Seshanba kuni Karim Benzema Fransiya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashini e’lon qildi, biroq buni bir oy oldin hech kim bashorat qila olmasdi. Benzema «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritdi va Didye Desham bilan Qatarga yo‘l oldi, biroq jahon chempionati boshlanishidan oldin jarohat olib, tarkibdan chiqib ketdi.
Karim final uchun Emanuel Makrondan bu borada taklif oldi, ammo bunga birdaniga rad javobini berdi. Shundan so‘ng Benzema va Desham o‘rtasidagi yomon munosabatlar haqidagi xabarlar darhol tarmoqqa singib ketdi va payshanba kuni CNN va New York Times jurnalisti Roman Molina buni o‘z akkauntida tasdiqladi.
Asosiy fikrlar quyidagilar edi. Mana o‘zi nima sodir bo‘lgan:
• «Desham Benzemani Yevro-2016ga chaqirishga va’da berdi, biroq keyinroq va’dasini buzdi».
• «Benzema va Mbappe Fransiya terma jamoasidagi do‘stligidan foydalanishdi. Ular o‘z ta’siridan foydalanib, o‘zlari xohlagan futbolchini qaydnomaga kiritdilar».
• «Benzema ishi sport yoki xulq-atvor muammosi emas, balki ba’zi odamlarning xudbinligi va ikkiyuzlamachiligi mevasidir. Desham uni qaytarishni istamadi, balki OAV tomonidan majbur etildi».
• «Benzemaga qarshi tajovuzkor harakatlar anchadan beri davom etmoqda va bu ataylab qilinmoqda, buni Fransiya futbol federasiyasi amalga oshirmoqda. Ushbu reaksiyalar shunchalik bema’niki, hatto boshqa o‘yinchilardan Benzemaning ijtimoiy tarmoqdagi postlariga layk bosmaslikni so‘rashgan».
• «Federasiya Tchuamenidan g‘azablandi, chunki u Benzemani omma oldida qo‘llab-quvvatlagan emish».
Hujumchi Qatarni tark etib, dastlab Hind okeanidagi Reyunion oroliga yo‘l oldi va u yerda bir necha kun dam oldi va tuzalib ketdi. Dekabr oyi boshida u Madridga uchib ketdi. Benzema 10 dekabr kuni «Real Madrid» bazasida individual mashg‘ulotlarni boshladi - bu sanaga kelib, fransiyalik futbolchi o‘tkazib yuborishi kerak bo‘lgan uch hafta deyarli yakuniga yetgandi. O‘shangacha hech bir manba Karimning jarohatdan to‘liq forig‘ bo‘lgani haqida xabar bergani yo‘q edi, ammo jarohatdan keyin 3 hafta o‘tdi. Chorshanba kuni Mundo Deportivo nashri «Real Madrid» hujumchiga Fransiya terma jamoasi joylashgan bazaga qaytishga ruxsat berganini aytdi.