Quyida futbolchilik faoliyatidan so‘ng siyosatga kirib kelgan mashhurlar haqida so‘z yuritamiz.
Damiano Tommasining faoliyati va Xose Luis Chilavertning prezidentlik ambisiyalari ko‘pchilikni hayratga solgan. O‘ylaymizki, siz ham bunga befarq bo‘lmaysiz.
Jorj Vea
Liberiya Prezidenti bo‘lgan Vea Monroviyaning xarobalarida o‘sganini ko‘pchilik ham bilavermaydi. Tinch aholi uchun xavfli ko‘chalarda to‘p tepgan Jorj bir kun kelib qanday cho‘qqilarni zabt etishini tasavvur ham qila olmagan bo‘lsa kerak. Veaning faoliyati barcha afrikaliklar uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qiladi. Chunki u faqat futbolda muvaffaqiyat qozonmagan.
Jorjning Yevropadagi ilk klubi "Monako" bo‘lib, futbolchi bu yerda Fransiya kubogini qo‘lga kiritdi, shundan so‘ng "PSJ" bilan chempionlik, "Milan" bilan ikkita Skudetto va "Chelsi" bilan Angliya kubogida g‘olib chiqdi. Vea 1995 yilda "Oltin to‘p"ni qo‘lga kiritganda futbol olamidan yuqori olqishlarni qabul qilib olgan.
Futbolchilik faoliyatini tugatgandan so‘ng, Vea insonparvarlik va siyosiy ishlarga qo‘l urdi, birinchi marta 2005 yilda Liberiya prezidentligi uchun kurashga qo‘shildi va hatto saylovlarning birinchi bosqichida g‘alaba qozondi ham. Ammo ikkinchi turda taslim bo‘lishga majbur bo‘ldi. Biroq shunga qaramay Jorj Vea 12 yildan so‘ng baribir o‘z mamlakatining birinchi shaxsiga aylandi. Liberiyaning 25-prezidenti sifatida 2018-yilning yanvaridan o‘z lavozimga kirishdi. Shu tariqa, to‘rt yarim yil davomida sobiq futbolchi 5 million aholiga ega davlatni boshqarib kelmoqda.
Romario
Rio-de-Janeyro shtatidagi Braziliya senatori
Romario "PSV" va "Barselona"da o‘ynaganidan xabaringiz bor, u 1994 yilgi jahon chempionida ham qatnashgan va o‘z faoliyati davomida 1000 dan ortiq gol urgan deya taxmin qilinadi. Futbol orqali erishilgan mashhurlik unga 2010 yildan o‘z mamlakatida siyosiy muvaffaqiyatga ham hissa qo‘shdi. U dastlab Braziliya Milliy Kongressi quyi palatasi a’zosi bo‘lib ishlagan va 2014-yilda Braziliya Federal Senatiga (Kongress yuqori palatasiga) o‘tib, Rio-de-Janeyro shtatidan nomzodlar orasida eng ko‘p ovoz to‘plagan. Romario futbol klublari kabi partiyalarni ham tez-tez o‘zgartirgan. To‘rt yil oldin u Rio-de-Janeyro shtati gubernatorligiga o‘z nomzodini qo‘ygan edi, ammo yakunda Romario bu saylovlarda mag‘lub bo‘ldi.
Kaxabar Kaladze
Tbilisi meri
Kaladze "Milan"da futbolchilik faoliyatining cho‘qqisiga chiqdi, jamoa uchun o‘n mavsum davomida uch yuzga yaqin o‘yin o‘tkazdi. Kaladze Karlo Anchelotti davridagi buyuk g‘alabalarda muhim rol o‘ynagan. Gruziyalik himoyachi ikki marta Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi. 2010 yilda Kaxa "Milan" bilan xayrlashdi va "Jenoa"ga ko‘chib o‘tdi va shu yerda Italiyadagi sarguzashtlariga yakun yasadi. Shundan so‘ng unda gruzin siyosatchisi sifatida faoliyat olib borish fikri tug‘ildi.
2012 yilda Kaxabar Karlovich Gruziya parlamenti a’zosi bo‘ldi, o‘sha yili u energetika vazirligida ham bir muddat ishlab ko‘rdi. Besh yil o‘tib Kaladze Tbilisi meri lavozimiga da’vogarlik qildi va 50 foizdan ko‘proq ovoz to‘plab, yirik g‘alabaga erishdi.
2021 yilda Kaladze ushbu lavozimga qayta saylandi, u Gruziya poytaxti meri bo‘lib ishlashda davom etmoqda. "Milan" futbolchisi bo‘lganida ham Kaxa Gruziya prezidenti bo‘laman, deb hazil qilar edi. Bu rostan ham haqiqatga yaqin, chunki mashhur siyosatchi endigina 44 yoshda va u allaqachon Gruziya aholisining deyarli uchdan bir qismi istiqomat qiluvchi Tbilisi aholisi tomonidan ikkinchi marta ishonch qozondi. Shundan so‘ng Prezidentlik sari jiddiy qadam tashlasa ham ajab emas.
Damiano Tommazi
"Verona" shahri Meri
"Romeo va Julyetta" shahrini futbolchi boshqarmoqda. Damiano Tommazi futbolchilik faoliyatini "Verona"da boshlagan, ammo keyinchalik "Roma"da ko‘rinish berib, 2000/01 yilgi mavsumda Italiya chempionligini qo‘lga kiritgan. "Roma"dagi o‘yinlari tufayli u katta shuhrat qozongan. Tommazini barcha Chempionlar ligasida urgan muhim goli orqali eslashadi. "Roma" yulduzi "Barselona"ga qarshi bahsda Gabriel Batistuta o‘rniga maydonga tushib, ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda kataloniyaliklar darvozasini ishg‘ol etgan.
Tommazi futbolchilik faoliyati davomida ham xayriya ishlarida faol ishtirok etgan va butsalarni mixga ilganidan ko‘p o‘tmay, Italiya professional futbolchilar assosiasiyasi prezidenti bo‘ldi va bu lavozimda deyarli 10 yil ishladi. Ma’lum bo‘lishicha, u jiddiyroq siyosiy martaba uchun tayyorgarlik ko‘rgan. O‘tgan hafta oxirida Verona meri uchun o‘tkazilgan saylovlarda mustaqil nomzod sifatida Tommazi 54,4 foiz ovoz oldi. Endi u 250 ming aholiga ega shaharning farovonligi uchun javobgarga aylandi.
Xose Luis Chilavert
Paragvay prezidentligiga nomzod
Tarixdagi eng yorqin janubiy amerikalik darvozabonlardan biri bo‘lgan Chilavert nafaqat maydondagi seyvlari, balki penaltilar va jarima zarbalaridan urgan gollari bilan ham yodda qolgan. Faoliyati davomida u 70 ta gol urgan, shu jumladan Paragvay milliy terma jamoasi uchun ham 8 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
To‘laligicha qashshoqlikda o‘sgan va yetti yoshigacha poyabzal nimaligini bilmagan yigit uchun bular yomon natija emas albatta. Chilavert Janubiy Amerikada yilning eng yaxshi futbolchisi deb tan olindi, Yevropada Ispaniyaning "Saragosa" va Fransiyaning "Strasburg" klublarida o‘ynadi. 2020 yil oxirida Xose Luis 2023 yilgi saylovlarda Paragvay prezidenti lavozimiga nomzodini qo‘yishini e’lon qildi. Ikki hafta oldin Chilavert o‘z nomzodini rasman e’lon qildi:
"Farovon Paragvayni barpo etish mas’uliyatini his qilgan holda, xalqimiz o‘z mamlakati bilan yana bir bor faxrlanishi uchun prezidentlikka nomzodimni rasman e’lon qilishga qaror qildim", - deydi Chilavert.