Kirish Ro'yxatdan o'tish
30/06 00:00 Germaniya 2-0 Daniya
30/06 05:00 Kanada 0-0 Chili
30/06 05:00 Argentina 2-0 Peru
30/06 20:00 Nasaf 3-2 Navbahor
30/06 20:00 Metallurg 1-4 Olimpik
30/06 21:00 Angliya 2-1 Slovakiya
01/07 00:00 Ispaniya 4-1 Gruziya
01/07 05:00 Yamayka 0-3 Venesuela
01/07 05:00 Meksika 0-0 Ekvador
01/07 19:30 Neftchi - Paxtakor
01/07 21:00 Fransiya - Belgiya
02/07 00:00 Portugaliya - Sloveniya
02/07 06:00 AQSh - Urugvay
02/07 06:00 Boliviya - Panama
02/07 21:00 Ruminiya - Niderlandiya
03/07 00:00 Avstriya - Turkiya

Tilo Kerer: «Vest Xem» - yaxshi jamoa va ajoyib loyiha»

Tilo Kerer: «Vest Xem» - yaxshi jamoa va ajoyib loyiha»

Baho:
+ | -

Avvalgi mavsum «PSJ» safida Fransiya chempioniga  aylangan germaniyalik himoyachi  Tilo Kerer yaqinda «Vest Xem» bilan 4 yillik shartnoma tuzdi.

Xususan, Liga 1da 3 marta chempionlik nashidasini surdi, Fransiya kubogini 2 bora boshi uzra baland ko‘tardi, yana Liga kubogini ham qo‘lga kiritdi. Tilo shuningdek, CHL finalida o‘ynadi. Xans-Diter Flik boshqaruvida qayta tiklangan Germaniya milliy jamoasida muntazam o‘ynayotgan himoyachi endi Qatar mundialida ishtirok etishdan umidvor. Joriy mavsum 4ta frontda kurash olib boradigan «Vest Xem»ning 24-raqamli yangi himoyachisi klub rasmiy saytiga bergan ilk intervyusida shular haqida to‘xtaldi. U shuning barobarida «bolg‘achilar»ga sovrinlar uchun kurashishda yordam berishga 100 foiz tayyorligini bildirib, bunda tajribasini to‘liq ishga solishini ta’kidladi.

- Tilo, Londonga xush kelibsiz! Sizni «Vest Xem»ga avvalo, nima jalb qildi?

- Shubhasiz, bu juda katta klub, APL esa dunyodagi eng yirik ligadir. Bunday jozibali chempionatda o‘ynash - orzu. Umuman, murabbiy bilan suhbatlar, muxlislar taqdim etuvchi ijobiy muhit - barchasi ajo­yib. Shunday ligada mknosib jamoa tarkibiga qo‘shilish imkoniyati yuzaga kelganida, bundan qanday ko‘z yumish va voz kechish mumkin?

- Devid Moyes klub taklifini qabul qilishingiz uchun nimalar dedi?

- Aslida uni ko‘ndirish uchun ortiqcha urinishi shart emasdi. Biz o‘zaro suhbatda «Vest Xem» loyihasi, klub, muxlislar, jamoa va murabbiyning menga juda qiziqarli sanalgan g‘oyasi, shuningdek, jamoadagi rolim haqida atroflicha gaplashdik.

- «Bolg‘achilar» safida sizga yaxshi tanish Alfons Areola bor. Ijobiy javob berishdan oldin u bilan gaplashishga imkon bo‘ldimi?

- Ha, oxirgi kunda bir-ikki marta qo‘ng‘iroqlashdik. Tabiiyki, undan klub, shahar, qolaversa, Londondagi hayot tarzi haqida so‘radim va faqat ijobiy fikrlar eshitdim. Shunday ekan, hammasi yaxshi, Alfons bilan yo‘llarimiz yana kesishganidan xursandman.

- O‘yiningizni alohida kuzatmaganlarga uslubingizni qanday ta’riflay olasiz?

- Maydonda harakatchanman, o‘ylaymanki, o‘ziga xos o‘yin uslubim ham yo‘q emas. Deylik, aniq uzatmalarga katta e’tibor qarataman, yakkakurashlarda nisbatan tajovuzkor harakatlanaman. Shuningdek, havodagi to‘p uchun kurashlarda ham chakki bo‘lmasam kerak. To‘g‘ri, baland bo‘yli himoyachilar toifasiga kirmayman, lekin ancha baland sakrash qobiliyatiga egaman. O‘rtadagi muvozanatni shu tarzda ushlashga urinaman.

- Sizni ko‘p qirrali futbolchi sifatida ta’riflashadi. Har holda, tayanch yarim himoya nuqtasida ham o‘ynagansiz, «Vest Xem»da qaysi pozisiyani egallaymiz?

- Murabbiy bilan gaplashdim va unga o‘zim uchun eng qulayi markaziy himoya ekanligini aytdim. Lekin zarurat tug‘ilsa, boshqa pozisiyalarda ham o‘ynay olaman. To‘g‘ri, asosiy joyim markaziy himoya, baribir.

- Angliya chempionatida hali o‘ynagan emassiz. APL haqida qanday fikrdasiz?

- Aytishim shart emas, APL - dunyodagi eng kuchli birinchilik. Barcha ishtirokchilar ixtiyorida saviyali futbolchilar bor. Demakki, har bir o‘yinda shiddatli jang kuzatiladi. Bu o‘sishni istaydigan futbolchi uchun ayni muddaodir. O‘zi bolaligimdan APL o‘yinlarini ko‘p kuzatganman, shunday ekan, bu liga ishtirokchisiga aylanganimdan behad xursandman.

- Xo‘sh, aynan qaysi futbolchilarni alohida maqtaysiz?

- Qaytaraman, liga ajoyib ijrochilarga to‘la, xususan, himoyachilarga ancha qiyin bo‘lishini ham bilaman. Lekin kimnidir alohida tilga olishim joiz emas. Umuman olganda, APL futbolini tomosha qilish shunchaki, rohat bag‘ishlaydi.

- Liga tashkil topganiga 30 yil bo‘ldi, miyangizga muhrlangan o‘ziga xos lahzalar bormi?

- Ha, juda ko‘p. Masalan, chempionlik masalasi bir necha marta so‘nggi turning oxirgi daqiqalaridagina hal qilingan. Lekin miyamga eng chuqur o‘rnashgani - bu stadionlarda kuzatiladigan muhit. Bu yerda muxlislar maydonga juda yaqin o‘tirishadi, ular yana aqldan ozgandek taassurot qoldirishadi. Qisqasi, muhit haqiqatan ham, juda go‘zal.

- Bolalik davrida kimlarga kumir sifatida qaragansiz?

- Asosan o‘z pozisiyamda o‘ynagan ko‘plab futbolchilarning o‘yinlarini diqat bilan kuzatardim. Misol uchun, Serxio Ramos (Kerer o‘tgan mavsum «PSJ»da u bilan birga o‘ynadi), Karles Puyol, Rio Ferdinand va Jon Terri...

- Yangi mavsumdan nimalar kutyapsiz, asosiy maqsadingizni ayta olasizmi? Deylik, qaysi marraga intilasiz? 

- Menimcha, bizda juda yaxshi jamoa va ajoyib loyiha bor. Qolaversa, murabbiy bilan allaqachon gaplashib oldim va hozirgi eng katta maqsadim - hamma bilan tanishib, jamoaga tezroq kirishib olish. Agar moslashuv jarayonida qiynalmasam, joriy mavsumdayoq jamoa bilan katta o‘sishga erishaman. Har holda, yaxshi kayfiyat, jamoaviy ruh va ishonch bor.

- Parijda ko‘plab sovrinlar yutdingiz - Liga 1da 3 marta chempion bo‘lish barobarida CHL finalida o‘ynadingiz. G‘oliblik mentalitetni «Vest Xem»ga olib kira olasizmi?

- Shubhasiz, aynan shuni xohlayman. «PSJ»dagi 4 yil menda o‘ziga xos g‘oliblik mentalitetini shakllantirgani tayin. Shunday ekan, bu yerda ham albatta, imkon qadar ko‘proq g‘alaba qozonishni istayman.

- Xans-Diter Flik Germaniya milliy jamoasi boshqaruvini qo‘lga olganidan buyon sizdan muntazam foydalanmoqda. Bu universal futbolchi ekanligingiz samarasimi yoki...?

- Flikning terma jamoada ish boshlaganiga 1 yil bo‘ldi. U ortda qolgan vaqtda jamoaga ko‘plab yangi g‘oyalar, o‘zgacha o‘yin uslubini olib kirdi, muhimi, bular menga ham juda mos keldi. Albatta, mamlakatim bosh jamoasining bir qismiga aylanganimdan faxrlanaman. Oldimizda juda katta vazifa turibdi - jahon chempionatida munosib ishtirok etib, yaxshi natija ko‘rsatishimiz shart.

- Oxirgi savol: «Vest Xem» muxlislariga aytadigan gapingiz bormi?

- Muxlislarga iliq qabul, ijobiy va yoqimli xabarlar uchun rahmat. Sizlar bilan stadionda ko‘rishish ishqida yonmoqdaman.

Tilo Kerer «4+1» shaklida rasmiylashtirilgan shart­nomaga binoan, 2026 yilgacha «Vest Hem»da o‘ynaydi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, londonliklar ushbu transfer uchun «PSJ»ga 12 million yevro to‘lashadi. 

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 22:43, 27.08.2022.
O'qildi: 1031 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.