Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Yubiley arafasidagi inqilob

Yubiley arafasidagi inqilob

Baho:
+ | -

Turinning «Yuventus» klubi - Italiyaning eng mashhur va sovrindor jamoasi.

Bahorda ana shu klubning Anyellilar oilasi tasarrufiga o‘tganiga 100 yil bo‘ladi. Yaqinda sobiq prezidentga aylangan Andrea Anyelli bir asrlik yubileyni klub sohibi maqomida nishonlashni orzu qilardi. Endi orzu orzuligicha qoladi.

Andrea Anyelli va Pavel Nedvedlar rahbarligidagi direktorlar kengashining o‘z-o‘zidan parchalangani haqidagi xabar Italiya OAV uchun portlashdek ta’sir etdi. Bunday voqea 2006 yildan beri kuzatilmagandi. Lekin voqealar rivojidan Anyellining o‘z lavozimidan ketishi yaqindek tuyulgandi. U bilan kengashning to‘liq tarkibi iste’foga chiqqani - boshqa masala. Darvoqe, kengash 10 kishidan iborat, 3 nafari ayollar edi. Anyelli, Nedved va omadsiz top-menejer Maurisio Arrivabenedan tashqari, qolgan a’zolardan hech gap chiqmaydi, ularga hech kim qayg‘urmaydi. Klub doirasidagi yagona ahamiyatli shaxs - Andrea Anyelli.

Anyelli iste’fosining aniqligi - kalchopoli davrida klub shunga o‘xshash vaziyatga tushib qolgandi

Andrea Anyelli - 12 yil ichida 19ta zafarga erishgan klub tarixidagi eng sermahsul prezident. Ular orasidagi qatorasiga qo‘lga kiritilgan 9ta skudetto - Italiya futbolidagi absolyut rekord. Aynan Andrea davrida klub o‘z stadioni va yangi bazasiga ega bo‘ldi. Lekin bunda sobiq prezidentning shaxsi ulushi milliarder Anyellilar sulolasining boshqa a’zolari hissasidan kam. Ular orasida Andreadan ziyoliroq kishilar ko‘p. Jumladan, oilaviy piramida rahbari Jon Elkan. «Yuventus» - piramidaning bir qismi, xolos.

Direktorlar kengashidagi avvalgi iste’fo 2006 yilda yuz bergan, jamoa «V» seriyasiga tushirib yuborilganida, Anyellilar tizimda tozalov o‘tkazishgan, «zararkunanda uchlik» - Jiraudo-Bettega-Modjidan voz kechgandi. Mashhur kalchopoli. Aynan o‘sha yilda Italiya terma jamoasi «Yuventus»ning ber necha o‘yinchilari ko‘magida 4-Jahon Kubogini qo‘lga kiritgan, bu yoqda esa «Yuve»ni bir necha sovrinlarini bekor qilib, o‘zini quyi ligaga o‘tkazishgandi. O‘sha mashhur mojaro mahalliy va xorijiy OAVda Turin klubining nafaqat hakamlar, balki bir qator klublarga ham zo‘ravonlik qilgani sifatida baholangandi. Shuningdek, bosh direktor Luchano Modji «A» seriyasiga hukmron bo‘lib, «Avliyo ota» rolini o‘ynaganiga berilgan jazo edi.

Biroq ishonchli manbalardan olingan, lekin hech qachon oshkor etilmaydigan ma’lumotlar ham yo‘q emas: Anyelli sulolasi klub jilovini qo‘ldan chiqardi, kengashga suqilib olgan Antonio Jiraudo ulkan vakolatlarga ega bo‘ldi, klub tizginini qaytarib olish zarur edi.

Bu ish o‘ta qattiqqo‘llik bilan amalga oshirildi. Quyi ligaga tushib ketish «Yuve» tarixidagi eng xunuk omadsizlik bo‘ldi. Lekin jamoa atigi bir mavsumni «V» seriyasida o‘tkazdi.

2006 yilda andishasiz top-menejerlar, qimmatbaho Fabio Kapello va katta maoshga o‘rganib qolgan bir qator o‘yinchilar klubni tark etishdi. Lekin Buffon, Del Pyero, Trezege, Nedved va Kamoranezi kabi sadoqatli futbolchilar klubning qayta tug‘ilishiga ulkan hissa qo‘shdilar. Yangi stadion va mashg‘ulot bazasi uchun ham mablag‘ topildi. Jamoa qatorasiga 9 mavsum «A» seriyasi g‘olibi bo‘ldi, Anyelli sulolasi esa, 2006 yilda yo‘qotilgan nufuzini tiklab oldi.

Hozir klubdagi ichki vaziyatda qandaydir o‘xshashlik bor. Andrea o‘z lavozimida zerikib qolgandek, sadoqatli yordamchisi Pavel Nedved keng vakolatga ega bo‘lgach, top-menejer rolida bosar-tusarini bilmay qoldi.

Qonunga oid muammolar va Ronaldu transferi masalasi

Hozirda gap faqat «Yuve» byudjetida yuzaga kelgan ulkan tirqishda emas, Turin prokuraturasi klubdagi moliyaviy nayranglar xususida jinoiy ish qo‘zg‘agan. Gap hisob-kitob, ish haqi to‘lovi, soliqlar va boshqa oldi-berdilar haqida bormoqda. Jumladan, Ronalduning o‘tish tarixi ham bor.

Tabiiyki, Anyellining Superligani tashkil etish yo‘lidagi muvaffaqiyatsizligi ham izsiz ketmadi: uning UYEFA prezidentiga xoinligi, kalcho oqibatlari uchun Italiya FF javob berishiga to‘g‘ri keldi. Bundan tashqari, vise-prezident maqomidagi Pavel Nedvedning so‘nggi paytlardagi yurish-turishidan Anyelli sulolasidagilarga yoqmay qolgandi. Chexiyalik afsona «Yuventus» nufuziga putur yetkaza boshlagandi. Va albatta, jamoaning oxirgi ikki mavsumdagi qoniqarsiz natijalari barchaning sabr kosasini to‘ldirib yubordi. Jumladan, Ronaldu transferi va ish haqi uchun sarflangan mablag‘lar o‘z samarasini bermadi, jamoa uzoq kutilgan YECHL Kubogini qo‘lga kirita olmadi. Xullas, sulola Andreani o‘z lavozimidan ketishga majbur etish ustida puxta reja asosida ish olib bordi.

E’tiborli jihati shundaki, Andreaning iste’fosi Anyelli sulolasining avlodlari o‘rtasidagi sudlashuvlar avjiga chiqqan davrda yuz berdi. Qarindoshlar «bobo»laridan qolgan milliardli merosni qaytadan bo‘lib olishga urinmoqdalar. Bu esa yaqin kelajakda «Yuventus»ning holatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin. Shu bois, Andrea Anyelli o‘zidan ko‘ra zehnliroq qarindoshlari uchun qulay nishonga aylandi. Italiyada futbol doimo barchaning diqqat markazida bo‘lgan, «Yuventus»esa , ikki baravar ko‘proq e’tibordagi klub.

Bu yog‘iga nima bo‘ladi? «Yuve»ga ayol rahbar kelishi mumkin

Anyelli sulolasi ichki munosabatlarga oydinlik kiritish bilan bo‘lishadi, yangi kengash esa yangi yil bahorida ma’lum bo‘ladi - matbuot va jamoatchilikda turli nomzodlar zikr etilmoqda. Anyelli sulolasiga yaxshi tanish va doimiy aloqa o‘rnatgan Evelina Kristilin ularning biri. U FIFA top-menejeri va Janni Infantino bilan yaxshi munosabatda.

«Yuventus» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri hozircha o‘z vazifasini ado etmoqda. Shuningdek, sport direktori Marko Kerubini ham. Qishki tanaffusdan keyin Pol Pogba va Federiko Kyezalar tarkibga qaytadilar, jamoaning yetakchi kvartetdan joy olish imkoniyati ortadi.

Moliyaviy muammolarga avvalgi rahbariyat javob qaytarishiga to‘g‘ri keladi, byudjetdagi kamomadni Anyelli sulolasi istagan paytida bartaraf etishi mumkin. To‘g‘ri, qishki transfer darchasida jamoa sezilarli xaridlarga qo‘l urmasligi mumkin. Biroq hozirgi tarkib bilan ham YECHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga qurbi yetadi.

Qisqasi, «Yuventus» hayoti davom etmoqda, bir qator shubhali ishlarni amalga oshirgan va oyoqlari yerdan uzilib qolganini sezmagan (yoki sezishni istamagan) Andrea Anyelli va Pavel Nedvedning ketganiga achinish kerak emas. Ularning yo‘qligi «Yuve»ning foydasiga ishlaydi va unga zudlik bilan o‘zini tiklab olish imkoniyatini beradi. Yangi rahbariyat bu imkoniyatdan qay darajada foydalangani 2023 yilda ma’lum bo‘ladi.

A.AHMEDOV tayyorladi.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:30, 23.12.2022.
O'qildi: 1246 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.