Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Taqiqlarda toblangan «javohir»

Taqiqlarda toblangan «javohir»

Baho:
+ | -

«Vilyarreal» va «Bavariya» o‘rtasidagi bahs «overtaym»larga qarab ketayotganda, katta sahnaga Sem Chukvueze chiqdi.

Myunxenliklar 1:0 hisobida oldinda borishayotgandi, nigeriya­lik asosiy vaqt tugashiga 5 daqiqa qolganda maydonga tushib, Alfonso Devisni ortda qoldirgan holda, kichik ispan jamoasining katta imkoniyatini samarali yakunladi. 1:1 - va Chempionlar Ligasi yarim finali yo‘llanmasi «g‘avvoslar»da. Sports.ru mazkur uchrashuvda «sariq suvosti kemasi» ijrosidagi mo‘’jiza muallifi haqida hikoya qiladi.

«Vilyarreal» so‘nggi bor YECHL yarim finalida qatnashganida Semyuel Chukvueze 6 yoshda edi. U hali futbol o‘ynamasdi, umuman, yashil maydonga chiqishi so‘roq ostida edi. Ota-onasi uning millionlar o‘yinidagi kelajagiga shubha bilan qarashar, shu bois, futbolni tanlashiga faol qarshilik qilishdi - dastlab o‘qishi kerakligini uqtirib, keyinchalik umuman to‘p tepishni taqiqlashdi. «Onam uyda qolib, o‘qishim kerakligini aytardi, - dedi futbolchi Goal.com saytiga bergan intervyusida. - Maktabda ishim yurishmasdi, lekin bor e’tiborim futbolga qaratilgandi. Mashg‘ulotlar oqshom payti o‘tkazilardi. Uyga kech qaytsam, jazolashlarini bilsamda, baribir qochib ketardim. Natijada, ota-onam ko‘chada uxlashimga to‘g‘ri kelishini aytishardi. Onam ichkariga qo‘ymasdi». Bu chora ham ish bermagach, Semyuelning tog‘asi uning oyoq kiyimlari va mashg‘ulot formasini yoqib yuboradi. 

Chukvueze ma’lum muddat futbolni tashladi. Yana tog‘asining g‘azabiga duchor bo‘lishni istamadi. Faoliyatini do‘stlari qutqarib qolishdi. Bir kuni tongda yigitlar eshik qoqib, uni ko‘rikka taklif etishdi. Nigeriyaga skautlar tashrif buyurishgan, iqtidorli bolalarni sarflab, Portugaliyadagi turnirga olib ketishni rejalashtirishgandi. Semyuelning futbolga bo‘lgan mehri oilaviy sabablar bilan bog‘liq. Aytishlaricha, bobosi yaxshigina futbolchi bo‘lgan, chap oyog‘ida ajoyib zarbalar yo‘llagan. Qahramonimiz ham raqiblarini asosan so‘l oyog‘i yordamida jazolagan, shu bois, ulkan taassurotga ega do‘stlari uni hol-joniga qo‘yishmadi: urinib ko‘rish kerak.

«Yigitlarga buning menga qiziq emasligini aytdim, - deya eslaydi «Vilyarreal» futbolchisi. - Ota-onam ham ketishimga ruxsat bermasliklarini bilardim. Lekin do‘stim ahdidan qaytmadi. Ko‘rik bo‘ladigan kuni tongda meni olgani kirishini aytdim. Undan bunday qilmasligini so‘radim. U esa o‘sha kuni tonggi soat 6da yetib keldi, baribir». Eshikni Semyuelning onasi ochdi. Qarshisidagi bolakayning Portugaliyadagi turnir haqida aytganlarini diqqat bilan tinglagach, o‘g‘lini uyg‘otgani kirdi.

Sem bo‘layotgan voqealarning tush emasligiga ishonolmasdi. Onasi butun umr uning futbol o‘ynashiga qarshi chiqdi, endi esa o‘g‘lini yashil maydonga chorlamoqda. Chukvueze do‘sti bilan bo‘lgani kabi, odatiy holda qarshilik bildirdi, lekin bunga javoban baland ovozdagi buyruqni eshitdi: «Oyoq kiyimlaringni olib, chiq uydan!». Keyinroq onasi ushbu qarorini izohladi. Uning aytishicha, qalbidagi ilohiy ovoz farzandining futbol o‘ynashi kerakligini ta’kidlagan.

Yigitcha baxtiyor edi, endi sevimli mashg‘uloti bilan yashirincha shug‘ullanishga hojat qolmagandi - futbol bir onda legallashgandi. Lekin sarguzashtlar shu bilangina cheklanmadi. Semning do‘sti adashgandi. Bu Portugaliyadagi turnir emas, mahalliy Diamond Football Academy o‘tkazayotgan tadbir edi. Bolalar ko‘rikka kelishdi, biroq Chukvuezeni u yerga qo‘yishmadi - murabbiy uyda o‘tirmay, avvalroq ro‘yxatdan o‘tish kerak ekanligini aytdi. «Ko‘chada do‘stimni kutdim, uyga birga qaytishimiz kerak edi, - deya esladi Sem o‘tmish xotiralarini. - Biroq akademiya menejeri meni ko‘rib qolib, murabbiydan meni sinovdan o‘tkazishlarini so‘radi. Shunchaki, nimalarga qodirligimni ko‘rishlarini istadi». Maydondagi bir-ikki daqiqalik harakatning o‘zi yetarli bo‘ldi. Nigeriyalik murabbiy ajoyib javohirni darhol ko‘rdi. 

Chukvueze qisqa muddatda akademiyaning eng yaxshi to‘purariga aylanib, o‘sha onasi nazarda tutgan Portugaliyadagi turnirga bordi (u yerda ham hammadan ko‘p to‘p kiritdi). Sem o‘smirlar toifasida ham salohiyatini namoyish etdi. Shu yosh toifasidagi JCH-2015dagi ishtirok bunga yaqqol misol bo‘lishi mumkin. O‘sha turnirda Nigeriya termasi oltin medallarga ega chiqdi, jamoani 16 yoshli Osimxen (7 o‘yinda 10ta gol), Chukvueze (3+4) hamda Nvakali (3+1) olg‘a boshlashdi. Mazkur musobaqada boshqa termalar safida ekvadorlik Estupinyan (hozir Chukvueze bilan «Vilyarreal»­da birga to‘p surmoqda) hamda rossiyalik Fyodor Chalov (xuddi Sem singari 3ta to‘p kiritdi) golea­dorlik qobiliyatlarini ko‘rsatishdi.

O‘shandan buyon Yevropaning top jamoalari nigeriyalik vunderkindlar ortidan quvishdi, akademiyalarni kezib, bo‘lajak yo‘nalishlarni tanlashdi (qoidaga ko‘ra, faqat 18 yoshdan keyin ketish mumkin). Chukvueze «Portu», «Sporting», «PSJ» va «Zals-burg»dagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, «Arsenal» bilan muzokaralar o‘tkazdi (yakunda «kanonirlar» Nvakalini olishdi), lekin yakunda «Vilyarreal»ni tanladi.

Sem alohida yashardi - odatda, «g‘avvoslar» akademiyasidagi bolalar internatda istiqomat qilishardi, biroq nigeriyalik yigitcha yangicha shart-sharoitda mustaqillikka ko‘nikishi kerak edi. Qisqa muddatda Pau Torres bilan do‘stlashdi, baland bo‘yli himoyachi uni mashg‘ulotlarga olib borar, ispan tili masalasida yordamlashardi. Keyinchalik kuchli ishtiyoq qahramonimizning shiddat bilan o‘sishida bosh omil bo‘ldi.

*** 2018 yilning kuzida Sem asosiy tarkibda debyut qildi - o‘shandayoq Ispaniya kubogida to‘p kiritdi.

*** 2019 yilning aprelida «Barselona»ga qarshi bahsda (4:4) bittadan gol va assist muallifiga aylandi, lekin tuni bilan uxlolmay chiqdi. Messi o‘sha uchrashuvda jamoasi yutug‘iga sababchi bo‘lganidan ranjigandi.

*** 2019 yilning kuzida France Football talqiniga ko‘ra tuzilgan jahonning eng yaxshi yosh futbolchilar kuchli beshligiga kirdi. Undan tashqari ro‘yxatdan Joau Felish, Jeydon Sancho, Moyze Kin hamda Li Kan In («Malyorka») ham o‘rin olishdi.

*** 2020 yilning qishida unga «Real», «Chelsi» va «Liverpul» qiziqish bildirdi. Lekin «Vilyarreal» javohirini sotmadi, nigeriyalik iqtidor sohibining tovon puli 100 mln. yevroni tashkil etardi.

*** 2021 yilning bahorida Yevropa Ligasi finaliga chiqdi, ammo jarohat sabab «MYU»ga qarshi bahsni o‘tkazib yubordi. 

«Bir necha yillardan so‘ng o‘zimni faoliyatim cho‘qqisida ko‘rmoqdaman», - dedi Chukvueze 2019 yili theinter***iew.ng saytiga bergan intervyusida. Sem JCH-2022ga chiqolmadi va «Vilyarreal» tarixidagi asosiy finalni o‘tkazib yubordi, biroq yaqinda o‘tkazilgan o‘yinda o‘zini ko‘rsatdi. «Bavariya»ga qarshi bahsda faoliyatidagi eng muhim golni urib, maydonda va kiyinish xonasida o‘ziga xos raqsini namoyish etdi.

Aftidan, ota-onasining taqiqi ostida qachonlardir orzu qilishga ulgurmagan faoliyatining cho‘qqisi yaqinlashayotgan ko‘rinadi.

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: iff.uz
Kiritildi: 10:30, 30.04.2022.
O'qildi: 2166 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.