Ayni damda APL chempionligi borasida qattiq jang ketmoqda. Ikki yetakchi klub, "Manchester Siti" hamda "Liverpul"ni bir ochko ajratadi. Bu holat – vaqtinchalik. Har ikki tomon bir-birini xato qilishini kutib yashamoqda. Ayni vaziyatga o‘xshash voqealar tarixda ham ko‘p takrorlangan. Quyida sizga APL tarixidagi eng qizg‘in poygalar haqida aytib beramiz!
2018-2019 yilgi mavsum: "Manchester Siti" va "Liverpul" kurashi
Garchand bu yilgi chempionlikka da’vogar tomonlar qolgan o‘yinlarining barchasida g‘alaba qozongan taqdirda ham, o‘zlarining 2018-19 yilgi mavsumdagi natijasini takrorlay olmaydi. 2019 yil yanvar oyida ikki raqib to‘qnash keladi. O‘sha onda Yurgen Klopp jamoasi ikkinchi o‘rindagi "shaharliklar"dan 9 ochkoga o‘zib ketgandi. Jamoalar qizg‘in kurashga kiradi va Sadio Manening 18 daqiqadagi goli muvozanatni o‘zgartiradi. Ammo yakun "Manchester Siti"ning 2-1 hisobidagi g‘alabasi bilan tugagan. Shundan keyin mersisaydliklarning "Everton" va "MYU"ga qarshi keraksiz paytda, ammo kerakli o‘yinlarda ochko yo‘qotishi, 29 turdan so‘ng "Manchester Siti"ni bir ochko farq bilan oldinga olib chiqadi. 29 dan to 37 turga qadar, sakkizta o‘yinda har ikki tomon faqat g‘alabalar qayd etadi. So‘nggi, hal qiluvchi bahsda Klopp jamoasi "Vulverxempton"ni (2-0), "Manchester Siti" esa "Brayton"nni yengadi. Shu sabab, o‘rtadagi bir ochkolik farq saqlanib qoladi va Gvardiola jamoasi 98 ochko bilan turnir chempioniga aylanadi. "Liverpul" esa 97 ochko bilan titulsiz qoladi. Bu ko‘rsatkich klubning kuboksiz qayd etgan eng yaxshi natijasi bo‘lib tarixga muhrlangan.
1998-1999 yilgi mavsum: "MYU" va "Arsenal" kurashi
"Manchester Yunayted"ning 1998-99 yilgi natijasi abadiy muxlislar tomonidan yodga olinadi. Chunki jamoa eng kuchli paytlaridan birini boshdan kechirgan va trebl qayd etgan. Ayniqsa, YECHL finalida "Bavariya"ga qarshi bahs super-o‘yin edi. APLdagi vaziyat Yangi yil arafasida ancha murakkab bӯlgan. Xususan, jadvaldagi yetakchilik "Aston Villa"ning qo‘lida edi. Ikkinchi o‘rinni "Lids", to‘rtinchi pog‘onani esa "Arsenal" band etib turgandi. Uchinchi o‘rinda esa "MYU" bo‘lgan. Biroq Yangi yildan boshlab hammasi o‘zgardi. "Arsenal" va "qizil iblislar" to mavsum so‘ngiga qadar har bir o‘yinda o‘rtacha 2,42 ochkodan jamg‘argan bo‘lsa, "Aston Villa" pastga tushib ketgan va yakunda oltinchi o‘rinni egallagan.
Yanvardan mayga qadar 20 ta turda "MYU" mag‘lubiyatga uchramadi. 6 ta durang qayd etdi, xolos. "Arsenal"ning natijasi esa undan ham yorqinroq edi. Arsen Venger o‘sha mavsumning so‘nggi 19 ta bahsini g‘alaba bilan bitirgan. Mavsum so‘ngida "Arsenal" "Aston Villa"ni 1-0 hisobida mag‘lub etdi. "MYU" esa "Tottenxem"ni yengdi (2-1). Ammo "Manchester Yunayted" bir ochkolik farq bilan chempionlikka erishadi.
2009-2010 yilgi mavsum: "Chelsi" va "MYU" kurashi
"Chelsi" o‘z murabbiyi Joze Mourinyo bilan ilk bor xayrlashgan paytlar edi. Bu esa klub kelajagiga rahna sola boshlaydi. 2009 yilning yozida Mour o‘rniga Karlo Anchelotti olib kelinadi. Italiyalik mutaxassis esa "Chelsi"ga uchinchi APL sovrinini olib berishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo bu yo‘l oson kechmaydi. Chunki boshqa tomonda o‘ta kuchli Fergyuson jamoasi bor edi. Biroq, "qizil iblislar" bu paytda o‘z yetakchilaridan biri bo‘lgan Krishtianu Ronalduni 80 million funtga "Real" tomon kuzatgandi. Bu esa "qizil iblislar"ga qimmatga tushdi. Shunga qaramay, Fergyuson chempionlik uchun qattiq kurashdi.
"Chelsi" tarkibida ham afsonalar yig‘ilgan, Jon Terri boshchiligidagi klub Frenk Lempard va Didye Drogbadan tashkil topgandi. Ushbu juftlik 2009-10 yilgi mavsumda jami 63 ta golda bevosita ishtirok etadi. Ikki tomon o‘rtasidagi jang aprelda cho‘qqiga yetadi va o‘sha payt "Chelsi" va "MYU" qarama-qarshiligi yuz beradi. O‘yin bosh hakam Mayk Dinning munozarali qarorlari sabab "Chelsi"ning 2-1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlanadi.
Hal qiluvchi pallada "Chelsi" qattiq harakat qildi. Xususan, "aristokratlar "Stok Siti"ga 7 ta, "Uigan" bilan o‘yinda esa 8 ta gol urishga erishdi. Didye Drogba esa mavsum "Oltin Butsa"sini qo‘lga kiritdi. "Manchester Yunayted"ning 4-0 hisobi 38 turdagi g‘alabasi faqatgina ikkinchi o‘rinni egallash uchun kifoya qildi, xolos. "Qizil iblislar"dan bir ochko ko‘p to‘plagan "Chelsi" esa mamlakat chempioni bo‘ladi (86 ochko bilan).
Jaloliddin ISMATOV tayyorladi