«Liverpul» bir hafta muqaddam, ya’ni 14 iyun kuni «Benfika» hujumchisi Darvin Nunyes bilan shartnoma tuzganini rasman tasdiqladi.
Urugvaylik futbolchi endi «qizillar»ning 27-raqamli formasida maydonga tushadi. E’tiborlisi, «Liverpul» rasmiy sayti kelishuv imzolanganidan keyinoq Nunyesni alohida suhbatga tortdi.
- Darvin, «Liverpul» oilasiga xush kelibsiz! Ayni damda nimalarni his qilyapsiz?
- Rahmat! «Liverpul»dek megajamoa safiga qo‘shilish har qanday futbolchiga o‘zgacha tuyg‘ular bag‘ishlaydi, albatta. Avvalo, men uchun hamisha g‘urur manbai sanalgan mahbubam, ota-onam va o‘g‘limga minnatdorchilik bildiraman. Zero, ular professional faoliyatimning turli bosqichlarida g‘oyat muhim rol bajarishdi. Bunday buyuk klubning bir qismiga aylanish yoqimli va cheksiz baxt!
- Klub bazasini, maydonni aylanib chiqdingiz, sovrinlarni ko‘rdingiz. Shu asnoda «Liverpul» tarixi haqida qo‘shimcha ma’lumot oldingiz. Hozirgi haqiqatni nechog‘li anglayapsiz?
- Ha, shubhasiz, shunday jamoa bilan shartnoma tuzganingizga birdan ishonishingiz qiyin. Bazaga kirgach, barchasi qanday tartibga solinganidan hayratda qoldim. Sovrinlar esa ruhimni ko‘tardi. Bu yerda ko‘proq sovrin yutishingizga ishonchingiz ortadi. Klub muzeyiga qarab, o‘z-o‘zidan pichirlaysiz: «O, endi shu jamoaning bir bo‘lagiman». Umuman, «Liverpul»ni tanlaganimning asosiy sababi ham shu - sovrinlar va unvonlarga ko‘milishni istayman.
- Hozirgi «Liverpul» aynan qaysi jihati bilan sizga mos tushadi?
- Jamoaga qarshi o‘ynab ko‘rganman, qolaversa, CHLdagi o‘yinlarini kuzatganman. O‘ylaymanki, klub uslub bo‘yicha menga juda yaqin. Tarkibda kuchli futbolchilar ko‘p va menimcha, o‘z o‘yinim bilan jamoaga kirishib ketishda uncha qiynalmasam kerak.
- «Enfild»da «Liverpul»ga qarshi o‘ynaganingizda qanday holatga tushgansiz?
- Arenadagi muhit ajoyib edi. Bunday shovqinli stadionda to‘p surish - katta tajriba. Bolalikdan aynan muxlislar bilan to‘lib-toshgan tribunalar ostida o‘ynashni orzu qilganman. Yashirmayman, o‘sha uchrashuvdan so‘ng bu yerda doimiy o‘ynash ajoyib bo‘lishi haqida o‘ylagandim. Qarang, endi «Enfild»daman va bunday imkoniyat yaratgani uchun klubdan minnatdorman.
- Virjil van Deyk sizni jahon futbolining asosiy iqtidorlaridan biri sifatida ta’riflagan videoni ko‘rdingizmi? Endi u bilan bitta jamoada o‘ynaysiz...
- Boshqa klub futbolchisidan maqtov eshitish hamisha yoqimli. Van Deykdek kuchli va tezkor himoyachining meni e’tirof etganidan o‘zgacha faxrlanganim ham rost.
- «Liverpul» haqida Luis Suares bilan ham gaplashdingizmi?
- Hali yo‘q. Lekin qo‘ng‘iroqlashamiz yoki yozishamiz, albatta. Unga klub bazasida tushgan suratimni yubormoqchiman. Bunda Suaresning surati ham kadrdan joy oladi. Ha, menda Luisga beradigan savollar ko‘p. Axir u «Liverpul»da tarix yaratgan urugvaylik, demak, ko‘p narsadan xabardor.
- Bosim sezilyaptimi yoki bunga shunchaki, imkoniyat sifatida qarayapsiz?
- Yo‘q, ortiqcha bosimni sezmayapman. «Benfika» libosini kiyganimda ham xuddi shunday savol berishgandi. O‘ylaymanki, futbolchi tashqi e’tiborga parvo qilmasligi, aksincha, o‘ziga bosim yaratishi kerak. Jamoada yo‘qolib qolmaslik uchun ishga to‘g‘ri yondashishda davom etishim, kamtarlikni unutmasligim va bir urinishda natija ko‘rsatishim kerak.
- Hali yoshsiz, lekin muxlislar darhol gollar kutishadi. Bunga tayyormisiz?
- Gol urish-urmasligim - ikkinchi masala. Birinchisi - jamoaga maksimal darajada naf keltirish. To‘g‘ri, hujumchi gol bilan tirik, buni tushunaman. Yaxshi boshlab olsam, bas. Qolgani o‘z-o‘zidan rivojlanadi. Ayni payt yigitlar bilan tanishish imkonini beradigan mashg‘ulotlar jarayoni boshlanishini intiq holda kutyapman.
- O‘tgan mavsum ko‘p gol urdingiz, ammo «Liverpul» hujumida raqobat juda baland...
- Jamoa hujumining bir qismi bo‘lishimni o‘ylasam, hayajon bosyapti. Yuqori sifatga ega mega futbolchilar - Firmino, Jota, Luis Dias, Saloh...To‘g‘risi, bunday «yirtqichlar guruhi»da o‘ynash - orzu. Bolaligimdan Yevropaga intilganman, lekin hech qachon «Liverpul» darajasiga chiqishni o‘ylamagandim. Bu yerda hammasi yoqdi, sevgilim ham baxtiyor. Agar u quvnoq yursa, men ham baxttiyorlikni tuyaman. Chunki hammasining asosi - oila. Raqobatga kelsak, bu o‘sishimga yordam beradi, menimcha.
- Yurgen Klopp bilan ishlash imkoniyati haqida qanday fikrdasiz?
- Har qanday futbolchi uchun murabbiy munosabati muhim. O‘ylaymanki, Klopp o‘yinimni kuchaytirishda yaqindan yordam beradi. Firmino va boshqa tajribali futbolchilar ko‘magidan ham umidvorman. 22 yoshdaman va hali ko‘p o‘rganishim kerak. Bu masalada Klopp bilan ishlash - ayni muddao! Barchasi endi boshlanadi. Avvalo, oilam bilan biroz hordiq chiqaraman, keyin mavsumoldi mashg‘ulotlariga kirishaman. Oldinda meni zavqli ishlar kutib turganiga ishonchim komil.
- Oxirgi savol: muxlislar uchun biror inglizcha iborani o‘rgandingizmi?
- Hozircha ingliz tili bo‘yicha no‘noqroqman, lekin o‘rganaman, albatta. Chunki futbolchi uchun til bilish muhim. Hozircha bitta ibora aytishim mumkin: «Boss!»
Darvin Nunyes «Liverpul» tarixidagi ikkinchi qimmatbaho futbolchiga aylandi. «Qizillar» birgina Virjil van Deyk transferiga urugvayliknikidan ko‘proq sarflashgan - 84,65 mln. yevro.
MUHAMMADXON tayyorladi