APL dunyoda eng tomoshabop liga ekani bilan ajralib turadi. Muxlislar dunyoning qaysi burchagida bo‘lishidan qat’iy nazar ingliz futbolini tomosha qilishga intiladi. O‘yinlarga muxlislar kirishini aytmasa ham bo‘ladi. Bugun muxlislarga bir qadar qiziq bo‘lgan Angliya Premyer-ligasining yangi mavsumi haqida gap boradi.
APLning bir mavsumi nechta o‘yindan iborat bo‘ladi?
APLda 20 ta klub mavjud. Shu sabab har bir jamoa 38 marta o‘yin o‘tkazish bilan mavsumni tugatadi. Ularning 19 tasi uyda, qolgan 19 tasi esa safarda o‘tadi. Umumiy qilib olsak, har mavsumda 380 ta o‘yin bo‘lib o‘tadi. Ushbu bahslarni namoyish etish huquqi dunyo bo‘ylab turli xil telekanallar tomonidan xarid qilinadi. Masalan, Angliyaning o‘zida «Sky Sports» hamda «BT Sport», qolaversa, «Amazon Prime Video» onlayn platformasi orqali APLni kuzatib borish imkoni mavjud.
APL o‘yinlari qanday taqvimlashtiriladi?
Ushbu jarayon APLning o‘yin sanalarini «Atos»ga yuborishi bilan boshlanadi. Bu kompaniya xalqaro IT xizmatlarini ko‘rsatadi. U 30 yildan buyon Angliya elitasini taqvimlashtirish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
FIFA, UEFA hamda Angliya FAdan xalqaro tanaffuslar sanasi haqida ma’lumot olinadi va kalendarga qo‘shiladi. Shunda, liga, kubok va liga kubogi uchun ham mavjud vaqtlar yuzaga qalqib chiqadi. Har mart oyida APL o‘zida qatnashuvchi klublarga maxsus so‘rovnoma jo‘natadi. Unda klublar qachon mehmon o‘yinlarini o‘tkazishni xohlashi bilan bog‘liq savol bo‘ladi. Klublar o‘z qarorlarini bayon qilgach, olingan ma’lumotlar uy o‘yinlarining o‘tkazilish sanasi bilan moslab ko‘riladi. Taqvimlashtirish kompyuterida to‘liq ma’lumotlar bazasi hosil qilingach, ular aralashtiriladi. Kompyuterning o‘zi qaysi klub, qachon, qayerda o‘yin o‘tkazishini biladi va hal qiladi. Bir klub hech qachon mavsumni ketma-ket uy o‘yini yoki mehmon o‘yini bilan tugatmaydi va yakunlamaydi. Bunda muxlislarni sayohat qilish muammolari ham e’tiborga olinadi. Shuningdek, o‘yinlarni sanalarga joylashtirish, translasiya huquqini sotib olgan telekanallarga ham noqulaylik tug‘dirmasligi kerak.
Klublar o‘yinlari shunday taqvimlashtiriladiki, bir shahar jamoalari bir vaqtning o‘zida o‘z o‘yinlarini o‘tkazmaydi! Masalan, «MYU» va «Manchester Siti» hech qachon o‘z uylarida bir xil vaqtda tur bahsida ishtirok etmaydi. Ammo Londonda bu masala sal murakkabroq. Chunki ushbu shahardan birdaniga olti yoki yettita jamoa APLda ishtirok etadi.
Hamma o‘yinlar tartibga solingach, ushbu ro‘yxat Futbol ligasi hamda APL ma’muriyati tomonidan ko‘zdan kechiriladi. Kamchilik yoki tushunmovchiliklar kelib chiqsa, taqvim ro‘yxati «Atos»ga qayta ishlash uchun yuboriladi.
Yangi mavsum qachondan start oladi?
2022-2023 yilgi APL mavsumi 5 avgust kuni boshlanadi. O‘sha kuni, juma oqshomida «Arsenal» «Kristal Pelas» mehmoni bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Hafta yakunida shuningdek, «Man.Siti» «Vest Xem» maydoniga safar qiladi. «Liverpul» esa «Fulxem»ga qarshi bahs o‘tkazadi. «MYU» «Brayton»ni o‘z maydonida sinovdan o‘tkazadi.
APL har yilgidan bir hafta ertaroq boshlanadi. Negaki, noyabr-dekabr oylarida Jahon chempionati bo‘lib o‘tishi kerak. JCHga 12-13 noyabr kunlari o‘yinchilar jalb etila boshlaydi. APL esa Yangi yilga yaqin, «Boxing Day»dan boshlab yana qaytadi.
APLning yangi mavsumi qachon tugaydi?
2022-23 yilning so‘nggi turi 28 may kuni o‘tkaziladi. Unda barcha o‘yinlar doimgidek bir vaqtning o‘zida boshlanadi. Shunday qilib, mavsum JCH hisobiga biroz cho‘ziladi.
Jaloliddin ISMATOV tarjimasi