Bu mavsumda La Ligada raqobat juda past bo‘ldi.
"Real Madrid" La Liganing 34-turi yakunlariga ko‘ra Ispaniya chempioniga aylandi. 81 ochko jamg‘argan poytaxtliklar nominal ta’qibchilari bilan oradagi farqni juda ham yiriklashtirib oldi. Ayni damda ikkinchi o‘rindagi "Barselona" bilan oradagi farq 15 ochkoni tashkil qilmoqda. "Real" 1989/1990 yilgi mavsumdan beri eng erta chempionlikni qo‘lga kiritdi. O‘shanda ham klub, xuddi hozirgidek, chempionat tugashiga to‘rt tur qolganida g‘alaba qozongan edi. O‘shandan beri madridliklar 9 marta kubokni qo‘lga kiritishgan.
Albatta, “Real” o‘yinchilarining harakatlari tahsinga loyiq. Karlo Anchelotti Yevropaning barcha top-5 ligalarida chempionlikni qo‘lga kiritgan tarixdagi birinchi murabbiydir. Bu yil "Oltin to‘p"ga Karim Benzemadan boshqa asosiy da’vogar ko‘rinmayapti. Sababi, u "Espanyol"ga qarshi o‘yinda mavsumdagi 42-golini kiritdi va deyarli butun mavsum davomida jamoasini oldinga tortib yurdi.
"Real Madrid" 35-marta Ispaniya chempioniga aylandi. Bu Yevropaning top-5 ligasi uchun yangi rekord bo‘lib, Italiyaning “Yuventus” jamoasi erishgan 34 martalik natijadan o‘tib ketishdi. "Barselona" Ispaniyada 26 ta chempionlikka ega. Eng prinsipial raqib bilan tafovut yildan-yilga ortib bormoqda. Marselo Madrid klubi bilan o‘zining 24-kubogini qo‘lga kiritdi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha mutlaq jahon rekordchisiga aylandi. "Real Madrid"ning chempionatdan keyin sovuqqonligi haqida yana ko‘plab raqamli dalillar mavjud. Yakunda jamoa chempionlikni qo‘lga kiritish uchun eng kam vaqt sarflash bo‘yicha asr rekordini o‘rnatdi. Ammo bu yutuqning qiymati past. Nega?
Birinchi sabab - raqobatchilarning zaifligi. Ayni paytda turnir jadvalida “Barselona” (66), “Sevilya” (64 ochko), “Atletiko” (61) jamoalari 2-3-4-o‘rinlarni egallab turishibdi. Ikkinchi o‘rinni egallagan jamoaning ochkolari 75 taga ham yetib bormasligi mumkin. Bu esa La Liga uchun odatiy bo‘lmagan narsa. Misol uchun, o‘tgan mavsumda bu ko‘rsatkich barcha to‘rtta top-klub tomonidan amalga oshirilgan. Undan so‘ng chempionlikni "Atletiko Madrid" (86), "Real" (84), "Barselona" (79) va "Sevilya" (77) egalladi. Chempionat intrigasi so‘nggi daqiqalargacha davom etdi.
Hozir nima bo‘lyapti? Kutilganidek, "Atletiko" zafarli mavsumdan so‘ng orqaga qaytdi. Diyego Simeonening taktikasi o‘zini-o‘zi tugatdi, deyish mumkin emas, ammo hozirda, "matraschilar" Yevropada va umuman, Ispaniya futbolida superklub maqomiga da’vo qilgani yo‘q. Ha, ular o‘tgan mavsum chempionlikni qo‘lga kiritdi - yaxshi. Bu shuni anglatadiki, ular ma’lum bir mavsumda "Real" va "Barsa"ning zaif tomonlaridan foydalana olishdi. Bu klubning eng sodiq muxlislarigina "Atletiko"dan doimiy ravishda chempionlik unvonlarini kutishlari mumkin. Ammo optimist muxlislar “matraschilar”dan doimo ham chempionlik kutishmaydi. Sababi, klub o‘z sevimlilarini bunga o‘rgatib qo‘yishgan.
"Sevilya" ikkinchi o‘rin va Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashmoqda, buni Xulen Lopetegi jamoasi uchun katta muvaffaqiyat deb atash mumkin. Bu klub so‘nggi turgacha "Real Madrid" klubini ta’qib qiladi deb umid qilib bo‘lmas edi.
"Barselona"ning muammolari allaqachon o‘nlab marta muhokama qilingan. Kataloniyaliklar uchun mavsum boshidanoq natija bermadi. Ronald Kuman La Liga va Chempionlar Ligasida omadsiz start oldi, buning uchun u bosh murabbiylikdan bo‘shatildi. Xavi klub mavqeini saqlab qolish uchun chaqirildi. Ha, u bilan jamoa o‘yinidagi ba’zi narsalarda ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rish mumkin, ammo baribir "Barsa" hozirda dominantlik darajasidan uzoqda. Yevropa ligasida anchagina kamtarona Germaniyaning “Ayntraxt”idan “tarsaki yeyish”, La Ligada autsayderlar bilan o‘yinda tez-tez ochko yo‘qotish buning dalolatidir. “Ko‘k-anorranglilar” doimiy ravishda ijobiy natijaga erisha oladigan darajasiga qaytgani yo‘q.
Yaqinda Xavi va uning shogirdlarining "Real Madrid" ustidan qozonilgan yirik g‘alabasi (4:0) "Barselona" uchun mavsumning eng yorqin daqiqalaridan biri bo‘ldi, ammo baribir bu muvaffaqiyatning ahamiyatini ortiqcha baholab bo‘lmaydi. Sababi o‘sha payt "Real Madrid" allaqachon La Ligada munosib peshqadamlik qilayotgan va Chempionlar Ligasi pley-offi haqida ko‘proq o‘ylaydigan payt edi. Nazariy jihatdan kelasi mavsumda Xavi qo‘l ostidagi "Barselona"dan yaxshiroq o‘yin kutish mumkin. Buni murabbiyning o‘zi va’da qilib, "Real"ni munosib chempionlik bilan tabrikladi.
"Real Madrid chempion bo‘lgani bilan biz ularni tabriklaymiz. Bugungi kunda ular haqiqatan ham eng yaxshi jamoa: turnir uzoq davom etadi va odatda bunga loyiq bo‘lgangina g‘alaba qozonadi. Biz ularni tabriklaymiz, ammo keyingi mavsumda ularga qarshi jiddiyroq raqobat olib boramiz”, - dedi Xavi.
Qolaversa, “Real Madrid”ning chempionlik uchun yanada ko‘proq ochko to‘plashi ham madridliklarning super o‘yin ko‘rsatganidan dalolat bermaydi. "Real Madrid" 38 turda maksimal 93 ochko to‘playdi. Ammo, katta ehtimol bilan buncha ochko to‘play olishmaydi, chunki Anchelotti shogirdlari so‘nggi turlarda dam olishadi va ko‘proq o‘yin amaliyotisiz qolgan futbolchilarga imkon beriladi. Ammo "Real Madrid"ning oldingi chempionlik mavsumlarini esdan chiqarib bo‘lmaydi. Bosh sovrin uchun kurash deyarli mavsum oxirigacha davom etgan va ochko yo‘qotish katta falokatga olib kelgan. 2016/2017 yilgi mavsumda "Real Madrid" 93 ochko to‘pladi va ular ikkinchi o‘rindagi "Barselona"dan 3 ochko oldinda edi. 2011/2012 yilgi yillarda esa bu jamoalarning ochkolari soni 100dan oshib ketgan. Joze Mourinyo va Xosep Gvardiola o‘rtasidagi o‘sha nostalgi qarama-qarshiliklar yodingizdan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak a!?
"Real Madrid" — ajoyib klub. Anchelotti jamoasi ichki chempionatda a’lo darajada harakat qildi, haqli ravishda g‘alaba qozondi va endi bor e’tiborini Chempionlar ligasiga qaratadi. Prezident Florentino Peres Yevropa Chempionlar ligasini ham qo‘lga kiritmoqchi. Avvaliga qiyin vazifani bajarib, javob o‘yinida “Manchester Siti”ni mag‘lub etish kerak (birinchi o‘yin - 3:4). La Ligaga kelsak, kelasi mavsumdan boshlab chempionlik uchun kurashda yana raqobat bo‘lishini istardik. Birinchi o‘rin va ikkinchi o‘rin o‘rtasidagi tafovut katta bo‘lishi, bu chempionatning darajasini belgilab bermaydi.