Ikki sport super yulduzi futbolga kirishni xohlaydi.
7 karra Formula-1 jahon chempioni va "Arsenal" muxlisi Lyuis Xemilton va "Katta dubulg‘a"ning 23 karra g‘olib tennischisi Serena Uilyams "Chelsi" uchun konsorsium tenderining bir qismi bo‘lishga tayyor. Boshqa sport yulduzlari nima uchun futbol klubiga sarmoya kiritayotganini tushunishga urinib ko‘ramiz.
Rossiyalik oligarx Roman Abramovich 2003 yildan beri “Chelsi”ga egalik qiladi. Bu vaqt ichida londonliklar klub tarixidagi aksariyat sovrinlarni qo‘lga kiritishdi: beshta chempionlik, beshta Angliya kubogi, ikki marta Chempionlar ligasi va boshqalar.
Shunga qaramay, Buyuk Britaniya hukumati Abramovichga qarshi sanksiyalar kiritdi va uning aktivlarini, jumladan, futbol klubini muzlatib qo‘ydi. Rossiyalik tadbirkor avvaliga klubni xayriya jamg‘armasi boshqaruviga o‘tkazish niyatida ekanligini ma’lum qilgan va keyinroq “Chelsi”ni rasman sotuvga qo‘ygan.
Taxminlarga ko‘ra, ingliz top-klubi uchun potensial xaridor 2,5 milliard funt sterlingdan ko‘proq pul to‘lashi kerak. Klub yangi egasini Britaniya hukumati va bitimga yetakchilik qilayotgan Amerikaning Raine Group banki aniqlaydi.
Xo‘sh, nega Serena va Xemiltonga bu klub kerak?
Tarixdagi eng yaxshi tennischilardan biri va "Arsenal"ning asosiy qo‘llab-quvvatlovchisiga kelsak, "Chelsi"ni sotib olish ularning birinchi sarmoyasi emas. Uilyams Los-Anjelesda joylashgan "FC Angel City" ayollar futbol klubiga egalik qiladi va uning Serena Ventures venchur kapital fondi o‘tgan hafta Britaniyaning Opensponsorship sport texnologiyalari startapiga sarmoya kiritilishini e’lon qildi.
Xemilton allaqachon bir nechta loyihalarni qo‘llab-quvvatlagan, ular orasida eng mashhuri Zapp oziq-ovqat yetkazib berish dasturidir. Ikkala yulduz ham “Chelsi”ni sotib olish uchun taxminan 10 million funt sterling sarmoya kiritmoqchi.
Serena matbuotga bu haqida hali izoh bermadi, biroq Xemilton uchun ingliz jurnalistlarini bezovta qiladigan savollardan qochish qiyinroq edi. E’tiborga molik jihati u “Arsenal”ga bolaligidan beri muxlislik qiladi. Lekin pul haqida gap ketganida, muxlislik ham bir chetga chiqib qoladi, shekilli.
“Besh-olti yoshimda “Arsenal”ga muxlislik qila boshladim. Mening amakim esa “Chelsi”ning ashaddiy muxlisi va biz tez-tez "Arsenal" va "Chelsi" o‘yinlariga borardik. Umuman olganda, men sport ishqiboziman. Futbol dunyodagi eng muhim sport turi va "Chelsi" katta va muvaffaqiyatli klublardan biri. Bunday imkoniyat borligini eshitib, o‘yladim. Voy, bu shunchaki ajoyib imkoniyat!", dedi Xemilton Sky Sports nashriga bergan intervyusida.
Taxmin qilish kerakki, Serenaning fikri shunday. 10 million funt unchalik katta miqdor emas. Bu, masalan, klub to‘lashi kerak bo‘lgan uch milliard funtning atigi 0,33 foizini tashkil etadi. Serena va Xemilton minoritar aksiyadorlar bo‘lishadi.
Lekin, birinchi navbatda bu imidj ustida ishlash bo‘lishi ham mumkin. Ikkala sport yulduzi ham turli xayriya va gumanitar loyihalarni faol ravishda ilgari surmoqda va buning uchun "Chelsi" yana bir yaxshi platforma bo‘lishi mumkin.