Krishtianu Ronalduning "An-Nasr"ga o‘tishi bilan Jorje Mendesh emas, balki Rikardo Regufe shug‘ullangan. Ronalduning do‘sti va shaxsiy menejerining ismi tobora tez-tez yangray boshladi. Marca nashri futbolchining transferi uchun uni komissiya sifatida 30 million yevro olganini yozgan.
Regufe haqida nimalar ma’lum?
Ular 20 yil oldin uchrashishgan. O‘shanda Ronaldu 16 yoshda, Regufe esa 21 yoshda edi. 2000 yilda Regufe Nike kompaniyasiga ishga joylashdi va Portugaliya terma jamoasi futbolchilari bilan fotosessiya uyushtirdi. Agar ularga Nike butsalari kerak bo‘lsa, ularni Regufedan olishgan. Uning o‘zi ham futbolchi bo‘lishga harakat qilgan, lekin keyinchalik uning hayotini belgilab bergan marketingni o‘rganishga e’tibor qaratgan.
Ronalduga Regufening ishi yoqdi - shuning uchun u boshqa tijorat tadbirlarida futbolchiga hamrohlik qila boshladi. Ularning aloqasi tufayli Nike Ronaldu bilan osonlikcha shartnoma imzoladi. Regufe ijtimoiy tarmoqlarda "atigi ikki yil ichida barcha davrlarning eng yaxshi futbolchisi bilan shartnoma imzolaganini" aytib o‘tdi.
Regufe Nike kompaniyasida 18 yil ishladi va 2018 yilda Ronalduning shaxsiy menejeriga aylandi.
Jorje Mendesh Ronaldu hayotining sport qismi uchun mas’ul edi, boshqa faoliyat uchun boshqa turdagi aqlli menejer kerak edi - bu yerda brendlarni ishlab chiqish, homiylik shartnomalari va OAV bilan ishlash. Buning uchun Regufe javobgardir.
Daily Mail manbasining ta’kidlashicha, Regufe mas’uliyatli va qiyin ish bo‘lsa-da, u bunga katta ishtiyoq bilan yondashadi. Bundan tashqari, u va Ronaldu eng yaxshi do‘stlar va ularning munosabatlari yillar davomida mustahkamlanib bordi.
Asta-sekin, Regufe o‘z ta’sirini kengaytirib, sport masalalarini o‘rganib chiqdi. U "Manchester Yunayted" bilan Ronaldu shartnomani bekor qilish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etgan va "An-Nasr" bilan kelishuvni amalga oshirgan.
Regufe juda yaxshi menejer, bu haqda The Athletic nashriga shaxsan u bilan birga ishlagan manba aytgan. "Liverpul" sport direktori Julian Uord o‘n yil oldin Regufening ish darajasini qayd etgan edi: "Sportda elita darajasida ishlaydigan murabbiylar va futbolchilar bilan mustahkam aloqalar o‘rnatgan aqlli mutaxassis".
Uning faoliyati samaradorligi “Manchester Yunayted”da ham qayd etildi. Regufe bosh direktor Richard Arnolddan tortib aloqa xodimlarigacha bo‘lgan barcha darajadagi odamlar bilan muloqotda bo‘lgan va uning diplomatik mahorati yuqori baholangan. Agar Ronaldu futboldan tashqari har qanday aksiyada ishtirok etsa, buni Regufe uyushtirgan.
Regufe Portugaliya bilan yirik turnirlarga boradi. Ronalduni Yevro-2016 chempionligidan so‘ng birinchi bo‘lib u tabriklagan edi.
Chempionlar ligasi finalida g‘alaba qozongan paytlarda ham Regufe maydonga tushib, do‘stini tabrilagan holatlar ko‘p bo‘lgan.
Qatarda bo‘lib o‘tgan 2022 yilgi jahon chempionatida ham jamoa bilan bo‘lgan. Record ma’lumotlariga ko‘ra, barcha o‘yinchilar bundan mamnun emas edi: u xodim emas edi, lekin u faqat o‘yinchilar uchun mo‘ljallangan joylarga tashrif buyurdi va ular u yerda nima uchun kerakligini tushunishmadi va uning ta’sirini haddan tashqari, deb hisoblashdi.
Boshqa tomondan, The Athletic manbalari terma jamoadagi vaziyatni sharhlar ekan, Regufeni yaxshi yigit, deb bilishini va uni ko‘pchilik futbolchilar bilishini aytishmoqda. Demak, terma jamoada Regufega nisbatan salbiy munosabat ishonchli fakt emas.