Chempionshipga «qulagan» «Uotford» mavsum boshidayoq katta shov-shuv ko‘tardi.
Aniqrog‘i, jamoaning eng qimmatbaho futbolchisi Ismoila Sarr «Vest Bromvich»ga qarshi kechgan 1-tur o‘yinida maydon markazidan gol urdi, yana xuddi afsonaviy Devid Bekxem kabi. To‘g‘ri, futbolchi keyinchalik penaltini ko‘kka sovurdi va jamoasi 1:1 hisobi bilan cheklandi. Ammo bu omadsizligi uning nodir goliga soya solmaydi, baribir.
«Uotford» bosh murabbiyi Rob Edvards hayratda: «Bu chindan ham, daholikdan nishona bir lahza. Zo‘r texnika, uzoq masofadan zarba, va o‘zgacha gol. Aslida Ismoila qanday iqtidor ekanligini bilaman, ammo undan bunday zarba kutmagandim. To‘g‘ri, to‘pga harakat boshlaganida, beixtiyor o‘yladim: «Mana, vaqti keldi». To‘p uning oyog‘idan uzilgani hamono esa chiroyli gol chiqishini angladim. Ta’rifga til ojiz. Bu shunchaki, Ismoila...». Ko‘pchilik darhol yosh Devid Bekxemning 1996 yili «Uimbldon» darvozasiga urgan afsonaviy golini esladi, albatta.
Qanotda va hujumchi pozisiyasida bemalol o‘ynaydigan senegallik 24 yoshli Ismoilani oldinga undaydigan o‘ziga xos ibrat bor - Sadio Mane. Har ikkisi futbolga «Mes»da qadam tashlagan. Sarr 2019 yili «Uotford» safiga qo‘shildi, chunki klub yaxshiroq taklif tushgan zahoti qo‘yib yuborishga va’da berdi. Sarrning «Uotford» tarkibidagi eng yorqin o‘yini 2020 yilning mart oyida kuzatildi - «arilar» o‘shanda senegallik futbolchining 2ta goli va 1ta samarali uzatmasi evaziga «engilmas» «Liverpul»ni 3:0 hisobida dog‘da qoldirishgandi.
Ismoila endi «Uotford»ni tezda yana elitaga tortib chiqarishni rejalashtirmoqda. Senegallik futbolchida bunday tajriba yo‘q emas: mavsum-2020|2021 doirasidagi 39ta o‘yinda 13ta gol va 10ta samarali uzatmasi bilan «arilar»ning APLga yo‘l olishlarida katta rol bajargandi. Avvalgi mavsum esa juda ko‘p davolanishiga to‘g‘ri keldi.
Ismoila Sarr hozir «MYU» e’tiborida. Bu shunchaki, bir ajib zarba samarasi emas. «Yunayted» 2 yil oldin ham futbolchi transferi yuzasidan muzokara olib borgan, ammo yakunda summa masalasida «Uotford» bilan kelisholmagandi. Endi «MYU»da ma’lum ustunlik bor - Sarr APLda o‘ynashni xohlaydi, albatta. Lekin futbolchiga da’vogarlar ham yetarli. Maydon markazidan urilgan gol ta’sirida xaridorlar harakatni faollashtirishsa ham, ajabmas.