Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Yanami? Mbappe nimadan norozi?

Yanami? Mbappe nimadan norozi?

Baho:
+ | -

«PSJ» prezidenti Nosir al-Helayfiyning Parij loyihasi qiyinchilik bilan amalga oshmoqda. Gap jamoaning asosiy yulduzlari bilan bog‘liq mojarolar xususida bormoqda.

Faqat mavsumni o‘ta samarali o‘tkazayotgan, amaldagi shartnoma muddatini uzaytirish yoki «Barselona»ga qaytish masalasini keyingi yilda hal etishga qaror qilgan Lionel Messi bundan mustasno. Argentinalik afsona o‘z qarorini JCH-2022 turniri nihoyasiga yetganidan keyin ma’lum qilishini aytgan.

Qolgan boshqa yulduzlar bilan murosa qilish oson bo‘lmayapti. Klubga nisbatan gina-kuduratlarini bir chetga surib qo‘ygan Neymar ajoyib o‘yinlar namoyish etib, keyin Kilian Mbappe bilan 11 metrli jarima zarbalarini amalga oshirish huquqiga da’vogarlik qila boshladi. Klub bu mojaroga o‘z vaqtida aralashib, muammoni zudlik bilan hal qildi. Lekin jamoaning g‘alabalar seriyasi uzilishi bilan yangi muammo paydo bo‘ldi. Nufuzli manbalarning xabarlariga ko‘ra, yozda fantastik shartnomaga imzo chekkan Mbappe yanvarda Parijni tark etish niyatida.

Marca vakillari hatto hujumchining e’tirofini ham e’lon qilishdi: «Biz hammamiz xatoga yo‘l qo‘ydik, birinchi navbatda - men».

Norozilik uchun bahonalar esa yetarli, garchi ularning ayrimlari asossiz va tuturiqsiz bo‘lsa ham. Eng hayratlanarli va nima uchundir Madridda tarqalgan mish-mish - Messining kiyinish xonasidagi ta’siri. Uni «Barselona»dagi daholik davriga taqqoslamoqdalar. Bularga ortiqcha ahamiyat bermasa ham bo‘laveradi.

Lekin e’tiborga arziydigan noroziliklar ham yo‘q emas. Masalan, Kilian «PSJ»ning yozgi transferdagi ishtirokidan ko‘ngli to‘lmaganligini ma’lum qilgandi. Chunki klub u xohlagan kuchli markaziy hujumchini xarid qilmadi va Neymarni sotib yubormadi. Mish-mishlarga binoan, mutasaddilar Mbappega Robert Levandovskini sotib olish va zaxira varianti sifatida Janluka Skamakkani olib kelishni va’da qilishgandi. Biroq amalda polshalik to‘purar «Barselona»ni tanladi, italiyalik «Vest Xem»ga yo‘l oldi. Parijliklar esa iqtidorli, lekin juda yosh Yugo Ekitikeni «Reyms»dan olib kelishdi.

Mazkur xaridning o‘ta g‘o‘r ekanligini «PSJ» bosh murabbiyi Kristof Galtye ham tan oldi. Mbappe bilan doimiy muloqotda bo‘lgani bois, shogirdi uchun 4-4-2 va 3-5-2 sxemalarida ham saviyali «to‘qqizlik» munosib sherik bo‘lishini murabbiy yaxshi biladi. YEML turniri doirasidagi uchrashuvdan keyin Mbappening o‘zi ham ta’kidlab, terma jamoada Olivye Jiru va Karim Benzemalar yonida samarali o‘yin ko‘rsatishini ma’lum qilgandi.

Hammasi qanchalik jiddiy?

Agar faqat futbolga oid muammolarni oladigan bo‘lsak, hujumchida isyon ko‘tarishga arziydigan jiddiy e’tirozlar yo‘q. Boz ustiga, Mbappe klubning transfer siyosatida hal qiluvchi maqomdagi Luish Kampush bilan samimiy munosabatda. Lekin L~Equipe nashrining so‘nggi axborotiga ko‘ra, hujumchining muammolari futbol doirasidan tashqarida va unga atrofidagilar xalal berayotganlari ancha xavotirli. Manba futbolchining atrofidagilarni tilga olyaptimi, demak, bu shunchaki, quruq gap emas. Bu - aynan Mbappe va Neymarga o‘xshagan o‘yinchilarga xos uslub.

Mazkur xabar zarbasiga Luish Kampush ko‘ksini qalqon qilib, «Benfika»ga qarshi bahs arafasida Canal} vakiliga shunday dedi: «Mbappe «PSJ»ni tark etish istagini menga ham, Nosir al Helayfiga ham hech qachon gapirgan emas. Bu yerda u baxtiyormi? Bu savolni uning o‘ziga berasiz. Bu jiddiy savol. Men esa uning yuksak saviyali professional maqomida ishlayotganini ko‘rib turibman. Mening Parijdan ketishim xususidagi gaplar haqiqat emas. Men hech qayoqqa ketmayman. Bu yerda baxtiyorman va 3 yillik shartnomam bor. Vazifam - shu davr ichida muhim sovrinlarni qo‘lga kiritish».

Tabiiyki, Kampush bu sov­rinlarga Mbappe bilan birgalikda erishish niyatida, hozirda hal etishi lozim bo‘lgan vazifasi esa nafaqat nav­batdagi mojaroni yechish, balki yanvarda Kilianga mos hujumchini topish. Bu esa o‘zi bir paytlar «Monako»ning yoshlar jamoasidan asosiy tarkibga o‘tkazishni tavsiya etgan futbolchini tinchlantirishdan ko‘ra qiyinroq yumush. Ayni pallada «Milan» qishda Rafael Leauni hatto 150 mln. yevro evaziga ham qo‘yib yuborishiga ishonish qiyin.

Qayerga ketishi mumkin?

Aynan Mbappe haqida fikr bildiradigan bo‘lsak, o‘zini-o‘zi hibs etgan oltin qafasdan ozod bo‘lish u uchun oson bo‘lmasligi aniq. Misol tariqasida fransiyalik kasbdoshimiz hujumchi yangi shartnomani imzolaganidan keyin uning bahosi bilan qiziqqanlar voqeasini keltirdi. Unga ko‘ra, Luish Kampush bilan anchayin murakkab munosabatda bo‘ladigan klub sport direktori Antero Enrike Kilianning bahosi 400 mln. yevro ekanligini aytgan.

Hozir ingliz manbalari gap 300-350 mln. funt ustida borayotganligini aytmoqdalar. Bunga Britaniyaning qanday daxli bor? Bu savolning javobi «PSJ» Mbappeni «Real»ga qo‘yib yubormaslikka qat’iy qaror qilganligida. Shu bois, «Liverpul» fransiyalik yulduzning yagona xaridori. Biroq «qizillar» shuncha mablag‘dan voz kechishlarini tasavvur qilish o‘ta kuchli fantaziyadan o‘zga narsa emas.

Qolaversa, bu yoqda Florentino Peres Kilianning bolalikdagi «Real»da to‘p surish orzusi ro‘yobga chiqmasligiga ishonmayapti. Madridliklar faqat bir narsani yaxshi tushunadilar: Mbappeni qishda xarid qilishning iloji yo‘q. «Real»ga yaqin manbalar taxminiga ko‘ra, «qirollik klubi» faol harakatlarni 2023 yilning yozida yoki hujumchining shartnomasi nihoyasiga yetadigan 2024 yilda boshlashi mumkin.

Ikkinchi urinish bilan bo‘lsa ham, hujumchini tekinga o‘z safiga qo‘shib olish madridliklar uchun o‘ta manfaatli variant. Chunki don Florentino «Santyago Bernabeu»da nafaqat Mbappeni, balki uning yonida Erling Xolandni ham ko‘rish ishtiyoqida.

The Athiletic ma’lumotiga ko‘ra, norvegiyalik snayperning «Manchester Siti» bilan imzolagan shartnomasida hujumchini 2024 yilning yozida Angliyadan tashqaridagi jamoa 200 mln. funt evaziga xarid qilishi belgilab qo‘yilgan. Va Erling Kilian uchun ajoyib sherik bo‘la oladigan o‘yinchi. Lekin hozir emas. Hozircha, seshanba oqshomida «PSJ»ning YECHLdagi eng yaxshi to‘purariga aylangan mergan boriga shukur qilib turishga majbur.
 
Klub mutasaddilari esa bir necha oy muqaddam loyihaning bosh ishtirokchisi sifatida e’tirof etilgan yulduz baxtiyor to‘p surishi va hech bo‘lmaganda 2025 yilgacha «Park de Prens»da qolishi uchun tegishli choralarni ko‘rishlari lozim. Agar anchayin xudbin tabiatli yulduz klub uchun o‘ta zararli shaxsga aylanib qolmasa, albatta.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:09, 27.10.2022.
O'qildi: 3629 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.