Kristof Galtye - «PSJ»ning yangi ustozi. 55 yoshli fransiyalik mutaxassis Chempionlar Ligasidagi omadsiz ishtirok tufayli ishdan bo‘shatilgan Maurisio Pochettinoning o‘rniga tayinlandi.
Le Parisien ma’lumotiga ko‘ra, Parij klubi Galtyeni «Nissa»dan 5 mln. yevro evaziga sotib oldi. Agar Pochettino iste’fo kompensasiyasi masalasida chegirma qilib berganida, mazkur «transfer» summasi ikki marta ortiqroq bo‘lishi mumkin edi. Biroq argentinalik amaldagi kelishuvni nisbatan kamtarona shartlar asosida bekor qilishni istamadi, natijada «PSJ» unga 15 mln. yevro to‘laydigan bo‘ldi (ushbu summaning 3 millioni Maurisioning yordamchilariga tegadi).
Endi Yevropaning badavlat klubidagi Kilian Mbappe, Lionel Messi, Neymar va boshqa yulduzlarni kim boshqaradi? Aftidan, bu shayxlar uchun ideal tanlovdek. Ha, Galtye jahon futbolidagi eng mashhur shaxs emas. Har holda, uni piarchi top-murabbiylar qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi. Ammo ushbu mutaxassisni muvaffaqiyatli deyish mumkin. Quyida «PSJ»ning yangi ustoziga taalluqli 10ta faktga e’tibor qaratamiz.
** Galtye Marselda tug‘ilgan, ya’ni «PSJ» boshqaruviga asosiy nomzodlardan biri - Zayniddin Zidanning hamshahri. Zizudan farqli ravishda Kristof «Marsel» safida to‘p surishga ulgurgan: faoliyatining dastlabki va so‘nggi ikki mavsumida. Ammo markaziy himoya vakili mashhurlik bobida Zidanga tenglasholmadi, hattoki, Fransiya milliy jamoasi darajasiga tortmadi, lekin yoshlar termasi bilan Yevro-1988da zafar quchdi.
** Mustaqil murabbiylik faoliyatini boshlashidan avval Galtye 10 yil turli mamlakatlardagi turfa jamoalarda yordamchilik qildi: «Marsel», «Aris» (Gresiya), «Bastiya», «Al-Ayn» (BAA), «Portsmut» (Angliya), «Sosho», «Lion» va «Sent-Etyen» shular jumlasidan. Kristof murabbiy sifatida Liga 1dagi ilk «oltin»ini «Lion»da Alen Perrenning assistenti maqomida qo‘lga kiritgan.
** «PSJ» - Galtyening bosh murabbiylik faoliyatidagi to‘rtinchi klub. Qizig‘i, 2009 yili «Sent-Etyen»ni ham, 2017 yili «Lill»ni ham mavsum o‘rtasidagi qabul qilgan, o‘shanda mazkur jamoalar 18-o‘rin, ya’ni jon saqlash hududida borishayotgandi. Har ikki safar Kristof asosiy vazifani uddalab, klublarni elitada olib qolgan. Keyingi 7 yil davomida «Sent-Etyen» Galtye bilan muntazam o‘nlikka kirib, hatto top-4 a’zosiga ham aylangan.
** Fransuz bosh murabbiy sifatida ilk sovrinini mavsum-2012|2013da qo‘lga kiritgan. «Sent-Etyen» Liga kubogi finalida «Renn» ustidan zafar quchgan (1:0). Galtyening qo‘l ostida rang-barang tarkib shakllangandi. O‘sha final uchrashuvini yodga olsak, Pyer-Emerik Obameyang (hozir «Barselona»da), Kurt Zuma (o‘sha mushukni ranjitgani bilan tanilgan «Vest Xem» himoyachisi) va Yoan Mollo jamoa sharafini himoya qilishgan. G‘alaba goli esa «Shaxtyor»dagi faoliyati orqali nom qozongan Brandao hisobiga yozilgan. Garchi Mollo va boshqa o‘ziga xos shaxslar bilan murosaga kelish oson bo‘lmasada, murabbiy buni uddalagan. Bir safar Kristof matbuot anjumanida shunday degandi: «Endi Yoanga umid qilmayman. Nega? Chunki o‘yindan bir kun oldin uning oyog‘i og‘rib qolaveryapti. Demak, vaziyatga oldindan baho berishim kerak».
** Mavsum-2020|2021da Galtye boshchiligidagi «Lill» Yevropa futbolidagi asosiy sensasiyaga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Liga 1 «oltini» uchun kurashda «doglar» Mbappe va Neymari bor «PSJ»ni ortda qoldirishdi. Bu voqea so‘nggi besh yilda parijliklarni ilk marta chempionlik unvonidan mahrum etgandi. Kristof «Lill» sport direktori Luish Kampush bilan birga ajoyib jamoani shakllantirgan. Aynan Kampush «PSJ»ga o‘tgach, eski tanishini yoniga chorladi.
** Galtye faqat «Nissa»da bir mavsumgina ushlanib qoldi. Uning qo‘l ostida jamoa Liga 1da 9-o‘rindan 5-pog‘onaga ko‘tarildi, vaholanki, finishga ikki tur qolganiga «burgutlar»ni Chempionlar Ligasi hududidan atigi 2 ochko ajratib turgandi. Bundan tashqari, «Nissa» Fransiya kubogi finaliga chiqdi, lekin «Nant»ga imkoniyat boy berildi (0:1).
** So‘nggi yillarda Galtye «PSJ» uchun haqiqiy boshog‘riqqa aylangandi. Liga 1ning o‘tgan ikki mavsumida uning «Lill» va «Nissa» klublari parijliklarga qarshi kechgan to‘rtta o‘yinning birortasida yutqazmadi (ikki g‘alaba, ikki durang). Qo‘shimchasiga, 2022 yilning yanvarida «Nissa» «PSJ»ni Fransiya kubogi 1|8 finalidan chiqarib yubordi: «Park de Prens»dagi g‘alaba penaltilar seriyasi orqali qo‘lga kiritildi.
** Evrokuboklarda Galtye hozircha u qadar samarador emas. Uning boshchiligidagi «Lill» Chempionlar Ligasi-2019|2020da «Chelsi», «Ayaks» va «Valensiya» bilan bir guruhdan joy olib, 5 mag‘lubiyat va bir durang qayd etdi. Yevropa Ligasidagi eng yaxshi ko‘rsatkichi - «Sent-Etyen» (ikki marta) va «Lill» (bir marta) bilan 1|16 finalga chiqqan. Kristofning jamoalari «Bazel», «Manchester Yunayted» va «Ayaks»ga yutqazgan.
** L~Equipe xabariga ko‘ra, Galtye «Nissa»da oyiga 330 ming yevro ishlab topgan. Bu Pochettino «PSJ»da olgan maoshdan (1,1 mln. yevro) ancha kam. Biroq Kristof shu ko‘rsatkich bilan ham Liga 1dagi eng ko‘p maosh oladigan murabbiylar ro‘yxatida «Marsel»dagi Xorxe Sampaoli bilan ikkinchi o‘rinni bo‘lishib turgan. Gap-so‘zlarga ko‘ra, Galtye «PSJ»da ham argentinalik hamkasbidan kamroq maosh oladi.
** 2020 yilning fevralida Galtye «PSJ»ning hozirgi vise-sardori Presnel Kimpembening akasini tanqid qilgan, bunga futbolchining qarindoshi o‘shanda parijliklarni boshqargan Tomas Tuxelni qo‘pol ravishda haqorat qilgani sabab bo‘lgandi. Kristofning intervyusidan iqtibos keltiramiz: «Tuxelni qo‘llab-quvvatlayman. Kimpembening akasi uni ommaviy tarzda haqorat qilishga jazm etdi. Murabbiy sifatida bu mojaroni o‘ta jiddiy deb hisoblayman. Kimdir telefoni emas, miyasidan ko‘proq foydalansa, maqsadga muvofiq bo‘lardi». Endi Kimpebme Galtye qo‘l ostida faoliyat yuritadi.
O‘.UMAROV tayyorladi