Italiya. «Roma» «A» seriyada qatorasiga 2-o‘yinda mag‘lublikni tan oldi. «Bo‘rilar» bu safar o‘z maydonlarida «Atalanta»ga yutqazib qo‘yishdi - 0:1.
YEL guruh bosqichi 2-turida XIK klubiga qarshi kechgan o‘yin (3:0)da Eldor Shomurodovga imkon bermagan Joze Mourinyo chempionat bahsida hamyurtimizni 79-daqiqada jangga tashladi. Tema jamoamiz sardori qolgan vaqt davomida ko‘p harakat qildi, hujumlarda faol ishtirok etdi, zarbalar ham yo‘lladi, ammo samarasiz...
Turkiya. «Fotih Qoragyumryuk» Superliga 7-turida «Istanbul» mehmoni bo‘lib, ortga 0:0 hisobi va 1 ochko bilan qaytdi. Jamoa yarim himoyachisi Otabek Shukurov bu safar ham boshlang‘ich tarkibdan joy oldi va deyarli to‘liq vaqt harakatlandi. Aniqroq ifoda etganda, 66-daqiqada sariq kartochka olgan hamyurtimiz o‘yinga qo‘shib bergan vaqtda ikkinchi marta ogohlantirildi va final hushtagi yangrashidan oldin maydonni tark etdi.
Rossiya. Ibrohimxalil Yo‘ldoshevning jamoasi - «Pari NN» RPL 10-turida «Orenburg»ni qabul qilib, kutilmaganda, 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Hamyurtimiz ushbu omadsiz uchrashuvda to‘liq qatnashdi. «Torpedo» aksincha, mavsumdagi ilk g‘alabasini tantana qildi, yana SSKA bilan o‘yinda! «Avtozavodchi» Hojimat Erkinov 1:0 hisobida rasmiylashtirilgan ushbu sensasion g‘alabaga to‘liq 90 daqiqalik faol harakati bilan munosib hissa qo‘shdi. «Ural» esa Oston O‘runovni zaxirada qoldirdi va o‘z muxlislari qarshisida «Axmat»ga bas kelolmadi - 1:2. Yekaterinburg jamoasi hafta o‘rtasida Rossiya kubogi guruh bosqichi 2-turida SSKA mehmoni bo‘lib, aynan 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergandi. O‘runov chempionat o‘yinidan farqli o‘laroq, kubok bahsida 63-daqiqadan e’tiboran maydonda harakat qildi. Hojimat Erkinov ham kubok turnirida zaxiradan maydonga tushdi va «Torpedo» safarda «Sochi»ni 3:1 hisobida yengdi.
Belarus. «Energetik-BGU» Oliy liga 22-turida amaldagi chempion va peshqadam - «Shaxtyor»dan 3 ochko tortib oldi. Soligorskda kechgan o‘yinda «talabalar» to‘purari Bobur Abduxoliqov 66 daqiqa harakatlandi, ammo bu safar maydondan golsiz chiqib ketdi. E’tiborli tomoni, uning o‘rniga «So‘g‘diyona» bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyevning o‘g‘li Amirbek Baqoyev tushdi. To‘g‘ri kichik Baqoyevning debyuti ko‘ngilsiz tugadi - 18 yoshli yarim himoyachi 90+2-daqiqada qizil kartochka oldi. «Energetik» himoyachisi Abduqodir Husanov esa maydonda to‘liq vat to‘p surdi. Asosiysi, 40-daqiqada urilgan yagona gol evaziga g‘alaba qozongan «talabalar» o‘z ochkolarini 44taga yetkazib, «Shaxtyor» (43 ochko)ni 2-o‘ringa surishdi.
BAA. «Shabab Al-Ahli» Pro-liga 3-turidan o‘rin olgan «Al-Vahda»ga qarshi o‘yinni 2:1 hisobida o‘z foydasiga hal qildi. Jamoa yarim himoyachisi Aziz G‘aniyev bu uchrashuvda to‘liq 90 daqiqa to‘p surdi.
Qozog‘iston. «Tobol» Igor Sergeev 72-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan safar o‘yini (QPL 20-turi)da «Astana»ni 2:1 ko‘rinishida dog‘da qoldirdi.
Qatar. Islom To‘xtaxo‘jayev Yulduzlar ligasi 7-turida maydonga qaytdi va «Al-Garafa»ning «Marhiya»dan 2:1 hisobida ustun kelishiga katta yordam berdi. Eslatma, hamyurtimiz 31 avgust kuni «Al-Ahli» bilan bahsda qizil kartochka olgandi. U shu tufayli orada bitta o‘yinni o‘tkazib yubordi. Italiyalik Andrea Stramachchoni boshqaruvidagi «Al-Garafa» shu g‘alabadan so‘ng ochkolari sonini 12taga yetkazib, turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi.