Superliga so‘nggi turiga uch kun vaqt qoldi. Ayni vaqtda chempionlik uchun uch jamoa jiddiy kurash olib bormoqda. Shundan kelib chiqib, so‘nggi tur bellashuvlariga bo‘lgan qiziqish yuqori.
Xabaringiz bor, so‘nggi turda “Paxtakor” safarda “Bunyodkor” mehmoni bo‘lishi kerak. Biroq “Bunyodkor” stadionida rekonstruksiya ishlari davom etayotgani sabab, “qaldirg‘ochlar” boshqa arenalarda uy o‘yinlarini o‘tkazishga majbur bo‘lyapti. Rejalashtirish jarayonida “Bunyodkor” so‘nggi turni “Paxtakor” stadionida o‘tkazish taklifini avvaldan kiritgandi. Bunga javoban O‘zPFL so‘nggi turdagi Toshkent derbisi musobaqa jadvaliga ta’sir ko‘rsatmaydigan holatda bo‘lsa, bellashuv “Paxtakor” stadionida o‘tishiga qarshi emasligini ma’lum qilgandi.
Biroq voqealar rivoji chempion faqatgina 26-turga kelibgina oydinlashishini taqazo etdi. Oltin medallar uchun kurashda “Paxtakor” ham bor ekanidan kelib chiqib, O‘zPFL Toshkent derbisiga “Paxtakor” arenasi mezbonlik qilishiga ruxsat bermadi. Boisi mazkur holat “paxtakorchilar” imkoniyati sun’iy oshib ketishiga olib kelishi mumkin edi.
Holatni inobatga olib, “Olimpik” va “Bunyodkor” futbol klublari so‘nggi turda maydon almashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ma’lumki, “Olimpik” futbol klubi ham o‘zining uy stadioniga ega emas va u ijara shartnomasi asosida “Jar” o‘yingohidan foydalanib keladi. “Paxtakor” futbol klubi esa o‘z arenasida so‘nggi turni yakunlash taqiqi bor ekanidan kelib chiqib, “Olimpik” jamoasiga o‘z arenasini taqdim etishga rozi bo‘ldi. Mazkur kelishuv natijasida chempionlik uchun da’vogar “Nasaf” holati yaxshi bo‘lgan yana bir arenada to‘p surish imkoniyatiga, “Bunyodkor” va “Paxtakor” esa so‘nggi turni o‘z arenasida bo‘lmasa-da, o‘z shahrida o‘tkazishga erishdi.
Bunda ikkinchi yo‘l ham bor bo‘lib, “Lokomotiv” futbol klubi so‘nggi tur uchun “Paxtakor” bilan stadion alishishi mumkin edi. Biroq “temiryo‘lchilar” uchun ham so‘nggi tur muhim ekanidan kelib chiqib, “Lokomotiv” rahbariyati bunga rozi bo‘lmadi. O‘zPFL bu holatda klubni to‘g‘ri tushunadi.
2022-yilgi mavsum stadionlar bo‘yicha talab kuchaytirilganidan xabaringiz bor. Shundan kelib chiqib, mavsum davomida 7 ta klub boshqa arenalarda o‘ynashga majbur bo‘ldi. Bu borada “Turon”, “Paxtakor”, AGMK, “Dinamo”, “Lokomotiv” kabi klublar maydon masalasida katta yordam berganini e’tirof etish kerak. Talablarning 2020-yildan boshlab bosqichma-bosqich kuchaytirilishi natijasida biz shu mavsumning o‘zida “Jar”, “Istiqlol”, “Buxoro”, “Xorazm” kabi stadionlar yangi qiyofa kasb etdi.
Stadionlar bilan bog‘liq holat, qolaversa, U23 Osiyo chempionatiga O‘zbekistonning mezbonlik qilishi kabi masalalar O‘zPFL taqvim rejalari uchun yaxshigina murakkablik keltirib chiqardi. Ishonamizki, futbol jamoatchiligi bu holatni talqin qilishda barcha masalani hisobga oladi. Chunki biz nafaqat Reglamentdagi, balki klublarning o‘zaro munosabatlarida ham teng huquqlilik prinsipidan kelib chiqishga harakat qildik", - deyiladi O‘zPFL xabarida.