Shu kunlarda yana dunyoning eng mashhur futbol yulduzlaridan biri bo‘lgan Ronaldu atrofida har-xil gap-so‘zlar urchimoqda. Bunga eng avvalo, Ronalduning o‘rtoqlik uchrashuvlaridan birida zaxiraga olingani, keyinchalik esa APLning ilk o‘yinida zaxirada qoldirilgani sabab bo‘lgandi. To‘g‘ri, klubda kim o‘ynashini murabbiy hal qiladi. Erik ten Xagning qarorini bu borada to‘g‘ri tushunish va hurmat qilish lozim. Biroq, Ronaldu bugun shunday figuraga aylanganki, uning nomi har qanday murabbiy shaxsiyatidan ustun turadi. Aynan mana shu omil sabab (balki) Ronaldu o‘zi o‘ynayotgan klubda katta ta’sirga ega. Ammo bu narsa ayni paytda uning jamoadoshlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
So‘nggi xabarlarda Ronalduning «MYU»dagi jamoadoshlari, hujumchining g‘alati va g‘ayritabiiy qiliqlaridan «to‘yib ketgan»i aytiladi. Unda klubdagi futbolchilarning salmoqli qismi portugaliyalik afsonani jamoadan ketishini istayotgani keltirilgan. Aftidan ichki muhitda, jumladan, futbolchilarda Ronalduga nisbatan g‘azab ortib bormoqda. Bu haqida klub ichidagi «the Sun»ning manbasi shunday deydi: «Ayni paytda ayrim futbolchilar Ronalduga teskari bo‘lib qolgan. Ular 37 yoshli hujumchidan jahli chiqqan. Ha, MYUning ichki tizimida Ronalduni qo‘llovchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ammo aynan futbolchilar ichida ko‘pchilik Krishtianudan to‘yib ketgan. Ular bunga ortiq chidab bo‘lmaydi deb hisoblaydi».
Aslini olganda, Ronalduning o‘zi ham jamoadan ketishni istashini yashirayotgani yo‘q. U atigi 12 oydan keyin o‘ziga yangi klub izlashni boshladi. Ammo mankunianliklar rahbariyati uni sotishni inkor qilmoqda.
Manbada aytilishcha, futbolchi va klub o‘rtasida avvalboshda kelishuv bo‘lgan. Unga ko‘ra, agarda «MYU» Ronalduning ikki yillik shartnomasi davrida YECHLga yo‘l ola bilmasa, u holda futbolchini ketishiga to‘g‘anoq bo‘lmaydi. Ronalduning agenti Xorxe Mendesh «Manchester Yunayted»ning ijrochi direktori Richard Arnolddan hujumchini sotishini iltimos qilmoqda. Chunki aynan Arnold Ronalduga boshqa klubga o‘tish uchun imkon taqdim etadi. Ayni damda Portugaliya terma jamoasi a’zosi uchun, nomi ma’lum qilinmagan, ammo YECHLda qatnashuvchi da’vogar klub mavjud. Shunga qaramay, «MYU» egasi bo‘lmish Gleyzerlar oilasi vakillari Ronalduni «sotuv uchun emas»ligini ta’kidlab kelmoqda. Bu esa, o‘z navbatida Ronaldu va uning tomonidagilarni g‘azablanishiga olib keladi. Balki shu uchun u klubning mavsumoldi o‘yinlarida «shaxsiy yoki oilaviy muammolar» sabab qatnashmagandir?
Keyinchalik, Ronaldu «Rayo Valyekano»ga qarshi bir taym o‘ynab, ikkinchisida zaxiraga olingan. Bunga javob o‘laroq, CriRo stadionni o‘yin finishidan avval tark etgan. Erik ten Xag esa buni «qabul qilib bo‘lmas holat» deya ta’riflagan edi. Ronaldu keyingi bahsga 53 daqiqadan keyin qo‘shilib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qola olmadi. Bularni baridan xabaringiz bor. Eslatganimizni sababi esa oddiy: «MYU» va Ronaldu o‘rtasida qandaydir, biz bilmagan yoki ilg‘amagan ziddiyat bor. Buni yuqoridagi voqealar zanjiri ifoda etmoqda. Qolaversa, boshqa futbolchilarning undan g‘azablana boshlagani, vaziyatni yanada oydinlashtiradi. Yaqin orada katta o‘zgarishga guvoh bo‘lsak kerak. Yana kim biladi deysiz...
ISMATOV J.