «Real»ni darvozabon Andrey Lunin ham tark etishi mumkin. Ukrainalik posbon terma jamoadan chaqiruv olishi uchun o‘yin amaliyotiga muhtoj. Agar u boshqa klubga o‘tishni istasa, jamoa bu masalani o‘rganib chiqadi.