Kirish Ro'yxatdan o'tish
08/08 19:00 Neftchi 5-0 Qizilqum
08/08 19:30 Bunyodkor 2-3 OKMK
08/08 20:00 Nasaf 0-0 Qo‘qon-1912

Superliga. Avgust oyida o‘tkazib yubormaslik kerak bo‘lgan 5 ta uchrashuv

Superliga. Avgust oyida o‘tkazib yubormaslik kerak bo‘lgan 5 ta uchrashuv

Baho:
+ | -

Avgust oyi O‘zbekiston futboli muxlislari uchun haqiqiy futbol bayramiga aylanishi kutilmoqda. Turnir jadvalining yuqori pog‘onasidagi jamoalar o‘zaro to‘qnash keladi, tarixiy derbilar, prinsipial raqobatlar hamda chempionlik poygasiga bevosita ta’sir qiladigan bahslar futbol ishqibozlarini kutmoqda.

«Dinamo» — «Neftchi» (15-tur, 3 avgust)

2025 yilgi mavsumdagi muvaffaqiyatli ishtirokdan so‘ng «Dinamo»dan 2026 yilda ham katta natijalar kutilgandi. Biroq samarqandliklar mavsumni omadsiz boshlab, dastlabki 10 turda atigi 8 ochko jamg‘ardi.

Shunga qaramay, so‘nggi to‘rt uchrashuvda Vadim Abramov shogirdlari o‘yinlarini ancha yaxshilab, ketma-ket to‘rtta g‘alabaga erishdi.

«Neftchi» esa ikkinchi davrani qiyinchilik bilan boshladi. Farg‘onaliklar avval «Buxoro»ga qarshi og‘ir bahs o‘tkazgan bo‘lsa, keyingi turda o‘z maydonida «Navbahor» bilan durang o‘ynadi.

Futbol jamoatchiligida ayni paytda «Neftchi» o‘yinida pasayish, aksincha «Dinamo»da o‘sish kuzatilayotgani haqida fikrlar yangramoqda. Ushbu uchrashuv bu qarashlarning qay darajada to‘g‘ri ekanini ko‘rsatishi mumkin.

«Paxtakor» — «Buxoro» (17-tur, 6 avgust)

Turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda borayotgan «Paxtakor» o‘z maydonida «Buxoro»ni qabul qiladi.

Jamoalarning o‘zaro o‘yinlari tarixida ustunlik to‘liq «sherlar» tomonida. «Paxtakor» 2018 yildan buyon «Buxoro»ga mag‘lub bo‘lgani yo‘q.

Biroq bugungi vaziyat avvalgidan farq qiladi. «Buxoro» ayni paytda 23 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Aleksandr Xomyakov boshchiligidagi jamoa 12-turda amaldagi chempion «Neftchi»ga ham jiddiy qarshilik ko‘rsatgandi.

Shu bois bu safar ham mehmonlar osonlikcha taslim bo‘lishi kutilmayapti. Shuningdek, «Buxoro» muxlislari 2025 yilgi O‘zbekiston kubogi finalidagi mag‘lubiyatni hamon unutgani yo‘q va ushbu bahs revansh imkoniyatiga aylanishi mumkin.

«Andijon» — «Neftchi» (17-tur, 13 avgust)

17-turning markaziy bahsi 13 avgust kuni «Bobur Arena»da bo‘lib o‘tadi. Muxlislarni navbatdagi Vodiy derbisi kutmoqda.

Islom Ahmedov boshchiligidagi «Andijon» so‘nggi haftalarda ishonchli o‘yin namoyish etmoqda. Jamoa oxirgi olti uchrashuvda 13 ochko jamg‘arib, yetakchilarga qarshi kurashishga tayyorligini ko‘rsatdi.

«Neftchi» esa so‘nggi yillarda «Andijon»ga qarshi muvaffaqiyatli o‘ynab kelmoqda. Farg‘onaliklar raqibini ketma-ket uch uchrashuvda mag‘lub etgan va Andijondagi so‘nggi to‘rt bahsda ham yutqazmagan.

Jamoalar bu mavsum birinchi marta 10 mart kuni to‘qnash kelib, o‘shanda «Neftchi» 3:0 hisobida g‘alaba qozongandi.

«Buxoro» — «Neftchi» (18-tur, 18 avgust)

12-turda «Buxoro» Farg‘onada «Neftchi»ga qarshi juda yaxshi o‘yin ko‘rsatgandi. Aleksandr Xomyakov shogirdlari 85 daqiqa davomida hisobda oldinda borgan, ammo yakunda amaldagi chempion iroda namoyon etib, g‘alabani ilib ketgan.

So‘nggi natijalarga ko‘ra, «Buxoro» «Neftchi» uchun noqulay raqibga aylanib ulgurgan. Joriy yilda buxoroliklar O‘zbekiston kubogida ham farg‘onaliklardan ochko tortib olishga muvaffaq bo‘lgan.

Bundan tashqari, Superligada «Buxoro» o‘z maydonida o‘tkazgan so‘nggi to‘qqizta uchrashuvda «Neftchi»ga mag‘lub bo‘lmagan.

«Neftchi» — «Paxtakor» (O‘zbekiston kubogi, nimchorak final, 29 avgust)

Avgust oyining eng kutilgan bahslaridan biri 29 avgust kuni Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston kubogi nimchorak finalida «Neftchi» «Paxtakor»ni qabul qiladi.

Bu mavsum jamoalar ikki marta o‘zaro to‘qnash keldi. Superkubokda «Neftchi» g‘alaba qozongan bo‘lsa, Superligada «Paxtakor» ustun keldi.

Shu sababli ushbu uchrashuv nafaqat chorak final yo‘llanmasi, balki jamoalarning bu yilgi o‘zaro raqobatida ustunlikni qo‘lga kiritish nuqtai nazaridan ham katta ahamiyat kasb etadi.

Endi 29 avgust kuni Farg‘onada kim g‘alaba qozonishiga javob topiladi.

Manba: pfl.uz
Kiritildi: 23:41, 31.07.2026.
O'qildi: 2526 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик