Ba’zi klublar mavsumni o‘zlari xohlagandek boshlashmadi. Boshqalar, aksincha, kutilganidan ham a’lo natijalar ko‘rsatyapti. Keling, ikkinchi toifani batafsil ko‘rib chiqaylik. Bugungi mavzu mavsum boshida ko‘pchilikni ajablantirayotgan klublar haqida bo‘ladi.
"Arsenal"
"Arsenal"ni mavsum boshidanoq Premyer-ligada eng yuqori o‘rin uchun kurash olib borishini ko‘pchilik kutmagandi. Ammo hozircha shunday ko‘rinyapti. “Kanonirlar” APL turnir jadvalida “Manchester Siti”dan 4 ochko oldinda bormoqda. Mikel Arteta shogirdlari milliy chempionatda 9 ta g‘alaba va atigi 1 ta mag‘lubiyatga uchragan. Agar bu "Arsenal"ning qaytishining boshlanishi bo‘lsa, unda Angliyada chempionlik uchun kurash qiziqarli bo‘ladi, ammo bu yo‘lni munosib tarzda bosib o‘tish muhim.
"Nyukasl"
"Nyukasl" Angliya Premyer-ligasining joriy mavsumdagi eng qiziqarli jamoalaridan biri. “Magpiylar” muntazam ravishda ochko to‘playapti va asta-sekin Chempionlar Ligasi zonasiga yaqinlashdi. Eddi Xou "Nyukasl"da sifatli jamoa qurmoqda, uning rahbarlari top-klublar tomonidan e’tiborga olinmoqda. Masalan, yarim himoyachi Bruno Gimarayshni "Real" bilan bog‘lashyapti. Biroq, braziliyalik hali ketish haqida o‘ylamayapti - uning hozirgi klubida ko‘p ishlari bor.
“Napoli”
"Napoli" har doim yaxshi jamoaga ega bo‘lgan, ammo hozir ular ayniqsa kuchli ko‘rinyapti. Neapolliklar mavsumning birinchi o‘yinidanoq barchani o‘z yo‘lidan “supurib” tashlashyapti. Hozircha ular milliy chempionatda ham, Chempionlar ligasida ham mag‘lubiyatsiz o‘yin ko‘rsatib, muddatidan avval 1/8 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Italiya chempionatining 9-turidan so‘ng adzurrilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Luchano Spaletti jamoasining hujumdagi kuchini alohida ta’kidlash joiz. “Napoli” A Seriyada gollar (22) va darvoza tomon zarbalar (56) bo‘yicha peshqadamlik qilmoqda. Neapolliklar har bir o‘yinda o‘rtacha 2,44 tadan gol urishdi, bu esa chempionatdagi eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi.
"Udineze"
“Udineze”ni joriy mavsum A Seriyaning kashfiyoti deb atash mumkin.“Zebralar” Italiya chempionatini mag‘lubiyat va durang bilan boshlagan, keyin esa olti o‘yindan iborat g‘alabali seriyani rasmiylashtirishgan. Qolaversa, “oq-qoralar” “Roma”ni (4:0), “Inter”ni (3:1) mag‘lub etishdi. Andrea Sottil jamoasi Chempionlar Ligasi zonasiga imkon qadar yaqin bo‘lib, A Seriya turnir jadvalida munosib ravishda 5-o‘rinni egallab turibdi.
"Atletik"
Ernesto Valverdening qaytishi bilan "Atletik" tobora qiziqarli jamoaga aylandi. Basklar Ispaniya chempionati turnir jadvalida 3-o‘rinni egallab turibdi. Bilbao klubi shu kungacha milliy chempionatda faqat bitta mag‘lubiyatga uchragan. “Qizil-oqlar” yaxshi hujum salohiyatiga ega. La Liganing 8 turida ular 17 ta gol urishdi. Faqat "Real Madrid" (22) va "Barselona" (21)da ko‘proq. Shu bilan birga, "Atletik" himoyada ishonchli o‘ynaydi. Xuddi shu vaqt ichida basklar 5 ta gol o‘tkazib yuborishdi. Faqat “Vilyarreal” (3) va “Barselona” (4)da kamroq.
"Yunion Berlin"
Ilgari “Yunion” kuchliroq raqiblardan ochko olishga qodir jamoa edi. Lekin har yili bu jamoaning o‘zi kuchayib bormoqda. Ayni paytda Berlin klubi Bundesliga turnir jadvalida 9 turdan keyin “Bavariya”dan 4 ochko oldinda bormoqda. Germaniyada chempionlik uchun yangi da’vogar bor deyishga hali erta bo‘lsa kerak. Ammo ishonch bilan aytish mumkinki, Germaniya chempionati yana-da qiziqarli o‘tmoqda. Bu "Bavariya"ning to‘liq ustunligi davrida ham muhim.
"Verder"
Bundesligadagi so‘nggi mavsumlarida "Verder" juda ko‘p qiynaldi va asosan ligada qolish uchun kurashdi. 2020/21 yilgi mavsumda "musiqachilar" shunga qaramay ikkinchi divizionga tushib qolishdi va bir yildan so‘ng ular butunlay boshqa jamoa bilan elitaga qaytishdi. Endilikda Germaniya chempionatining 9-turidan so‘ng Bremen klubi turnir jadvalida 6-o‘rinda bormoqda va Chempionlar Ligasi zonasidan atigi 1 ochko ortda qolmoqda. Ole Verner jamoasi elitada yorqin o‘yin ko‘rsatmoqda. "Verder" Bundesligada 20 ta gol urishga ulgurdi. Faqat "Bavariya"da ko‘proq gol (25) bor. Qiyin davrlardan so‘ng "Verder" yana nemis futboli elitasida o‘z o‘rnini egallash niyatida.
"Loryan"
Fransiyaning ham o‘z kutilmagan hodisalari bor. Ulardan biri “Loryan”. Hozirda shu nomdagi shahar klubi Liga 1 turnir jadvalida 2-o‘rinda, ochkolar soni bo‘yicha “PSJ”dan keyin ikkinchi o‘rinda bormoqda. “Loryan” milliy chempionatdagi g‘alabali seriyasini davom ettirmoqda. Jamoa jiddiy raqiblar ustidan ham g‘alaba qozongan, masalan, "Renn" (1:0), "Lion" (3:1) va "Lill" (2:1). “Loryan” joriy mavsumda allaqachon 21 ta gol urdi.