Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirish yoʻlida olib borilayotgan ishlar, xususan, joriy yil Toshkent va Qarshi shaharlarida oʻtkaziladigan 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo chempionatiga tayyorgarlik jarayoni bilan yaqindan tanishish, mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirishga oid masalalarni muhokama qilish maqsadida Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa boshchiligidagi OFK delegatsiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi.
OFK prezidentiga tashkilot Bosh kotibi Datuk Seri Vindsor Jon va uning oʻrinbosari Voxid Kardani, shuningdek, bir nechta masʼul vakillar hamrohlik qilmoqda. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida OFK delegatsiyasini Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov kutib olishdi. Shundan soʻng rasmiylar MOQga tashrif buyurdilar. Unda oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish mavzusida uchrashuv oʻtkazildi.
Suhbatda Adham Ikramov OFK rahbarini mamlakatimizda futbol ommaviyligini oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirdi.
“Siz kabi faxriy mehmonlarni qabul qilish biz uchun sharaf. Mamlakatimiz va OFK oʻrtasidagi doʻstona aloqalar yildan yilga mustahkamlanib bormoqda. Sir emaski, futbol yoshlarimiz orasidagi eng sevimli sport turlaridan. Sportni rivojlantirish vazirligi, OʻFA va MOQ yurtimizda futbolni yanada rivojlantirish, uning ommaviyligini oshirish boʻyicha hamkorlikda faoliyat yuritmoqda. Hozir assotsiatsiyamizda kuchli jamoa shakllandi. Ular futbol ommaviyligini mahallalardan boshlab tatbiq qilmoqda. Bu seleksiya ishlariga ham yordam beradi. Mamlakatimizda futbolni rivojlantirishga shaxsan Prezidentimizning oʻzlari eʼtibor qaratmoqdalar”, – dedi Sportni rivojlantirish vaziri.
Oʻz navbatida, OFK prezidenti ham bu borada olib borilayotgan oʻzgarishlar oʻzining ijobiy samarasini berayotganini taʼkidladi.
“Men va jamoamni iliq kutib olganingiz uchun tashakkur bildiramiz. Oʻzbekistonga qilgan soʻnggi tashrifim va hozirgi holatni solishtirsak, davlatingizda har tomonlama katta oʻsishni koʻrish mumkin. Haqiqatan ham, OʻFAda kuchli jamoa tuzilib, samarali faoliyat olib bormoqda. OFK Oʻzbekistonga shunchaki aʼzosi emas, oʻzining eng yaqin hamkorlaridan biri sifatida qaraydi. Mamlakatingizda futbolni yanada rivojlantirish yoʻlida mana shunday ishlashda davom etsak, koʻp natijalarga erishamiz. Buning uchun Oʻzbekistonda yaxshi infratuzilma mavjud”, – dedi Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa.
Suhbat davomida Toshkentda 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi Osiyo chempionatini yuqori saviyada oʻtkazish, mamlakatimizda murabbiylik, hakamlik sohalarida malakali kadrlarni tayyorlash, futbol ommaviyligini oshirish mavzularida fikr almashildi. Shundan soʻng Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining faoliyati bilan tanishdi.