Ayni damda Yevropaning yetakchi terma jamoalari o‘z mamlakatini Jahon chempionatiga boshlash yo‘lida tinmay harakat qilmoqda. Italiya, Portugaliya, Polsha, Avstriya, Shotlandiya, Chexiya, Ukraina, Shimoliy Makedoniya, Shvesiya hamda Turkiyalar Qatar yo‘llanmasi yo‘lida kurashga kirgan. Ular ichidan faqat uchta jamoa dekabr oyidagi mundialga borishi mumkin. Shunday ekan, ayni yuqoridagi terma jamoalar yulduzlaridan tuzilgan ro‘yxatni, ramziy «qolip»ni e’tiboringizga havola etamiz.
1. Darvozabon hamda himoyachilar
Janluiji Donnarumma (darvozabon, Italiya). 23 yoshli futbolchining Fransiyaga, «PSJ»ga ketishi omadli harakat bo‘lmadi. Ammo Donnarummaning Yevro-2020dagi harakatlari uning darajasini ko‘rsatib beradi. Afsuski, uning mamlakati JCHda qatnashishdan mahrum bo‘ldi.
Metti Kesh (o‘ng qanot himoyachisi, Polsha). Ha, u Polsha tarkibida o‘yin o‘tkazmoqda. Uning inglizlarga xos harakati hammani yodida qolgan. U «Aston Villa»ning ham ishonchli futbolchisidir. Kesh asli ona tomondan polshalikdir.
Alessandro Bastoni (himoyachi, Italiya). Jorjo Kyellini hamda Leonardo Bonuchchining jarohat olgani Bastoniga Italiya terma jamoasi uchun katta imkon taqdim etdi. U o‘z qobiliyatini namoyish etib, eng yaxshilardan biriga aylandi.
David Alaba (himoyachi, Avstriya). U jahonning tan olingan eng kuchli himoyachilaridan biri. Bunga shubha yo‘q, albatta. Alabani ramziy terma jamoaga kiritmaslik, noto‘g‘ri bo‘lar edi.
Endi Robertson (chap qanot himoyachisi, Shotlandiya). Shubhasiz, o‘z pozisiyasida yana bir jahon darajasidagi futbolchi. Robertson o‘z mamlakatini 1998 yildan beri ilk bor mundialga olib chiqishi mumkin. Bunga hozir yaxshigina imkon mavjud.
2. Yarim himoyachilar
Nikolo Barella (yarim himoyachi, Italiya). «Azzurilar» maydon markazida harakatlantiruvchi kuch. Barella o‘z klubida fantastik mavsum o‘tkazmoqda. U terma jamoada o‘z o‘rniga ega. Bu safargi jahon chempionati Italiyasiz zerikarli o‘tsa kerak.
Marko Veratti (yarim himoyachi, Italiya). Ixcham futbolchi Liga 1'da o‘z klubi bilan «Monako»ga qarshi dahshatli darajada yomon futbol namoyish etgan edi. Ammo uni bu voqeada aybdor deya ayta olmaymiz. Uning darajasi yuqori va Italiyada o‘z o‘rniga ega.
Bernardu Silva (yarim himoyachi, Portugaliya). Futbolchi joriy mavsumda o‘z formasiga qaytib oldi. Silva avvalgi yilni juda ham murakkab o‘tkazgan edi. Endi esa, Portugaliya usiz, tarkibida nimadur kam ekanini yaxshi his qiladi.
3. Hujumchilar
Deyan Kulushevski (o‘ng qanot vingeri, Shvesiya). Nima deb o‘ylaysiz, u yanvardagi eng yaxshi xarid bo‘la oldimi? Balki. U «Tottenxem»ga kelganidan beri fantastik harakat qilmoqda. Deyan o‘z terma jamoasida ham o‘ta muhim o‘ringa ega. Xalqaro bahslarda ham.
Robert Levandovski (hujumchi, Polsha). Ushbu mavsum yakunlangani yo‘q. Ammo Levandovski hisobida allaqachon 31 ta gol mavjud. Shuning o‘zi ham polshalik «qotil»ni nimalarga qodir ekanini isbot etadi. U shubhasiz eng yaxshi hujumchilar qatorida bo‘ladi.
Krishtianu Ronaldu (chap qanot vingeri, Portugaliya). 2022 yilda 12 ta uchrashuv o‘tkazgan Ronaldu, 4 ta gol urishga erishdi. Ha, bu natija u uchun yaxshi emas, albatta. Ammo Krishtianu hali-hamon muhim roldagi figura. U hozir Portugaliyani Jahon chempionatiga olib chiqish maqsadida tinmay mehnat qilmoqda.
ISMATOV J.