Kazemiro dushanba kuni Valdebebasda bo‘lib o‘tgan xayrlashuv marosimidan so‘ng matbuot anjumanida qatnashib OAV vakillari savollariga javob berdi. U suhbatni shunday boshladi:
«O‘zimni juda baxtli his qilyapman - maqsadimga erishdim. 2013 yilning yanvarida «San-Paulu»ni tark etganimdan so‘ng, o‘zimga bu klubga borimni berishimni aytdim va buni baholi qudrat bajardim. Nafaqat «Bernabeu» yoki safardagi o‘yinlar paytida, balki mashg‘ulot paytida ham muntazam bor kuchimni sarfladim. Bunday mashg‘ulotlardan keyin tabiiyki, tinch uxlayman, yaxgi dam olaman. Hayotingizda katta qaror qabul qilish har doim qiyin. Chempionlar ligasi finalidan so‘ng agentim bilan gaplashdim, chunki bu yerdagi siklim yakunlanayotganini his qildim. Prezidentga, madridlik futbolchilarga va o‘zimga nisbatan juda samimiyman. Agentim menga ta’tilga chiqishimni aytdi, lekin bir oydan keyin ham bu tuyg‘u menda hamon bor edi. Agar buni missiya deb ataydigan bo‘lsak, u amalga oshirildi deya olaman. Men ushbu klub tarixiga kirdim va bu o‘zgarmaydi - amalga oshdi».
Yangi vazifa va maqsadlari haqida
- Men yangi vazifa va maqsadlarni qidiryapman. Boshqa liga va boshqa madaniyatni sinab ko‘rmoqchiman. «Madrid»da erishganlarim endi tarixga aylandi va bu o‘zgarmaydi. Endi «Manchester Yunayted»da ham o‘zimni ko‘rsatishim kerak, jamoaga yordam bermoqchiman. Yangi chaqiruvni intiqlik bilan kutyapman.
Ketish qarori haqida
- Bu qaror uzoq vaqt muhokama qilindi. Chempionlar ligasi finalidan so‘ng, mening siklim tugayotgani haqida ilk fikr xayolimdan o‘tdi. Men uchun bu juda muhim qaror. Birinchi bo‘lib siz nimani xohlasangiz, o‘sha bo‘ladi, deb aytgan turmush o‘rtog‘imga rahmat aytmoqchiman. Bu biz uchun muhim o‘zgarish edi, chunki men shu yerda ota bo‘ldim va to‘qqiz yil ishladim. Bu vaqtda oilam doimo yonimda edi. Bu haqda prezidentga aytish men va agentim uchun juda qiyin bo‘ldi. U meni qanchalik sevishini bilaman va bu abadiy xotiramda qoladi. Albatta u bilan haqqoniy bo‘lishim kerak edi va bu u bilan gaplashishning kaliti edi.
Transferning moliyaviy masalasi haqida
- Meni pul uchun ketdi deb o‘ylaydiganlar adashibdilar. Agar gap pulda bo‘lganida, to‘rt-besh yil oldin ketgan bo‘lardim. Klub menga nisbatan har doim juda mehribon bo‘lgan va bu o‘zimning qarorim. Bunday fikrda bo‘lganlar ham adashganlardir. Pul xayolimdagi oxirgi narsa edi.
Kroos va Modrich haqida
- Ularga ketayotganimni aytish prezident uchun qanchalik qiyin bo‘lgan bo‘lsa, shunchalik bo‘ldi. Toni ertalab soat to‘rtda menga xabar yozdi, ketishimni so‘radi va men unga ketayotganimni aytdim. U kasal edi, meni uyg‘otdi (kuladi). Lekin gap faqat ikkovimizda emas, chunki men barcha jamoadoshlarimga juda sodiqman. Men oldinga qadam tashlashim kerak va Angliyaning eng katta klubiga o‘tyapman. Lekin «Real» muxlisi bo‘lishda, urgan gollari va unvonlarini nishonlashda davom etaman. Bu yerdagi o‘yinchilar ajoyib - ular dunyoning eng zo‘rlari, ammo bu klub g‘alaba qozonishda davom etadi, chunki u dunyodagi eng katta klubdir.
«Real» tarixidagi o‘rni haqida
- Bunday muhim qarorni qabul qilish har doim qiyin. Ayniqsa, siz yashagan yillar, mehr-muhabbat tufayli va men bilan gaplashishni yaxshi ko‘rganingiz uchun... Siklimni tugatganimni juda aniq bilardim va o‘ylaymanki, jamoadoshlarim bilan biz tarix yarata oldik. Endi oldinda turgan yangi vazifa haqida o‘ylashim kerak.
«Manchester Yunayted» haqida
- Bu mening shaxsiyatim va qadriyatlarimdir. Menga buni onam o‘rgatgan. Bu chaqiruv men uchun qiyin va juda muhim. «Madrid»dagi yillar qo‘l keladi. Oxirgi uch kundan beri rafiqam bilan gaplashdim va unga 18 yoshli boladek gapirayotganimni aytdim, chunki men «Yunayted»da o‘ynashni juda xohlayman. Hatto bugun «Liverpul»ga qarshi («MYU» 2:1 hisobida zafar quchdi, lekin Kazemiro viza masalasi sabab o‘ynamadi) o‘ynashga-da tayyorman. Hozir asabiyman va bu futbolchiga kerak. Men o‘z tarixida barcha musobaqalarda g‘alaba qozongan o‘z an’analariga ega klubga o‘tyapman.
Ronaldu bilan yana o‘ynashi haqida
- «MYU» Chempionlar ligasida o‘ynamaydi. Ayni paytda emasu, lekin «qizil iblislar» «Real» bilan raqobatlashadigan jamoalardan biri bo‘lishi mumkin. Krishtianu bilan gaplashmadim, lekin u bilan o‘ynashni intiqlik bilan kutyapman. U futbol timsoli. Uumid qilamanki, u qoladi, chunki Krishtianu barcha davrlarning eng buyuk futbolchilaridan biri. Qolgan jamoadoshlarim bilan o‘ynashni ham intiqlik bilan kutyapman.
Qadriyatlar haqida
- Bu klubga o‘z qadriyatlarimni yetkazmoqchiman. «Real» o‘rgatgan hamma narsani «Yunayted»ga o‘tkazmoqchiman. G‘alaba qozonish mentaliteti, mehnatsevarlik, o‘yin va unvonlarda g‘alaba qozonish uchun o‘yinma-o‘yin o‘ylash kerak bo‘lgan mentalitet. Shuningdek, ko‘p narsani o‘rganmoqchiman. Masalan, Angliya ligasi ajoyib va aql bovar qilmaydigan darajada. Bu liga haqida hamma yaxshi gaplarni aytadi. 30 yoshimda ham ruhiy ham jismoniy taraflama, sog‘ligim, maydonda va undan tashqarida o‘zimga qanday g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha eng yaxshi holatdaman. Hali ham kundalik hayotdan va oilam bilan bo‘lgan vaqtdan zavqlanaman va albatta, bularning barchasini o‘zim bilan Manchesterga olib boraman.
M.PO‘LATOV tayyorladi