Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Qulash holatidan ko‘tarilish! Hammasi Lyudmila haqida

Qulash holatidan ko‘tarilish! Hammasi Lyudmila haqida

Baho:
+ | -

«Atletiko» ayollar jamoasining braziliyalik vakili Lyudmila da Silva joriy mavsumni o‘ta shiddatli boshladi.

 Deylik, rus qizlariga xos ismli hujumchi sentyabrga belgilangan dastlabki 3ta turda 3ta gol urgan holda, Ispaniya chempionatining 9-oydagi eng yaxshi ayol futbolchisiga atalgan sovringa ega chiqdi. U shuning barobarida turnir to‘purarlari ro‘yxatida peshqadamlikni qo‘lga oldi va muayyan tanaffusdan keyin Braziliya terma jamoasi safiga qaytdi. 27 yoshli hujumchi 2017 yildan buyon «Atletiko» tizimidagi ayollar jamoasi sharafini himoya qilmoqda. Lyudmilaning joriy mavsumga qo‘yilgan asosiy maqsadi - bor iste’dodini ishga solib, Braziliya terma jamoasida o‘ynashga munosib ekanligini isbotlash va 2023 yil taqvimiga kiritilgan ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati final bosqichiga borish. Ha, u hozirdan Avstraliya va Yangi Zelandiya mezbonlik qiladigan mundialni ko‘zlamoqda.

*** 

Lyudmila da Silva ancha mashhur. Deylik, uning ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilari soni 300 ming kishidan ko‘p. Qolaversa, reklama shartnomalari ham yo‘q emas. Umuman, Lyudmila hozirda ahil yaqinlari davrasida yayramoqda, lekin oldin bunday emasdi, taqdir uni kuchli sinovlarga ham ro‘baro‘ qilgan. Xususan, Lyudmilaning bolalik yillari o‘ta murakkab sharoitda o‘tgan. Shuni inobatga olsak, hozirgi nufuzi yanada salmoqli ko‘rinadi. Har holda, Lyuda ayni payt «Atletiko» ayollar jamoasi yetakchilari qatorida. 

*** 

Lyudmila Braziliyaning San-Paulu shtatiga qarashli Guarulyus shahrida dunyoga kelgan. Biroq otasi ichkilikbozlik oqibatida barvaqt vafot etgach, onasi farzandlarini yolg‘iz tarbiyalay olmasligini tushunib, qizlaridan voz kechadi. Shu tariqa Lyuda 2 yoshli payti bolalar uyidan qo‘nim topadi. U davlat qaramog‘idagi muassasaga opasi bilan birga yo‘l olgandi. To‘g‘ri, oradan ma’lum muddat o‘tgach, qizlar ortga qaytishadi. Lekin onalari oldiga emas - ularni xolalari o‘z qaramog‘iga oladi. Shu tariqa qizaloqlar xaroba ra­yonda yashay boshlaydilar. «To‘g‘risi, o‘ta og‘ir kunlarni boshdan kechirganmiz. Deylik, biroz ulg‘ayganimizda, giyohvand moddalar va boshqa yomonliklar avj olgan muhit ichiga tushib qoldik. Aynan giyohvandlik illati ortidan eng yaqin do‘stimdan ayrimdim, keyinroq opamni ham yo‘qotdim», - deya o‘sha davrni eslaydi Lyudmila.

*** 

Xullas, opasidan ayrilib, yolg‘iz qolgan Lyudmila ruhiy tanglikka tutqunlikdan qutulish maqsadida sport bilan jiddiy shug‘ullanishga qaror qiladi. U bunda o‘zini avvaliga yengil atletika va kapoeyra mashg‘ulotlariga uradi. 15 yoshga to‘lganida esa, kutilmaganda, San-Pauluning «Yuventus» ayollar klubi skau­ti nazariga tushadi. Shu tariqa qahramonimiz yengil atletikadan voz kechib, professional futbolga yuz tutadi. Diqqatga sazovor fakt: Lyudmila yangi sport turidagi deb­yut mavsumidayoq 8ta gol urib, jamoasi bosh to‘purariga aylanadi. Bunday boshlanish samarasiz ketmaydi va Lyuda atigi 1 yildan so‘ng nisbatan kuchliroq «San-Kaetano» klubi safiga qo‘shiladi. Keyinchalik yana bir qator jamoalarda to‘p surgan hujumchi 2017 yili Madrid «Atletiko»si chorlovini qabul qiladi. «Matraschilar»ning g‘alabalari bilan nihoyasiga yetgan 2018|2019 yillar mavsumida Lyudmila 11ta gol uradi, Qirolicha kubogi turnirida esa raqiblar darvozasini 6 marta nishonga olib, eng yaxshi to‘purarga ajratilgan sovrin sohibiga aylanadi. O‘shanda Marca nashri braziliyalik hujumchini Ispaniya ayollar ligasidagi Janubiy amerikalik eng yaxshi futbolchi sifatida e’tirof etgandi.

*** 

Braziliya terma jamoasi va JCH-2023. Lyudmilada futbolga kuchli qiziqish va muhabbat televizor orqali Braziliya terma jamoasi yetakchilari - Marta va Formiga o‘yinlarini tomosha qilish asnosida paydo bo‘lgan. Da Silva aynan shu ikki yulduzni dastlabki va asosiy kumirlari sifatida tilga oladi: «Esimda, Marta bilan ilk marta  ko‘rishganimda, hayajondan gapirolmay qolgandim. To‘g‘risi, o‘sha pallada mamlakatimiz ayollar futboli afsonasi oldida shunchaki, es-hushimni yo‘qotib qo‘ygandim». Lyudmilaning o‘zi Braziliya sharafini himoya qilishni yoshlar terma jamoasida boshlagan. Epchil hujumchi tez orada nazarga tushib, milliy jamoaning sobiq bosh murabbiy Emili Limadan ham chorlov oladi. Murabbiy Lyudmila uchun ikkinchi onadek bo‘lib qolganini ham aytish joiz. Braziliyalik iqtidor sohibasi hozirga qadar 2019 yilgi jahon chempionati va Tokio Olimpiadasida ishtirok etdi. Biroq mavsum-2020|2021 «Atletiko» uchun muvaffaqiyatsiz kechishi oqibatida qahramonimiz Amerika kubogida zafar quchgan terma jamoa tarkibidan tushib qoldi. Braziliyaliklar oxirgi mundial (JCH-2019)da «pley-off» bosqichiga muammosiz chiqqan bo‘lsalarda, nimchorak finalda musobaqa mezboni - Fransiya termasiga imkoniyatni boy berishdi. O‘sha turnirda bor mahoratini namoyish etishga ulgurmagan Lyudmila endi 2023 yilgi mundialni ko‘zlamoqda. U Avs­traliya|YAngi Zelandiyada xato-nuqsonsiz, mukammal o‘yin namoyish etish asnosida zafar quchishni o‘ylamoqda: «Avvalgi mundialda muxlislarimiz bizni o‘ta faollik bilan qo‘llab-quvvatlashdi, keyin hech kim bu haqda gapirmay qo‘ydi. Aslida ayollar futboli har doim dolzarb mavzu bo‘lishi kerak. Deylik, terma jamoaning faqat JCH bilan cheklanib qolishi yaxshi emas. Umid qilamanki, kelajakda sermazmun va sermahsul o‘yinlar bilan muxlislarimizni behad quvontiramiz».

*** 

Mana, Ispaniya chempionatida sentyabr oyining tengsiz futbolchisiga aylangan Lyudmila da Silva Braziliya termasi yangi bosh murabbiyi Piya Sundxagedan taklif oldi va Italiya hamda Norvegiya jamoalariga qarshi kechgan o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdi. Oldinda esa JCH-2023ga qaratilgan orzu-umidlar... Bundan tashqari, Lyudmilada yana ko‘plab ezgu maqsadlari bor. 27 yoshli hujumchi hozirdan faoliyatini qadrdon shahri - San-Pauluda yakunlamoqchi ekanlinini yashirmayapti, lekin bunga qadar, 2024 yilgacha «Atletiko» bilan imkon boricha ko‘proq sovrin yutmoqchi. Har holda, yaqinda Madrid klubi bilan 2 mavsumga mo‘ljallangan yangi shartnoma rasmiylashtirdi.

***

Lyudmila ijtimoiy hayotda o‘ta faol. U xususan, Braziliya­dagi kambag‘al oilalar farzandlarining  sport bilan shug‘ullanishlariga sharoit yaratish masalasiga hissa qo‘shmoqda, qolaversa, ularga ilhom bag‘ishlashni xohlaydi: «Vaqtida o‘zim Martadan o‘zgacha ilhomlanib, hayotda to‘g‘ri yo‘l topishga muvaffaq bo‘lgandim. Endi bu masalada boshqalarga o‘rnak ko‘rsatishim kerak. Menda hammasi o‘xshadi. Yoshligimda uy sotib olishni hattoki, tasavvur ham qilolmasdim, endi bu real voqelikka aylandi. Demak, hammasi harakatga bog‘liq, faqat qiynalayotgan va to‘g‘ri yo‘lni topolmayotgan bolalarga ozgina turtki berish kerak». Ispaniya chempionati ayollar ligasi mavsumining katta qismi hali oldinda, lekin hozirdan u braziliyalik Lyudmilaga ataladigan ko‘rinadi.

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 17:17, 03.12.2022.
O'qildi: 1783 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.