Ueyn Runi “Di Ci Yunayted”ga qaytdi. "Manchester Yunayted"ning sobiq futbolchisi futbolchilik faoliyatining ikki yilini o‘tkazgan Amerika klubini boshqaryapti. O‘shanda Runi “qora qizillar” safida 52 ta o‘yin o‘tkazib, 25 ta gol va 14 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Lekin eng muhimi, u jamoa yetakchisi edi, u ajoyib jarima zarbalarini amalga oshirdi va yorqin epizodlar bilan yodda qoldi.
“Ueyn - futbol afsonasi. U sportimizdagi eng qiziqarli va istiqbolli mutaxassislardan biridir. U qiyinchilikda jamoani qanday boshqarishni bilishini allaqachon isbotlagan. U bizning ligamizni va bu yerda muvaffaqiyatga erishish uchun nima kerakligini biladi”, dedi “Di Ci Yunayted” raislari Jeyson Leviyen va Stiv Kaplan.
Qiyinchiliklar haqida bejiz aytishmagandi – 2020 yilning noyabridan boshlab 36 yoshli mutaxassis “Derbi Kaunti”ni boshqarib kelmoqda edi.
Runi avvaliga vaqtinchalik bu lavozimni egalladi va bir necha muvaffaqiyatlardan so‘ng u bu lavozimga tasdiqlandi. Uning qo‘l ostida jamoa chempionshipdan chiqib ketdi, jamoa turnir jadvalida so‘nggi o‘rinni egalladi. Ammo 2021/2022 yilgi mavsumda "Derbi" jiddiy moliyaviy muammolarga duch kelgani va reglamentni buzgani uchun klubdan 21 ochko olib tashlanganligi muhim voqe edi. “Derbi” 34 ochko bilan quyiroq ligaga tushib ketgan bo‘lsa, 41 ochko to‘plagan “Riding” ligadagi o‘rnini saqlab qoldi. Demak, sanksiyalarsiz klub chempionshipdagi o‘rnini saqlab qolgan bo‘lardi.
“Men ingliz OAVlarida bu murabbiylik faoliyatimdagi orqaga qadam bo‘lishi mumkinligi haqida bir qancha maqolalarni ko‘rdim. Men buni MLSga nisbatan hurmasizlik deb bilaman. "Derbi Kaunti"da bo‘lgan tajribam menejer sifatida rivojlanishim uchun juda foydali ekanligini his qilaman. “Di Ci Yunayted”ga qaytish men uchun hayajonli vazifa. Bu yerda men murabbiy sifatida rivojlanishim va jamoani yaxshilashga yordam bera olaman”, dedi murabbiy.
Vashingtonda Runi o‘ziga yaqin futbolchilarni jamoaga yig‘moqchi. "Di Ci Yunayted"da allaqachon Ueyn 2019 yilda o‘ynagan sakkiz nafar futbolchi bor. The Athletic va Daily Star xabarlariga ko‘ra, ularga Jessi Lingard va Fil Jons qo‘shilishi mumkin. 19 turdan so‘ng “Di Ci Yunayted” Sharqiy konferensiyada so‘nggi o‘rinni egallab turibdi. Vashington klubining navbatdagi mavsum tugashiga 15 ta o‘yini bor. Jamoani pley-off zonasidan bor-yo‘g‘i to‘qqiz ochko ajratib turibdi. Runi uchun yana bir haqiqiy sinov shunday emasmi?
Lingard va Jonsga kelsak, Runi ular bilan bir necha yil "Manchester Yunayted"da o‘ynagan va 2016/2017 yilgi mavsumda Yevropa Ligasida g‘olib chiqqan. Ikkalasi bilan ham “Di Ci Yunayted” shartnoma imzolash qiyin bo‘ladi. Lingard va Vashington klubi o‘rtasida muzokaralar olib borilayotganiga qaramay, unga MLSning bir qancha boshqa klublari ham qiziqish bildirgan.
Fil Jonsning faoliyatini davom ettirish uchun imkoniyatlari kam. Himoyachi so‘nggi yillarda ko‘p o‘ynamadi. Uning "Manchester Yunayted" bilan shartnomasi bor, shuning uchun “Di Ci Yunayted” futbolchisi bo‘lish uchun u klub bilan 2023 yilning yoziga qadar tuzilgan shartnomasini bekor qilishi yoki transfer/ijaraga kelishib olishi kerakdek ko‘rinadi.
Bu yil “Di Ci Yunayted”ning raqiblari yulduzlar hisobiga ancha kuchayib olishdi: “Los-Anjeles” Garet Beyl va Jorjyo Kellinini, “LA Gelaksi” Duglas Kostani, “Chikago Fayr” Jerdan Shakirini jamoaga qo‘shib oldi. Yuqorida nomi keltirilgan futbolchilar o‘z vaqtida Yevropa maydonlarini “titratgani” ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak.