Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Kichik shahardan baland ovoz

Kichik shahardan baland ovoz

Baho:
+ | -

Hayotimizda oddiy va ommabop tushuncha bor: shahar qanchalik katta bo‘lsa, unda sharoitlar va imkoniyatlar shunchalik yaxshi va ko‘p.

Bunga hech kimda shubha yo‘q. Axir yirik va markaziy shaharlar kuchli infratuzilma hisobiga moliyaviy tomondan baquvvat hisoblanadi. Futbol olamiga qarasak ham, ko‘plab nomdor klublar Madrid, Myunxen, Milan, London kabi megapolislardan qo‘nim topganini ko‘ramiz. Lekin shu grand klublar qatori mo‘’jazgina aholi punktlari sharafini himoya qiladigan ishtiyoqi baland «mitti» drujinalar ham topiladi. Quyidagi maqolada shunday «chaqilmas yong‘oq» jamoalar haqida so‘z boradi.

***

Fransiyaning «Oser» klubiga qo‘nimgoh nomdosh shaharchada atigi 37900 kishi istiqomat qiladi. Diqqatni tortadigan tomoni, jamoaning uy stadioni 25000 muxlisga mo‘ljallangan. Ya’ni mahalliy aholining uchdan ikki qismini bemalol o‘z bag‘riga sig‘diradi! Bir yoqda xushta’m salqin ichimliklar, Yonna daryo­sining maftunkor sohili, mazali fransuzcha kulchalar... Xullas, g‘animat bu o‘tkinchi dunyoda rohatlanib yashash uchun ideal sharoit. Mahalliy aholi esa barchasidan futbolni ko‘proq yaxshi ko‘radi, ko‘proq qadrlaydi. «Oser» esa bunday muhabbatga tomoshabop o‘yinlari va risoladagidek natijalari bilan javob qaytaradi. Aytish kerak, gap Liga1ning 1995|1996 yillar mavsumidagi g‘olibi, Fransiya kubogining 4 karra sohibi, UYEFA kubogi yarim finalchisi haqida ketmoqda. Kichik shaharchaning kamtarin jamoasi uchun havas qilsa arziydigan natijalar. Muvaffaqiyatning kattagina qismi taniqli murabbiy Gi Ru bilan bog‘liq. Bu inson «Oser»ni muvaffaqiyatli boshqarish barobarida biznes yo‘nalishi, adabiyot va jurnalistika sohasida ham samarali faoliyat yuritgan.

***

Oserdan chamasi 200 nafar ko‘proq fuqaroga ega Monako knyazligida ham o‘ziga xos ajoyib klub bor. «Monako» - Fransiyaning 8 karra chempioni! Knyazliklar mavsum-2003|2004da CHL finaliga chiqqan va faqat Joze Mourinyo shakl­lantirgan «Portu»ga imkoniyatni boy berishgandi. To‘g‘ri, insof yuzasidan alohida ta’kidlash lozim, «Monako» kichik shahar vakili sanalsada, bitta knyazlikka tegishli. Xususan, jamoaning moddiy holati yomon emas, har doim yuksak saviyali futbolchilarni sotib olish uchun keng imkoniyatlarga ega.

***

Fransiya futboli shunday mitti shaharchalarning taniqli jamoalari bilan ham dong taratgan. Bor-yo‘g‘i 31600 aholiga ega Lans sharafini himoya qiluvchi «Lans» oxirgi marta mavsum-1997|1998da chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgandi. Hozir esa lansliklar Liga 1 turnir jadvalining 2-pog‘onasida borishmoqda. Umuman, o‘tgan asrning 90-yillari Fransiya futboli kichik aholi punktlaridan baland ovoz chiqargan chempionlari bilan tarixdan joy oldi. Jumladan, «Lans» o‘zining 122 yillik tarixida 2 marta Intertoto kubogini yutishdan tashqari, Fransiya kubok turnirlarida 4 bora zafar quchgan. Jamoaning yana bir e’tiborli jihati shundaki, u 38000 muxlisga mo‘ljallangan stadionda to‘p suradi. Odatda arenadagi ortiqcha o‘rindiqlarni yaqin shaharlardan tashrif buyurgan muxlislar to‘ldirishadi.

***

Fransiya klublari o‘z yo‘liga, ushbu maqola bosh qahramonligiga da’vogarlar Angliya va Germaniyada! Asosan Chempionshipda o‘ynashga odatlangan «Brentford» mavsum-2020|2021da turnir jadvalining 3-pog‘onasidan joy olib, APLga chiqish uchun «pley-off» bosqichida o‘ynadi va elitaga ko‘tarildi. «Notanish» klub qandaydir karomat ko‘rsatmagan bo‘lsada, uning 17000 muxlisga mo‘ljallangan stadionida doimiy anshlag kuzatildi. Vaholanki, Brentford shaharchasida atigi 27000 kishi istiqomat qiladi. Endi esa «Brentford» APL turnir jadvalining qoq o‘rtasida turibdi - mo‘’jaz shaharcha klubi uchun katta natija!

***

Reyting g‘olibi sifatida Xoffenxaym qishlog‘i jamoasini e’tirof etish kerak. Ushbu mitta aholi turar-maskanida bor-yo‘g‘i 3300 kishi yashaydi. To‘g‘ri, «Xoffenxaym» 35000 ming aholiga ega Zinsxaym shahri tasarrufida. «Qishloqi» laqabi bilan Bundesligada to‘p surayotgan jamoa mavsum-2017|2018da 3-o‘rinni egallab, bronza medali sohibiga aylangandi. «Bavariya» va «Borussiya» D. kabi grandlari bor Germaniya futbolida mitti klubning «bronza»si oltin maqomida baholangani o‘z-o‘zidan tushunarli. «Xoffenxaym» raqiblarini «Virzol-Reyn-Nekkar» arenasida qabul qiladi. Ushbu stadion 30000 muxlisga mo‘ljallangan, ammo o‘rinlardan 9200tasi o‘yinni tik turgan holatda kuzatishga mo‘ljallangan. Ikkinchi tomondan, katta jamoalardan hayiqmayotgan mitti jamoaning maftunkor o‘yiniyu, ijobiy natijalarini bevosita kuzatish uchun chamasi ikki soat oyoqda turish - hech narsa emas!

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 18:30, 10.12.2022.
O'qildi: 2044 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.